Germaniya kansleri Olaf Shols G20 sammitining yakuniy deklaratsiyasida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush uchun javobgarligi ko‘rsatilmaganidan hafsalasi pir bo‘lganini bildirdi. Germaniya hukumati rahbari 19 noyabr, seshanba kuni Rio-de-Janeyroda aytishicha, Rossiya ming kun davomida qo‘shni davlatni shafqatsizlarcha bombardimon qilmoqda.
«Ming kun, bu davrda odamlar ko‘r-ko‘rona ulug‘vorlik xayollari, o‘z mamlakatini kuch bilan kengaytirish niyati tufayli azob chekishi kerak bo‘lyapti», deb ta’kidladi nemis siyosatchisi. Shols iqtisodi eng rivojlangan va rivojlanayotgan 20 ta davlat vakillari Moskva mas’uliyati haqida aniq so‘z topa olmaganidan shikoyat qildi.
Shu bilan birga, Germaniya vazirlar mahkamasi rahbari Kiyevga uzoq masofali TAURUS qanotli raketalarini yetkazib berishga yana bir bor qarshi chiqdi. Ukraina tomonini bunday qurollar bilan ta’minlash ko‘p sabablarga ko‘ra xato bo‘ladi, deb tushuntirdi kansler. Ushbu qurollarning imkoniyatlarini hisobga olgan holda, nemis tomoni nishonni nazorat qilish bilan shug‘ullanishdan boshqa tanlovga ega emas, ammo bunday qadam «men to‘g‘ri deb hisoblamaydigan ishtirok darajasini» anglatadi, deya qo‘shimcha qildi Shols.
Riodagi G20 sammitida ocharchilikka qarshi ittifoq
Rio-de-Janeyrodagi G20 sammitida ocharchilik va qashshoqlikka qarshi global alyans tuzilishi rejalashtirilgandi. Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva 18 noyabr kuni tadbirni ochar ekan: «Ocharchilik va qashshoqlik tanqislik yoki tabiiy hodisalar natijasi emas», dedi. Uning fikricha, bu insoniyatning katta qismi manfaatlarini istisno qiluvchi siyosiy qarorlar natijasidir.
Ocharchilik «insoniyatni sharmanda qiladigan dog‘dir», deya qo‘shimcha qildi Braziliya prezidenti. Bu tashabbus Braziliyaning G20'da raisligi asosiy mavzularidan biridir. Uning doirasida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tajriba almashish va tegishli chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish kutilgan.
«Bu bizning asosiy merosimiz bo‘ladi», dedi Lula da Silva. U ocharchilik va qashshoqlikka qarshi kurash dunyo tinchligini o‘rnatishning zaruriy sharti ekanini ta’kidladi. Amerikalararo taraqqiyot banki tashabbusga 25 milliard dollar va’da qilgan.