SpaceX oltinchi marta Starship raketasini sinovdan o‘tkazdi. Parvozni Donald Tramp ham kuzatib bordi

Fan-texnika 17:28 2364

SpaceX kompaniyasi 19 noyabr kuni kechqurun kosmik kema prototipiga ega Starship raketa tashuvchisining oltinchi marotaba sinov parvozini amalga oshirdi.

Raketa Texasdagi Boka-Chika kosmodromidan start olgan. Ko‘p martalik tezlashtirgich oldingi sinovlardagi kabi start maydonchasiga qaytishi kerak edi, ammo noma’lum sabablarga ko‘ra u uchirilganidan bir necha daqiqa o‘tib Meksika bo‘g‘oziga kelib qo‘ndi. Raketaning yuqori pog‘onasi o‘z missiyasini muvaffaqiyatli bajardi va uchirilganidan 1 soat 5 daqiqa o‘tib, Hind okeani suvlariga qo‘ndi.

Parvozni bu safar kompaniya asoschisi Ilon Mask bilan birga AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp ham kuzatib bordi. Avvalroq u «Yerdan ajralgan eng katta obekt»ning uchirilishini tomosha qilish uchun «buyuk Texas shtati»ga yo‘l olgani haqida yozgandi. CBS News’ning eslatishicha, Tramp o‘zining saylovoldi kampaniyasi vaqtida Maskni yangi muddatining oxiriga qadar «ushbu raketalarni Marsga uchirishga» chaqirgan.

Starship loyihasi ommaga 2019 yilda namoyish etilgan. Starship hozirgacha qurilgan eng qudratli va eng baland kosmik kema bo‘lib, 150 tonnagacha yukni ko‘tarishga qodir. Raketa tizimi ikki qismdan iborat: 33 dvigatelli Super Heavy raketasi va Starship kemasi. Starship Yer orbitasidan tashqariga, Oy va Marsga uchish uchun mo‘ljallangan.

Bunga qadar Starship besh marotaba uchirilgan, ammo sinovlarning faqat ikkitasi — 2024 yil mart, iyun va oktyabrdagisi muvaffaqiyatli yakunlangan.

Ko‘proq yangiliklar: