G‘azodagi harbiy nazorat, Ukraina urushiga 1000 kun va ATACMS bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti

Jahon 13:55 / 20.11.2024 4714

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil G‘azo sektorida harbiy nazorat tizginini o‘z qo‘lida saqlab qolmoqchi. Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich garovda ushlab turilganlarni ozod etish masalasidagi muzokaralarda siljish yo‘qligi tufayli TSAHAL G‘azo sektorining butun shimoliy qismida harbiy boshqaruvni o‘z qo‘liga olish bo‘yicha ultimatum taklif etdi.

Bunday takliflar fonida urush yakunlanganidan so‘ng aniq rejaga ega bo‘lmagan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu chindan ham G‘azo ustidan harbiy nazorat o‘rnatishi mumkin. Bundan tashqari, Falastin ekslavidagi harbiylardan iborat manbalar Isroil armiyasi G‘azo shimolida faollikni kuchaytirib, yanada kattaroq hududlarni qamal qilayotganini xabar qilishmoqda.

Isroilning sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallant avvalroq G‘azo sektorida Isroilning boshqaruvi halokatli bo‘lishi haqida fikr bildirgan edi. U Hamasga ham, Isroilga ham bo‘ysunmaydigan nazorat qiluvchi kuzatuv organini tuzishni taklif etgan edi.

Rossiyaga ATACMS bilan zarba

AQSh Ukraina qurolli kuchlari kecha Rossiya hududiga zarba berishda ATACMS taktik raketalaridan foydalanganini tasdiqladi.

Anonim qolishni ma’qul bilgan Bayden ma’muriyati vakilining aytishicha, zarba Bryansk oblastidagi qurol-yarog‘ omboriga berilgan. Uchirilgan sakkizta raketadan ikkitasi urib tushirilgan, degan u.

Rossiya tomonining xabariga ko‘ra, uchirilgan raketalar 6 ta bo‘lgan va ulardan beshtasi urib tushirilgan.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina chegarasidan 110 km olislikda joylashgan Bryansk oblastidagi Karachev shahri yaqinida joylashgan Rossiyaning qurol-yarog‘ omboriga zarbalar berilgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bergan intervyusida shunday degan:

«Bizda uzoq masofalarga zarba berish imkoniyati bor. O‘zimizda ishlab chiqarilgan uzoqqa ucha oluvchi dronlar bor. Uzoq masofani nishonga oluvchi «Neptun»larimiz bor va ularning soni ko‘p. Endi bizda ATACMS ham bor. Bularning barchasidan foydalanamiz».

Varshava deklaratsiyasi

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqiniga 1000 kun to‘lishi munosabati bilan Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Polsha va Fransiya tashqi ishlar vazirlari qo‘shma bayonot e’lon qilishdi.

Bayonotda ular Yevropada xavfsizlikni mustahkamlash hamda Rossiya agressiyasi qarshisida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash umumiy sodiqlikni ta’kidlab o‘tishdi.

Hujjat Varshavada seshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilish yakunlariga ko‘ra qabul qilingan. Yig‘ilishda Germaniya, Italiya, Polsha va Fransiya tashqi ishlar vazirlari bevosita ishtirok etishgan. Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Lemmi va Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares videoaloqadan qatnashgan.

Qo‘shma bayonotda ayni paytdagi bosh tahdid sifatida «Rossiya tizimli ravishda Yevropa xavfsizlik arxitekturasiga hujum qilayotgani» qayd etilgan.

Vazirlar so‘nggi 1000 kun ichida Rossiya o‘zining Ukrainaga qarshi agressiv urushida minglab odamlarni o‘ldirgani va xalqaro huquqni ko‘plab marta toptaganini hisobga olib, kelgusida ham Ukrainaga harbiy va moliyaviy yordam berishga tayyor ekanliklarini tasdiqlashgan.

Doktrinani o‘zgartirgan Putin

Rossiya prezidenti Vladimir Putin agar Rossiyaga ballistik raketalar bilan hujum qilinsa, bunga javoban yadroviy zarba berishga izn beruvchi o‘zgartirishlar kiritilgan yadroviy doktrinani ma’qulladi.

Yangi doktrinaga ko‘ra, ommaviy qirg‘in quroli Rossiyaga yoki uning ittifoqchilariga qarshi ishlatilsa, Rossiya bunga javoban yadroviy qurol bilan javob berish huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, Rossiya va Belarus suvereniteti hamda hududiy yaxlitligiga kritik tahdid tug‘diruvchi oddiy qurollar bilan agressiya qilish ham yadroviy zarbaga sabab bo‘ladi.

Ya’ni Ukraina yadroviy bo‘lmagan qurollar bilan Rossiyaga hujum qilsa ham bunga yadroviy javob olishi mumkin.

«Rossiyaga istalgan noyadroviy davlat tomonidan yadroviy davlat ko‘magida yoki uning ishtirokida zarba berilsa, bu ularning birgalikdagi hujumi, deb qabul qilinadi. Bu ham juda muhim paragraf», — degan Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

AQSh davlat kotibining yordamchisi Brayan Nikols Jo Bayden Ukrainaga Rossiya ichkarisiga uzoq masofalarni nishonga oluvchi qurollar bilan zarba berishga ruxsat berganini rasman tasdiqladi.

«Bayden foydalanishga izn bergan qurollar Ukrainaning mudofaa imkoniyatlarini oshiradi va ishonamizki, Rossiyaga esa Ukraina hududlarini kuch bilan egallashga urinish muvaffaqiyatsizlikka uchrashini tushuntirib qo‘yadi», – degan Nikols.

AQSh o‘z doktrinasini o‘zgartirmaydi

Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning yadroviy tiyib turish bo‘yicha siyosatidagi o‘zgarishlar munosabati bilan o‘z yadroviy doktrinasiga tuzatish kiritish zarurligini ko‘rmayapti.

Bu haqda mamlakat Milliy xavfsizlik kengashi vakiliga tayanib Bloomberg yozdi.

Manbaga ko‘ra, Moskva bir necha hafta davomida o‘zgarish haqida signal berib kelgan va AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati bundan «hayron bo‘lmagan». Manba Moskvaning yadro siyosatidagi o‘zgarishlarni so‘nggi ikki yil davomida kuzatilayotgan «mas’uliyatsiz ritorika»ning yana bir misoli deb atadi.

Rasmiyning qo‘shimcha qilishicha, KXDR qo‘shinlarining Rossiyaga keltirilishiga javoban Bayden Kiyevga Amerikaning uzoq masofali raketalarini qo‘llashga ruxsat berishi «oldindan ma’lum» bo‘lgan.

Kremlning urushga izohi

Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan 1000 kun o‘tgach, Kreml nega bu urush Moskva boshida rejalashtirganidan ko‘p vaqtni olganiga izoh berdi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, maxsus harbiy amaliyot — Kremldagilar Ukrainaga qarshi urushni shunday atashadi — «Kiyev rejimiga qarshi boshlangan edi, ayni paytga kelib NATO ishtirokidagi mojaro ko‘rinishida davom etmoqda».

Rossiya hokimiyati Shimoliy Atlantika alyansini Kiyevga qurol-yarog‘lar yetkazib berayotgani uchun an’anaviy tarzda mojaroning to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirokchisi deb atab keladi.

«Mana, nima uchun operatsiya kutilganidan biroz ko‘proq vaqtni oldi va yana biroz cho‘ziladi», — degan Peskov Hindistonning ANI telekanaliga bergan intervyusi chog‘ida.

Rossiya urushni aslida qancha muddatga yakunlashni rejalashtirganiga Peskov aniqlik kiritmagan.

Britaniyadan Putinga noma

Agar Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainada muvaffaqiyatga erishsa, BMT Nizomi o‘zining ahamiyatini to‘liq yo‘qotadi. Bu haqda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi BMT Xavfsizlik kengashining Ukraina bo‘yicha oliy yig‘ilishida ta’kidladi.

«Agar Putin yutqazmasa, biz BMT Nizomida mustahkamlab qo‘yilgan prinsiplar o‘z ma’nosini yo‘qotadigan olamga qadam bosamiz va chegaralarimiz himoyasi ancha susayadi», — degan Lemmi.

Lemmining hisoblashicha, «Putinning muvaffaqiyati boshqalarni ham «imperialistik urush»ga intilish uchun ilhomlantiradi va chog‘lantiradi».

Unga ko‘ra, Rossiya Ukrainaning energetika infratuzilmasiga zarbalar uyushtirib, «Ukrainani zulmatda qoldirmoqchi».

Rossiya 1000 kunlik urushda juda ko‘p askarlaridan ayrildi, shu sabab Shimoliy Koreya va Erondan ballistik raketalar ko‘rinishida yordam ola boshladi, degan Britaniya vaziri. «Bu harakatlarga qat’iy javob qaytarilishi kerak», — degan Lemmi.

Ayni shu sababli Buyuk Britaniya Eronning milliy «Iran Air» aviakompaniyasi va IRISL kemachilik kompaniyasiga sanksiyalar joriy etganini eslatib o‘tdi.

«Mening bugun Putinga jo‘natadigan nomam juda oddiy. Biz Rossiya agressiyasi bilan har bir imkoniyat tug‘ilganda kurashamiz», — degan Britaniya tashqi ishlar vazirligi rahbari.

Rossiyada dollar kursi oshdi

Rossiya Banki dollarning rasmiy kursini 100 rubldan oshirib belgiladi.

Rossiya Markaziy Banki 20 noyabr kuni AQSh dollarining rasmiy kursini 100,03 rubl etib belgiladi. AQSh dollarining rasmiy kursi 2023 yil 10 oktyabrdan beri ilk marta 100 rubldan oshdi.

Tahlilchilar valuta kursiga ta’sir etuvchi asosiy omillar sifatida quyidagilarni belgilashgan:

Banklararo bozorda yuanning mavjudligi bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashishi rubl kursiga bosim o‘tkazadi, buning oqibatida u yanada zaiflashishi mumkin;

Neft narxi va eksport daromadlarining barqaror oqimi. Brent neftining narxi bir barrel uchun 70-80 dollar bo‘lishi rubl kursi uchun neytral-qulay bo‘ladi;

Boshqa omillar, jumladan, importchilarning transchegaraviy to‘lovlar bilan bog‘liq qiyinchiliklari tufayli kapitalning chiqib ketishi, Rossiyaga xorijiy investitsiyalarning qisqarishi, ichki talab hajmi, import hajmi va ularning narxi ham rubl kursiga ta’sir o‘tkazmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: