Lavrov: RF hududiga ATACMS zarbasi - eskalatsiya haqida signal

Jahon 11:14 5899

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina qurolli kuchlarining Bryansk oblastiga ATACMS raketalari bilan uyushtirgan hujumini G‘arb Ukrainadagi urush «eskalatsiyasini» istashi signali deb atadi. Amerikaliklar ishtirokisiz bunday zarbalarni amalga oshirib bo‘lmasdi, dedi u 19 noyabr, seshanba kuni Braziliyada bo‘lib o‘tgan G20 sammitidagi matbuot anjumanida. Uning so‘zlarini Rossiya axborot agentliklari keltirmoqda.

Shu bilan birga, Lavrov Kiyev AQShdan Rossiyaga chuqur zarbalar yo‘llash uchun ruxsat olganmi yoki yo‘qmi, buni tasdiqlay olmadi, chunki bu boradagi barcha ma’lumotlar faqat OAVdan olingan. Tashqi ishlar vaziri Vashingtonning qarori rasman tasdiqlansa, Moskva «tegishli» munosabat bildirishga va’da berdi. U, shuningdek, Germaniya kansleri Olaf Sholsning Ukrainaga TAURUS raketalarini yetkazib berishdan bosh tortgani munosabati bilan tutgan pozitsiyasini «mas’uliyatli» deb atadi.

Kreml AQShning RFga ATACMS zarbalari haqidagi qaroriga munosabat bildirdi

Rossiya AQShning Ukrainaga RFga uzoq masofali raketalar bilan zarba yo‘llashga ruxsat bergani haqidagi xabarlarga juda salbiy munosabat bildirdi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 18 noyabr kuni bu qaror keskinlikning yangi bosqichi va AQShning Ukrainadagi urushga aralashuvini anglatadi, dedi.

«Agar shunday qaror haqiqatan ham ishlab chiqilgan va Kiyev rejimiga yetkazilgan bo‘lsa, bu keskinlikning sifat jihatidan yangi bosqichi va Qo‘shma Shtatlarning ushbu mojaroga aralashuvi nuqtayi nazaridan yangi holat», — dedi Peskov matbuot brifingida. Kremlda hozircha faqat G‘arb ommaviy axborot vositalaridan ma’lumot bor.

«Yangi keskinlik davri»

«Ammo, Vashingtondagi lavozimidan ketayotgan ma’muriyat olovga yog‘ sepishda davom etish va bu mojaro atrofida keskinlikni yanada kuchaytirish uchun choralar ko‘rish niyatida ekanligi aniq», dedi Kreml vakili. 

Bir kun avval Amerika va Yevropaning ko‘plab ommaviy axborot vositalari AQSh prezidenti Jo Bayden Ukraina harbiylariga Rossiya hududiga hujum qilish uchun ATACMS raketalaridan foydalanishga ruxsat bergani haqida xabar tarqatgan edi. Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Vashington qarorini ma’qulladi. The New York Times nashrining yozishicha, Ukraina Qurolli kuchlari bu raketalarni faqat Kursk oblastidagi Rossiya va Shimoliy Koreya qo‘shinlariga qarshi qo‘llashi mumkin, deb taxmin qilinmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: