YeI Xitoy kompaniyalaridan ishlab chiqarish korxonalarini Yevropaga joylashtirish hamda xorij kompaniyalarining bozorga kirish sharti sifatida o‘z intellektual mulki bilan bo‘lishishni talab qiladi. Bu haqda Financial Times xabar berdi.
Yevropa Ittifoqining ikki amaldori so‘zlariga ko‘ra, yangi talablar xorij korxonalariga Bryusselning «yashil» texnologiyalarni rivojlantirish strategiyasi doirasida grantlar olish imkoniyatini taqdim etadi. Batareyalar ishlab chiqarish bo‘yicha 1 milliard yevrolik subsidiya ajratishni nazarda tutuvchi bunday tender birinchi dekabr oyida o‘tkaziladi. Ushbu pilot loyiha, ularning so‘zlariga ko‘ra, «YeIning boshqa subsidiyalash sxemalariga nisbatan ham qo‘llanishi mumkin».
Bryusselning yangi talablari Xitoydagi mavjud qoidalarga o‘xshab ketadi — XXR xorij kompaniyalarini mamlakat bozoriga kirishlari evaziga ularni intellektual mulki bilan bo‘lishishga majburlaydi. Ta’kidlanishicha, Xitoyga nisbatan talablarni kuchaytirish orqali YeI «qat’iy ekologik normalarga bo‘ysunuvchi ittifoqdagi kompaniyalarini himoya qilish, ularning raqobatbardoshligini mustahkamlash» niyatida.
Iyul boshida Bryussel Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillar importiga 17,4 foizdan 37,6 foizgacha boj joriy etgandi. Yevrokomissiyaga ko‘ra, bunday choralar ishlab chiqaruvchilarga berilayotgan «noqonuniy subsidiyalar» sabab qabul qilingan. O‘z navbatida Xitoy 4 noyabr kuni Jahon savdo tashkilotida o‘zida ishlab chiqarilgan elektr transport vositalariga Yevropa Ittifoqi tomonidan bojxona to‘lovlari oshirilgani tufayli bahs boshlaganini e’lon qilgandi.