«Ikki qutbli jamoa». Natija, o‘yin, iste’fo va imkoniyatlar haqida

Sport 15:26 6071

Milliy jamoamiz noyabr oyidagi o‘yinlarini yakunladi va jahon chempionati uchun navbatdagi qadamlarni tashladi. Maydonda bo‘lib o‘tgan xodisalarni tahlil qilish mushkul, chunki jamoamiz juda qutbli o‘yin ko‘rsatdi, bir o‘yin doirasida ham farqli xulosalarga imkon berdi. Qatar bilan hisobni tenglashtirguncha yoki Koreya bilan hisobni ochguncha ko‘rsatgan o‘yinimiz juda yaxshi, boshqa daqiqalarda esa aksincha, qoniqarsiz bo‘ldi. Shuning uchun milliy jamoamizning asl yuzini ko‘rish, asl kuchiga baho berish katta qiyinchilik tug‘dirmoqda. Shu sababli, keling, to keyingi o‘yinlargacha bizni qiynashi mumkin bo‘lgan ba’zi savollarga javob izlaymiz.

«Chiroyli o‘yinmi yoki natija?»

Savolning qo‘shtirnoqqa olinganining sababi, aslida masalaning bunday qo‘yilishi noto‘g‘ri. Chunki bu ikki holat bir-birining o‘rniga keladigan tushunchalar emas. Chiroyli o‘yin bilan natija ham, xunuk o‘yin bilan mag‘lubiyat ham bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga «chiroyli o‘yin» va «natija» tushunchalarini hamma har xil tushunadi. Masalan, ayni damda 2-o‘rinda borayotganimiz – natija, ammo kim uchundir bu yetarli emas, zero bizning mundialga chiqishga real imkoniyatimiz avvalgi sikllardan kuchliroq o‘ynayotganimizda emas, shunchaki, yo‘llanmalar soni oshishi tufayli, osonroq guruhda to‘p surayotganimiz bo‘lishi ham ehtimol. Aytaylik, qo‘lga kiritilgan 13 ochkoning 9 tasini Shimoliy Koreya va Qirg‘iziston bilan oldik. Avvalgi formatda biz bu bosqichda bu jamoalar bilan o‘ynagan bo‘larmidik? Yo‘q, albatta. Hozirgi uch guruh ikkita bo‘lardi, demak, Shimoliy Koreya o‘rniga Avstraliya bo‘lishi mumkin edi. Xo‘sh, shu o‘yin, mayli o‘yin demaylik, shu natijalarimiz bilan hozirgi pozitsiyada bo‘larmidik? Avvalgi musobaqalardan farqni sezarmidik? Tabiiyki, bu savollarga javob yo‘q. Demak, natijadan holi ravishda jamoa o‘yinidagi kamchiliklarni tilga olish o‘rinli. Har qanday tanqid uchun «natija bor-ku» deyish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Endi savolni boshqacha qo‘yamiz – milliy jamoamizdan ba’zilarning ko‘ngli to‘lmayotganining asosi nimada? Biz shunchalik 5-3-2 ni yomon ko‘ramizmi yoki O‘zbekiston doim hujumkor o‘ynab, raqiblarni yirik hisobda yutib kelganmi?

Albatta, gap uslubda emas. O‘z oldiga maqsad qo‘ygan jamoa agar kerakli ochkolarni qo‘lga kiritib borar ekan, ko‘pincha, muxlislarni uslub qiziqtirmaydi. Agar «uslub» tushunchasiga chuqurroq qarasak, har qanday uslub jamoa tomonidan o‘yinni nazorat qilishni ko‘zlaydi. Shunchaki, o‘yinni nazorat qilishni murabbiylar turlicha amalga oshirganidan, biz uslubdagi farqlarni ko‘ramiz.

Gvardiola to‘pni nazorat qilishni tanlaydi. «To‘p senda bo‘lsa, raqib hujum qila olmaydi». Uning mashg‘ulotlari ham, futbolchilarni tanlashda e’tibor beradigan jihatlar ham aynan shu prinsipga tayanadi – texnik tomondan kuchli bo‘lgan, qisqa zonalarda to‘pni ushlab turadigan futbolchilar bilan o‘ynaydi. Mourino raqibni nazorat qilish haqida bosh qotiradi. «To‘p kimda bo‘lsa, uning xato qilish ehtimoli kattaroq». Raqibning ustun va kuchsiz jihatlariga urg‘u beradi va foydalanadi. Masalan, Simeone zonalarni nazorat qilishni tanlaydi. Siz har qancha to‘p bilan o‘ynashingiz mumkin, lekin Simeone xavfli deb hisoblagan xududlarga kira olmaysiz – qattiq qo‘riqlanadi. «Bizni yengish uchun ko‘proq yugurishing kerak»

Bu uslublarning biri boshqasidan yaxshiroq emas. Qaysi biri g‘alabaga olib kelsa, qaysi biri mavjud futbolchilarga mos bo‘lsa, shu. Shuning uchun Katanets bilan qaysi sxema yaxshiroq, qanday uslub mosroq deb bahslasha olmayman, zero buning uchun yetarli malakam yo‘q. Lekin murabbiy qaysi uslubni tanlashidan qat’i nazar, o‘yin nazorat qilinishi kerak. Agar hujumkor o‘ynasak, qarshi hujumlarga tayyor bo‘lishimiz muhim. Agar raqibga to‘pni berib qo‘yadigan bo‘lsak, ularga xavfli vaziyatlarga imkon bermaslik lozim. Ya’ni nimalar hisobiga vaziyat yaratishimiz va nimalar hisobiga raqibga vaziyat bermasligimiz yaqqol ko‘rinishi kerak. Men kutayotgan «chiroyli o‘yin» – mana shu.

Endi shu rakursda terma jamoamizning 6 o‘yiniga baho berib ko‘ramiz. Birinchisi, yaxshi tomoni, biz gol urishimiz kerak bo‘lganda, e’tiroz yo‘q, jamoa kuchli bo‘la olyapti. 6 o‘yinda bizga gol zarur bo‘lgan pallalar:

- Shimoliy Koreya bilan hisob ochilguncha - Toshkentdagi 20, Laosdagi ilk 45 daqiqa.

- Qatar bilan 0:2 dan 2:2 bo‘lguncha

- Qirg‘iziston bilan hisob 3:2 bo‘lguncha

- BAA bilan hisob ochilguncha.

Mana shu daqiqalarda ko‘rsatilgan o‘yin – ajoyib. Birorta e’tiroz yo‘q. Murabbiyga ham, futbolchilarga ham. Bu daqiqalarga ham kerakli gollarni urdik, ham himoyada ishonchli harakat qilib, raqib qarshi hujumda vaziyatni teskari tus oldirishiga yo‘l qo‘ymadik.

Bizda eng muammo tug‘dirayotgan va e’tirozlarga sabab bo‘layotgan o‘yin – tabloda bizni qoniqtiradigan natija porlab turgan paytdagi daqiqalar:

- Shimoliy Koreya har ikki o‘yinda ham 0:1 dan keyin o‘yinga qaytdi. Har ikki o‘yinda penalti tepdi.

- Qatar biz durang uchun o‘ynayotgan paytimizda avval hisobni 2:0 qildi. 2:2 uchun o‘ynayotganimizda uchinchi golni urdi.

- Durang uchun o‘ynayotganimizda Eron bir kishi kam bo‘lishiga qaramasdan, penalti tepishiga sal qoldi. O‘ta xavfli vaziyat yaratib, yutib ketishi mumkin edi.

Albatta, biz uchun qoniqarli natija degani, raqib uchun qoniqarsiz – bu ssenariyda to‘p surish qiyinroq. Ammo savol tug‘iladi, bizda xuddi shu ssenariyda samarali o‘ynashning ishlangan rejasi bormi? Misol uchun biz yutayotgan paytimizda, raqib hujumkor bo‘lib, «ochilsa» qarshi hujumlarda jazolash kabi. Tasavvur qilyapsizmi, biz o‘zimiz uchun qoniqarli tablo ostida birorta ham gol ura olmadik! Aynan minimal hisobni oshira olmaganimiz tufayli Koreya bilan o‘yinlarda muammolarga duch keldik, shunday emasmi? Qarang, Laosdagi o‘yinda to Fayzullayev hisobni ochguncha, zarbalar soni 15:1 bizning foydamizga. Hisob ochilib, biz uchun qoniqarli hisob qayd etilgach, zarbalar soni 1:11 raqib foydasiga. Ikki teng kuchli raqib o‘ynaganda hisob tufayli, kartina turlicha bo‘lishi mumkin, ammo vaziyat bu shaklda o‘zgaryaptimi, durang paytida biz 15:1 ustunlik qila olyapmizmi, a) biz raqibdan ancha kuchlimiz b) shu kuchsiz raqib bilan ustunlikni topshirib qo‘yganimiz – o‘z tanlovimiz.

Qatar bilan o‘yinda, hisob bizni qoniqtirgan davr: hisob ochilguncha va 2:2 dan keyingi umumiy 41 daqiqada (25+16) zarbalar soni 2-4, raqib foydasiga. Hisob bizni qoniqtirmagan 25-80 daqiqalar oralig‘ida 15-2, bizning foydamizga. Faqat zarbalar sonini keltirdim, aslida barcha ko‘rsatkichlarda, to‘p nazorati bo‘ladimi, raqib yarimmaydonida uzatmalar, standart vaziyatlar, jarima maydonida to‘pga teginish, hammasida birdaniga jamoa o‘zgarib qolayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Toshkentdagi Eron va BAA ga qarshi o‘yinlarda gol o‘tkazib yubormaganimiz, qizil kartochkalar bo‘lgani uchun bu jihat uncha sezilmadi, ammo aynan safar o‘yinlarida, ayniqsa, so‘nggi ikki turda yaqqol namoyon bo‘ldi – ssenariy o‘yinimizni o‘ta darajada o‘zgartirib yuboryapti. Shunchaki futbolchilarning ruhiy holati va raqibning taktikani o‘zgartirishi bilangina buni izohlash mushkul.

Endi savol tug‘iladi. Agar bizda raqibga gol kerak bo‘lgan paytda qarshi qo‘ya oladigan kontr-o‘yinimiz yo‘q ekan, hatto zarba ham bera olmas ekanmiz, nega doim shu o‘yin shaklini tanlayapmiz? Eng qizig‘i, nega buni qandaydir «uslub» deb atayapmiz? Axir uslub o‘z jamoangizga vaziyatlar taqdim etadigan, raqibning vaziyatlarini imkon qadar kamaytiradigan qurol bo‘lishi kerak emasmi? Nega zo‘r o‘yinimizni faqat gol kerak bo‘lganda ko‘rsatamiz? Nega bizga ikkinchi gol hech qachon kerak emas?

Obektiv sabablar sifatida eng yaxshi ikki futbolchimiz – Shomurodov va Shukurovning jarohatini keltirib, ikki safar o‘yinida 3 ochkoga ham rozi bo‘lish mumkindek, lekin aynan shu tarkib bilan boshqa ssenariyda ko‘rsatgan o‘yinimizdan kelib chiqsak, yo‘q, hisobda oldinda borayotganimizda tanlanayotgan reja qoniqarli ishlamayapti, futbolchilar topshirilgan vazifalarni bajara olishmayapti. Buni faqat natija bilan xaspo‘shlash to‘g‘ri bo‘lmaydi, agar Yusupov penaltini qaytarmaganda, turnir jadvalidagi holatimiz ham ancha xavfli ko‘rinish olardi.

Katanets iste’foga chiqishi kerakmi?

Iste’fo ikki qavatli qaror hisoblanadi, chunki birgina iste’fo bilan muammoni hal qilish ko‘pincha imkonsiz. Ya’ni bir murabbiyni bo‘shatishdan tashqari, uning o‘rniga keladigan tanlov ham katta ahamiyatga ega. Katanets o‘rniga keladigan mutaxassis jamoani yaxshiroq tayyorlay oladimi yoki aksincha, o‘yinimiz yanada kuchsizlanadimi, buni aniq aytishning umuman iloji yo‘q. Birinchidan, yuqorida aytilganidek, milliy jamoamizning juda yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan holatlaridan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ikkinchidan, Katanetsning jamoasida muhit buzilgani, futbolchilar va murabbiy o‘rtasidagi qandaydir ziddiyat paydo bo‘lgani haqida ham ma’lumot yo‘q. Aksincha, jamoa Katanetsni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ayni paytda murabbiyni almashtirish qarori ancha bahsli ekani shubhasiz.

Bu yerda masala boshqa yerda. Mening tasavvurimdagi «milliy jamoa bosh murabbiyi» O‘FAda o‘z kabinetiga ega bo‘lgan, uzluksiz ravishda, yig‘inlar bor yoki yo‘qligidan qat’i nazar ishlaydigan, Superliga klublari, ularning murabbiylari bilan doimiy aloqada bo‘lib, yangi nomzodlar borasida tahliliy hisobotlarni kuzatib boradigan, nomzodlar bilan munosabatlarni yuritadigan, legionerlarning holati va muammolari borasida so‘nggi ma’lumotlar bilan ish yuritadigan va yana men bilmagan juda ko‘p vazifalarni bajaradigan shaxs bo‘lishi lozim. Albatta, bu ishlarni qilmaslik, avvalo, murabbiyning o‘ziga zarar keltiradi, qiyin ahvolga solib qo‘yishi mumkin, lekin bu borada O‘FA pozitsiyasi ham juda muhim.

O‘FA va Srechko Katanets qanday shartnoma tuzgan, uning bandlari bo‘yicha tomonlar o‘z vazifalarini qay tariqa bajarmoqda? Katanetsning sog‘lig‘i bilan muammolar borligi ma’lum, unga shifo tilab qolamiz. Lekin shartnomada mana shunday holatlar uchun nimalar nazarda tutilgan? O‘FA mana shunday sirtdan ishlash uchun rozi bo‘lganmi va nega? Milliy jamoamiz so‘nggi sakkiz yildagi eng muhim pallaga kirib borayotgan davrda bor imkoniyatlar ishga solinishi kerak emasmi?

Gus Xiddink Yevro-2008da Rossiyani yarimfinalga olib chiqqach, u mamlakatda qahramonga aylanib ketdi. Keyin esa unga ko‘p yengilliklar berildi, hatto Rossiya bosh murabbiyi bo‘lib turib ham bir necha oy «Chelsi»ni boshqarishga qarshilik bo‘lmadi. Natija ma’lum, Rossiya keyingi JCh saralashidan ham o‘ta olmadi.

Aytmoqchi bo‘lganim, milliy jamoa hammaniki, ko‘p millionlik xalqning manfaatlarini tamsil qilar ekan, O‘FA Srechko Katanets bilan muzokaralar stoliga yana bir marta o‘tirishi kerak. Har ikki tomon ham o‘z fikrini, e’tirozlarini bildirib, kelajakda qanday ishlash rejalari borligi, bir-biridan nimalar kutayotganini ma’lum qilishi lozim. Hammasi maydondagi natijaga bog‘liq bo‘lsa-da, shu natija uchun bor imkoniyatni ishga solish, tashqi omillar ta’sirini kamaytirish, xullas, murabbiy bor bilimini, vaqtini, imkoniyatlarini ishga sola oladimi, bunga amin bo‘lishimiz kerak. Kuzdagi o‘yinlar paytida har qanday o‘zgarish jamoa zarariga ishlashi mumkin edi. Endi esa oldimizda to‘rt oy bor, kerakli xulosalarni chiqarish, Katanets bilan hammasini gaplashib, shunga qarab qaror qabul qilish uchun yetarli vaqt bor. Fikrimcha, maydondagi o‘yin, jadvaldagi natija emas, Katanetsning bundan keyin qanday rejimda ishlashi bo‘lajak qaror uchun eng muhim faktor bo‘lishi lozim.

Bizda imkoniyat qanday?

Yana bir doimiy mavzu, bosqich tugashiga to‘rt tur qolganda mundialga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish uchun qanday imkoniyatga ega ekanimizdir. Shu borada ham muxlislarda savollar ko‘p.

Natija e’tibori bilan biz guruhda 2-o‘rin uchun haliyam asosiy favoritmiz va buni quyidagi formula bilan isbotlash mumkin. Bu formatdagi guruh bahslarida shunday rejim qat’iy ishlaydi: favorit bilan 1 ochko (uyda durang, safarda mag‘lubiyat), asosiy raqiblar bilan 4 ochko (uyda g‘alaba, safarda durang) va autsayderlar bilan 6 ochko (ikki g‘alaba). Agar mana shu rejim bo‘yicha amal qilinsa, yakunda kamida 2-o‘rinni bemalol olish mumkin. Agar qayerdadir qoqilinsa, boshqa biror o‘yinda kutilganidan ko‘proq ochko olishga majbur bo‘linadi. Agar qayerdadir ko‘proq olinsa, xato qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Masalan, Toshkentda Eronni yutganimizda, biror o‘yinda qoqilsak ham, imkoniyatimiz saqlanib qoladigan sharoitda bo‘lardik.

Ayni paytda biz rejimdan pasayib ketganimiz yo‘q, faqat Qatarda durangni qo‘ldan chiqarganimiz tufayli, rejadan 1 ochko orqada boryapmiz xolos. BAA rejadan 2 ochko orqada boryapti: amirliklar Eron bilan o‘z maydonida, O‘zbekiston bilan safarda durang o‘ynay olmadi. To‘g‘ri, Shimoliy Koreya bilan o‘yinda 2 ochko yo‘qotdi, lekin buni Qatar bilan safardagi g‘alaba bilan (+2) qopladi. Qatarda yo‘qotishlar ko‘p, yuz foizlik natija ko‘rsata olmasa, kurashga qo‘shilishi qiyin. Demak, 2-o‘rin uchun asosiy raqibimiz BAA bo‘ladi.

20 mart. Eron – BAA, O‘zbekiston - Qirg‘iziston, Qatar – Shimoliy Koreya

25 mart. Eron – O‘zbekiston, Qirg‘iziston – Qatar, Shimoliy Koreya – BAA

Ya’ni boyagi rejim ishlab, kutilmagan hisoblar qayd etilmasa, iyun oyi jaziramasida BAA safarimiz chog‘ida o‘rtamizdagi 3 ochkolik farq saqlanib turgan bo‘ladi.

5 iyun. BAA – O‘zbekiston, Qatar – Eron

10 iyun. O‘zbekiston – Qatar, Qirg‘iziston - BAA

To‘plar nisbatini yaxshilab olgan BAA bizni mag‘lub etib, 2-o‘ringa ko‘tarilib olishi va qaytib tushmasligi mumkin. Demak katta ehtimol bilan Dubayda kamida durang uchun maydonga tushishimiz yoki mart oyida koreyslar yana bir bor BAAdan ochko olishiga umid qilishimizga to‘g‘ri keladi.

Ko‘pchilik Eron O‘zbekiston bilan o‘yingacha yo‘llanmani rasman hal qilgan bo‘lishi va biz bilan bor kuchi bilan o‘ynamasligi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bu fikrlarga qo‘shilish qiyin. Birinchidan, guruhda ochkolar teng bo‘lganida to‘plar nisbatiga qaralashini e’tiborga olsak, Eron rasman JChga chiqishi uchun BAA va O‘zbekiston bilan o‘yinlarda 4 ochko olishi kerak bo‘ladi. Ochkoni aynan kim bilan yo‘qotishini taxmin qilish qiyin. Masalan, Eron o‘z o‘yinlarini BAAda o‘tkazmoqda. Turnir jadvalida xavfsiz ekanidan eronliklar hatto BAA bilan uy o‘yinini ham o‘sha yerda o‘tkazishga ortiqcha qarshi bo‘lmasligi mumkin. U holda Eron bilan o‘yinda bizdan ko‘ra, BAA da ochko olish imkoniyati oshishi ham ehtimol.

Yana bir jihat. Biz to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma haqida shunchalik ko‘p gapiryapmizki, mabodo guruhda 2-o‘rinni qo‘lga kirita olmasak, qanaqa holat yuz berishini tasavvur ham qilish qiyin. Esingizda bo‘lsa, Abramov bilan olimpiada yo‘llanmasi uchun kurashganimizda yil davomida jamoamiz guruhda peshqadamlik qilgan, deyarli hozirgidek ishonch kayfiyati xukm surgandi. Balkim shu sabablimi, BAAga Toshkentda boy bergach, jamoa o‘ta tushkun kayfiyatga tushib qolgan, keyingi bosqich o‘yinlarida o‘ziga o‘xshamagan.

Jamoa doim 3-4 o‘rinlar ham kurashni davom ettirishini ko‘zda tutishi, mana shu ssenariyga ham tayyor turishi kerak. Bu o‘yinlarda ortiqcha bosimdan xalos qiladi, hatto muvaffaqiyatsizlik paytida ham jamoani sochilib ketmasligini, jipsligini saqlab qoladi. Albatta, jahon chempionatiga qisqaroq yo‘l bilan borish eng yaxshisi bo‘lsa-da, har qanday vaziyatga tayyor bo‘lish muhim. Jamoa uchun ham. Biz uchun ham. Sog‘lig‘imiz o‘zimizga ham kerak axir.

Qahramon Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: