Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi 19 noyabr, seshanba kuni ikkinchi va uchinchi o‘qishda qonun qabul qildi. Unga ko‘ra, joriy yilning 1 dekabridan boshlab Ukrainaga qarshi urushda qatnashayotgan safarbar qilinganlar, chaqiriluvchilar (kursantlardan tashqari) va shartnoma bo‘yicha askarlar uchun 10 million rublgacha muddati o‘tgan kreditlarni hisobdan chiqarish nazarda tutiladi. Gap 2024 yil 1 dekabrgacha shartnomalar tuzilgan va qarzni undirish to‘g‘risidagi sud hujjati qonuniy kuchga kirgan yoki ijro ishi qo‘zg‘atilgan kreditlar haqida bormoqda.
«Fuqarolarning ma’lum bir toifasi uchun 10 million rublgacha hisobdan chiqarilishi mumkin — ular safarbarlik paytida harbiy xizmatga chaqirilganlar; muddatli harbiy xizmatchilar (harbiy maktablar yoki oliy o‘quv yurtlari kursantlari bundan mustasno); harbiy xizmatni o‘tamayotgan, lekin 2024 yil 1 dekabrdan oldin bir yil yoki undan ko‘proq muddatga harbiy xizmatni o‘tash to‘g‘risida shartnoma tuzgan boshqa fuqarolar, - deya aniqlik kiritdi «Interfaks» agentligi. - Hisobdan chiqarish ushbu toifadagi fuqarolarning turmush o‘rtoqlariga ham tegishli».
Davlat dumasi veb-saytida qonun qabul qilinganligi haqidagi xabarda «hozirda SVO ishtirokchilariga nisbatan ijro protsessi to‘xtatilgani eslatib o‘tiladi, ammo ular ijro yig‘imidan ozod etilmaydi». Ushbu to‘lov undirilgan summaning yoki undirilishi kerak bo‘lgan mulkning 7 foizidir.
19 noyabrda qabul qilingan qonun, shuningdek, harbiy xizmatchining kredit ta’tilini olish uchun ariza berishi mumkin bo‘lgan imtiyozli davrni oshiradi — 30 kundan 180 kungacha.