G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti

Jahon 14:01 3053

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

AQShning BMTdagi vetosi

Amerika Qo‘shma shtatlari BMT Xavfsizlik Kengashida to‘rtinchi bor muhokama etilgan G‘azoda o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish, mahbuslarni ozod qilish va ocharchilikning oldini olish to‘g‘risidagi rezolyutsiya loyihasiga yana veto qo‘ydi.

15 davlat a’zo bo‘lgan Xavfsizlik Kengashiga rezolyutsiya loyihasi 10 ta saylangan davlat — Jazoir, Ekvador, Gayana, Malta, Mozambik, Janubiy Koreya, Siyerra Leone, Sloveniya va Shveytsariya tomonidan tayyorlab kiritilgan.

Har doimgidek, AQSh rezolyutsiya loyihasiga veto qo‘ygan. Qolgan 14 davlat rezolyutsiyani ma’qullab ovoz bergan.

Xavfsizlik kengashi a’zosi bo‘lgan ayrim davlatlar AQShning vetosiga munosabat bildirgan.

Xitoyning BMTdagi doimiy vakili Fu Kong ovoz berish natijalaridan hafsalasi pir bo‘lganini ma’lum qildi. Fu Kong BMT Xavfsizlik kengashining 10 ta saylangan a’zosi rezolyutsiya loyihasini katta samimiylik va konstruktivlik bilan tuzganini qayd etib, «AQShning vetosi G‘azo ahlining tirik qolishga bo‘lgan umidlarini chilparchin qilib, ularni yanada zulmatga uloqtirdi», degan.

Erdo‘g‘an Baydenning izni haqida

Turkiya AQSh tomonidan Ukrainaga taktik raketa komplekslaridan Rossiya hududi ichkarisiga zarbalar berishga ruxsatni ma’qullamaydi va buni noto‘g‘ri deb hisoblaydi, degan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an.

Bizningcha, Ukraina-Rossiya urushi ko‘p kurol-yarog‘lar, ko‘p qon to‘kilishi, ko‘p ko‘zyoshlar emas, ko‘proq tinchlikka harakat, ko‘proq istak va ko‘proq diplomatiya bilan tugashi kerak, deb hisoblaymiz.

Endi janob Bayden tomonidan tashlangan ushbu qadam urushni yanada yoyish, uni hech qachon tugatmaslik, deya talqin qilinishi mumkin.

Turkiya prezidentiga ko‘ra, Baydenning ruxsati mojaroning yanada avj olishidan tashqari, Rossiyaning katta reaksiyasini keltirib chiqaradi.

«Janob Putin ballistik raketalar bilan hujum qilinganida o‘z mamlakatiga yadroviy javob qilishga ruxsat beruvchi doktrinani imzoladi. Bularning barchasi mintaqani yangi katta urush bo‘sag‘asiga keltirib qo‘yadi. «Mendan keyin nima bo‘lsa bo‘lsin» degan yondashuv bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi.

Turkiya Ukraina va Rossiya tomoni tinchlikka diqqatni qaratib, xotijamlikni saqlab, turli fitnalarga uchmasligi kerak, deb hisoblaydi.

«Bu katta xato zamirida yo‘l qo‘yilgan kichik bir xato provokatsiya va porox bochkasini yoqish singari bo‘ladi. Shuning uchun barchaga ehtiyotkor bo‘lishni maslahat beraman», — degan Erdo‘g‘an.

Storm Shadowʼlar ishga tushdi

Ukraina qurolli kuchlari Rossiya hududining ichkarisiga zarba berishda ilk marta Britaniyaning «Storm Shadow» qanotli raketalaridan foydalandi.

Bu haqda Britaniya ommaviy axborot vositalari xabar bermoqda. Ukraina qurolli kuchlariga tegishli media pabliklar Rossiyaning Kursk oblastidagi qo‘mondonlik punktiga ushbu raketalar bilan zarba berilgani tasvirlarini tarqatmoqda.

Britaniya OAVlari xabariga ko‘ra, Rossiyaning Kursk oblasti Marino qishlog‘i aholisi ingliz-fransuzlar tomonidan ishlab chiqarilgan «Storm Shadow» raketalarining qismlariga duch kelishgan.

Biroq hozircha Buyuk Britaniya va Rossiya tomoni raketalardan ushbu hududda foydalanilgani borasida rasmiy bayonotlar bermagan.

Shunisi ma’lumki, «Storm Shadow» qanotli raketalarining uchish masofasi 250 km ni tashkil etadi.

Ukrainaga yordam

AQSh Ukrainaga 275 mln dollarlik qurol-yarog‘lar bilan yordam beradi. AQSh ma’muriyati Ukrainaga qo‘shimcha yordam xavfsizlik va mudofaa sohasidagi ularning kritik ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun berilayotganini e’lon qildi.

Bu borada AQSh Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Patrik Reyder yozma bayonot bilan chiqish qilgan.

Bayonotga ko‘ra, prezident vakolati paketidan Ukrainaga eng muhim ehtiyojlarni qanoatlantirish uchun 275 mln dollarlik raketa tizimlari, artilleriya o‘q-dorilari va tanklarga qarshi qurollar taqdim etiladi.

Qayd etib o‘tish kerakki, harbiy yordam orasida 155 va 105 millimetrli artilleriya o‘q-dorilari, minomyot snaryadlari, pilotsiz parvoz qurilmalari, TOW raketalari va tanklarga qarshi qurollar, shuningdek, kimyoviy, biologik, radiologik hamda yadroviy himoya vositalari o‘rin olgan.

Kreml: Putin muzokaraga tayyor

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, «Prezident Putin bir necha bor, aniqrog‘i doimo aloqalar va muzokaralarga tayyorligini ta’kidlab kelmoqda».

Peskov Reuters agentligining Ukraina mavzusi bo‘yicha Putin AQShning yangi prezidenti Donald Tramp bilan ehtimolli aloqalari to‘g‘risidagi maqolasiga shunday munosabat bildirgan.

Bu holatda Peskov Rossiya uchun “maxsus harbiy amaliyot”da o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishish muhimligi, mojaroning muzlatilishidan Rossiya manfaatdor emasligini ta’kidlagan.

Peskov shuningdek, The Washington Post nashrining go‘yoki Jo Bayden Ukrainaga piyodalarga qarshi minalar yetkazishga ruxsat bergani to‘g‘risidagi xabarlarga ham izoh berdi.

«Bu haqiqatga qanchalik to‘g‘ri kelishini aytish qiyin. Biroq AQShning ketayotgan ma’muriyati namoyish etayotgan tendensiyadan kelib chiqsak, ular urushning davom etishidan manfaatdor va o‘zlarining qolgan vaqtlarida qo‘llaridan nimaiki kelsa shuni qilishadi», — degan Peskov.

«Hududimizga raketalar bilan zarba berishga ruxsatni olib qarang, ehtimol, piyodalarga qarshi minalar bilan ham shunday bo‘lishi mumkin», degan u.

Kreml matbuot kotibi Ukraina BMTning piyodalarga qarshi minalar to‘g‘risidagi konvensiyasini imzolaganini eslatib o‘tdi.

«Qiziq holat. Bu konvensiyani na AQSh, na Rossiya imzolagan. Biz imzolagan tomon emasmiz. Biroq Ukraina uni imzolagan», — degan Peskov.

Bryansk oblastiga ATACMS raketalari bilan berilgan zarbalardan so‘ng Putinning grafigi to‘g‘risida gapirar ekan, Peskov u o‘zgarmaganini ta’kidlagan.

«Prezident, oliy bosh qo‘mondon kuniga ko‘plab soatni maxsus harbiy amaliyot o‘tkazilishi mavzusiga bag‘ishlaydi», — degan Peskov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti yig‘ilishlar va yakka uchrashuvlar o‘tkazadi, dokladlarni qabul qiladi va bularning barchasi uning kun tartibining ajralmas qismi hisoblanadi.

Biroq ayrim ommaviy axborot vositalarining xabariga ko‘ra, Putin «Valday» forumida chiqish qilganidan so‘ng, kamida 10 kundan beri o‘z ish o‘rnida emas, balki rejali davolanishda. Ular Rossiya davlat televideniyesida Putinning bir yarim-ikki oy avvalgi hududlarning rahbarlari bilan uchrashuvlari yozib olingan holda namoyish etilayotganiga e’tibor qaratishgan. Hattoki Sholsning Putinga qo‘ng‘irog‘i ham aslida uning kasal yoki ish o‘rnida ekanini aniqlash uchun qilingani, to‘g‘risidagi taxminlar o‘rtaga tashlangan.

Piterda patent 30 foizga oshadi

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Ozarboyjon, O‘zbekiston, Tojikiston va Moldova fuqarolari olishi kerak bo‘lgan mehnat patentining narxi 30 foizga oshirilmoqda.

Shahar parlamenti migrantlar uchun mehnat patenti narxini hisoblashda qo‘llanadigan koeffitsiyentni oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi.

Endi Ozarboyjon, O‘zbekiston, Tojikiston va Moldova fuqarolari olishi kerak bo‘lgan mehnat patentining narxi 30 foizga oshib, 6 ming rublga yetishi mumkin. Hozir patent uchun 4,6 ming rubl to‘lash kerak.

Migrantlar uchun mehnat patentining narxi uchta parametrni qo‘llagan holda hisoblanadi: qat’iy belgilangan avans to‘lovi miqdori (1200 rubl), Iqtisodiy rivojlanish vazirligi tomonidan belgilanadigan deflyator koeffitsiyenti (2024 yilda 2,4) va mintaqalarning har biri mustaqil ravishda belgilaydigan koeffitsiyent.

Sankt-Peterburg ma’muriyati mintaqaviy koeffitsiyentni 1,93 miqdorida belgilashni taklif qilmoqda. Bu Sankt-Peterburg hududida mehnat patentining oylik qiymati 6 ming rubl bo‘lishini ta’minlaydi. Unga ko‘ra, patent uchun xuddi shunday narx Leningrad oblastida ham o‘rnatiladi.

Tashabbus deyarli bir ovozdan qabul qilingan: 46 deputat uni yoqlagan, ikki nafari qarshi ovoz bergan. Qonun qachondan kuchga kirishi haqida xabarda ma’lumot berilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: