Lukashenko yana 32 nafar siyosiy mahbusni afv etdi

Jahon 20:54 603

Aleksandr Lukashenko «ekstremizm» moddasi bo‘yicha qamalgan 32 nafar Belarus fuqarosini afv etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmatiga yaqin bo‘lgan Telegramʼdagi «Pul pervogo» kanali xabar berdi.

Afv etilganlarning sakkiz nafari ayollar bo‘lsa, 24 nafari — erkaklar. Ularning ismi oshkor etilmadi. Ta’kidlanishicha, mahkumlarning barchasi o‘z aybiga iqror bo‘lgan, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan va kechirim so‘rab murojaat qilgan.

«17 nafarida surunkali kasallik bor, bir nafari nogiron. Mahkumlarning 17 nafarining farzandi bor, ikki nafari — ko‘p bolali. Afv etilganlarning to‘qqiz nafari — 50 yoshdan katta», deyiladi xabarda.

So‘nggi oylarda Belarusda bir necha bor siyosiy mahbuslar ozod etildi. Xususan, 16 avgust kuni Lukashenko 30 nafar mahbusni afv etgan bo‘lsa, 4 sentabrda — 30 kishi, 16 sentabr — 37 mahkum, noyabr boshlarida esa 31 kishi ozodlikka chiqdi. Lukashenkoning matbuot xizmati yuqoridagi barcha holatlarda afv etilganlar ismini oshkor etmadi.

Oktyabr oxirlarida Aleksandr Lukashenko belaruslik faol Mariya Kolesnikova afv etish haqida murojaat qilsa, uni afv etish masalasini ko‘rib chiqishga qarshi emasligini aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: