"Suv tanqisligi Markaziy Osiyodagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatishi sababli o‘z vaqtida samarali chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini inobatga olib, O‘zbekistonda Prezident tashabbusi bilan suv xo‘jaligini kompleks rivojlantirish va suv resurslaridan oqilona foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deyilgan nashrda.
Qayd etilishicha, mamlakatda 2020–2030 yillarda respublika suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangan bo‘lib, uning doirasida muayyan davrga mo‘ljallangan strategiyalar qabul qilingan va ular hayotga tatbiq etilmoqda.
Qirg‘iziston OAV, shuningdek, O‘zbekistonda foydalaniladigan suv resurslarining 90 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelishini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, mamlakat mintaqadagi eng rivojlangan irrigatsiya tizimlari va yirik suv infratuzilmasiga ega davlat ekanligini ma’lum qilgan.
"O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2024 yil "Sug‘orish tarmoqlarida suv yo‘qotilishini kamaytirish yili" deb e’lon qilindi. Buning uchun 1500 kilometr magistral kanallarni rekonstruksiya qilishga davlat budjetidan salmoqli mablag‘ ajratildi. Shuningdek, Xitoyning nufuzli kompaniyalari jalb etildi. Bundan tashqari, klaster va fermer xo‘jaliklari tashabbusi bilan 13,5 ming kilometr ichki sug‘orish kanallari betonlashtirildi", – deyilgan materialda.
Maqolada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona va ishonchli munosabatlar mintaqada transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish uchun mustahkam zamin yaratgani urg‘ulangan.
Bundan tashqari, Alliance-press.kg "Ko‘p yillardan buyon o‘z yechimini topmay kelayotgan ko‘plab masalalar o‘z yechimini topdi, Sirdaryo va Amudaryo havzalarida suv ta’minotini yaxshilashda ijobiy natijalarga erishildi", – deb yozgan.