2025 yilda konsolidatsiyalashgan budjet 49,3 trln so‘m (YaIMga nisbatan 3 foiz), 2026-2027 yillardagi mo‘ljallarda mos ravishda 55,5 trln so‘m (YaIMga nisbatan 3 foiz) va 64,1 trln so‘m (YaIMga nisbatan 3 foiz) taqchillik bilan prognoz qilinyapti. Bu haqda «Fuqarolar uchun budjet» nashrining keyingi yil uchun ishlab chiqilgan loyihasida keltirib o‘tilgan.
Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini (49,3 trln so‘m) qoplash va 46,1 trln so‘m miqdoridagi asosiy qarzni so‘ndirish uchun quyidagi manbalardan foydalanish ko‘zda tutilgan:
Tashqi:
- xalqaro moliya institutlarining kreditlari va yevrobondlar chiqarish – 38,3 trln so‘m;
- davlat maqsadli dasturlarini amalga oshirish uchun qarzlar – 18,8 trln so‘m.
Ichki:
- davlat g‘aznachilik obligatsiyalarini chiqarish – 25,2 trln so‘m;
- davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushumlar – 10 trln so‘m;
- avvalgi yillarda berilgan budjet ssudalarining qaytishi – 3,1 trln so‘m.
Avvalroq, O‘zbekiston 2025 yilda 5,5 mlrd dollar tashqi qarz jalb qilmoqchi ekani xabar qilingandi. Ushbu mablag‘ning 3 mlrd dollari davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga, 2,5 mlrd dollari esa investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Keyingi yilda O‘zbekiston nomidan 30 trln so‘mlik davlat qimmatli qog‘ozlari chiqarilishi ham ko‘zda tutilyapti.