Kun.uz “Geosiyosat” dasturida mavzuni siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Shuhrat Rasul bilan jonli efirda muhokama qildi.
— Jo Bayden o‘z vakolat muddatining so‘nggi kunlarida bunday qaror qabul qilishiga nima sabab bo‘ldi?
Kamoliddin Rabbimov: Bu masalaning siyosiy, geosiyosiy va huquqiy jihatlari mavjud. Yaqinda AQShda saylov jarayonlari bo‘lib o‘tdi va Donald Tramp hokimiyat tepasiga keldi, biroq uning ayni paytdagi huquqiy maqomi – amaldagi prezident emas, balki saylangan prezident. Kelasi yilning 20 yanvar kunidan boshlab Tramp to‘laqonli prezidentlik vakolatiga ega bo‘ladi, unga qadar esa Baydenning vakolatlari zarracha kamaymaydi. Bayden mavjud vaziyatdan foydalanib, Ukrainaga oxirgi keng ko‘lamli yordamlarni berishga harakat qilyapti.
Agar Kamala Harris saylovda g‘olib chiqqanida, partiyaviy uzviylik davom etayotgan bo‘lardi, ya’ni Bayden saylangan prezident Harrisni noqulay vaziyatga qo‘ymaslik uchun ehtimol bu qarorni qabul qilmagan bo‘lardi. Jo Bayden va Ukraina o‘zaro bog‘liq, garchi urushni Rossiya boshlagan bo‘lsa-da, Ukrainaga ko‘rsatiladigan yordam ko‘lami dinamikasini uning eng yaqin ittifoqchisi AQSh belgilab beradi. Ayni paytda Donald Tramp o‘z jamoasini shakllantiryapti va e’tibor berib qaralsa, jamoa a’zolari ikkita asosiy jihatga ega: birinchidan, ularning deyarli barchasi Ukrainani yomon ko‘radi; ikkinchidan, ularning aksariyati isroilparast. Tramp to‘playotgan jamoa a’zolarining Ukraina borasidagi qarashlari allaqachon shakllanib bo‘lgan, ular bu mamlakatga shubha bilan qaraydi va ko‘rsatilayotgan yordam cheklanishi tarafdori. Hatto Ilon Mask ham doimiy ravishda Ukrainani tanqid ostiga olib kelgan, shuningdek, Baydenning mazkur qaroridan keyin, u Twitter'dagi rasmiy sahifasida liberallar urushni yaxshi ko‘rishi haqida tanqidiy post qoldirdi.
Bayden Rossiyaning ichki hududlariga hujum qilishga ruxsat berishdan ikkita maqsadni ko‘zlagan: birinchisi, Ukrainaga imkon qadar kattaroq yordam berish va ma’lum bir tarixiy natijalarga erishish. Ikkinchisi, Donald Trampni noqulay ahvolga qo‘yib, uni jazolash. AQShda shunday an’ana borki, amaldagi hukmron partiya saylovda mag‘lubiyatga uchrasa, o‘zidan keyingi hukumat uchun katta muammolarni yuzaga keltirishga harakat qiladi.
Shuhrat Rasul: AQShda respublikachilar va demokratlar o‘rtasida bir-biriga muammolarni “meros qoldirish” an’anasi borasida ko‘plab tarixiy misollar bor. Ulardan biri aynan Trampning Baydenga qoldirgan merosidir, ya’ni u prezidentlik vakolatining so‘nggi davrida Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqib ketish bo‘yicha qaror qabul qilgan va shunday keyin Kobul aeroportidagi mojarolar yuz bergan, Bayden “Tolibon”dan qaror ijrosini ta’minlash uchun qo‘shimcha 20 kunlik muddat so‘ragan, ammo bu ham ular uchun yetarli bo‘lmagan, hatto AQSh maxsus kuchlarining bir qismi qo‘shimcha muddat tugaganidan keyin ham Afg‘oniston hududida qolib ketgan edi.
Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordam masalasiga keladigan bo‘lsak, Bayden raketalar borasidagi qarordan tashqari, ittifoqchisiga 9 mlrd dollar miqdorida pul ajratgan va bu mablag‘ 20 yanvargacha yetkazib berilishi kerak. Agar bu yordam manzilga yetib borsa, Ukraina 2025 yilda mablag‘ masalasida katta muammolarga uchramaydi, chunki 2024 yilda AQSh bu davlatga umumiy 6 mlrd dollar yordam ko‘rsatgan. Bayden bu orqali Rossiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarni maksimal darajada keskinlashtirish hamda bu keskinlikni Tramp ma’muriyatiga meros qoldirishni ko‘zlagan.
— Donald Tramp prezidentlik vakolatiga rasman kirishganidan keyin Baydenning raketalar borasidagi qarorini o‘zgartiradimi?
Kamoliddin Rabbimov: Donald Tramp o‘z va’dalariga sodiq qolgan holda o‘z vakolat muddatida so‘zining ustidan chiqishga imkon qadar harakat qiladi. Masalan, birinchi 4 yillik muddatida Shimoliy Koreya bilan yarashishni va’da qilgan edi va ungacha butun dunyoda bu davlatga qarshi hatto Rossiya va Xitoy ham amal qiladigan misli ko‘rilmagan sanksiyalar bor edi. Tramp AQSh prezidentligi tarixida KXDR rahbari bilan uchrashib, muzokaralar olib borgan ilk yetakchiga aylandi. Natijada KXDR izolyatsiyadan chiqdi, biroq kelishuvlar amalga oshmadi, buning natijasida Shimoliy Koreyaning iqtisodiy muammolari ancha yengillashdi, chunki Xitoy ham, Rossiya ham sanksiyalarga amal qilgani yo‘q. Bu esa KXDRning Rossiyaga qurol-yarog‘ va inson resurslarini yetkazib berishiga olib keldi.
Bu – Trampning Amerika manfaatlari uchun eng katta “proval”laridan biri bo‘lib qoldi. Endi Tramp ikki davlatga ham bosim o‘tkazishi aniq, masalan, Ukrainaga kelishuvga rozi bo‘lmasa, yordamdan mahrum qilishini, Rossiyaga esa kelishuv bo‘lmasa, Ukrainaga yordamni kuchaytirishini aytadi. Putinning urushdan ko‘zlagan asosiy maqsadi bu – Ukraina ustidan geosiyosiy nazorat o‘rnatish, biroq u hali o‘z maqsadiga erisha olganicha yo‘q. Ukrainada esa Rossiyaning shartlariga rozi bo‘lgan siyosatchining kelajagi xavf ostida qoladi.
Tramp avvaliga urushni to‘xtatish yo‘lida ularga bosim qilishga harakat qiladi, ammo natijaga erisholmasa, ularni o‘z holiga tashlab qo‘yadi. Tramp uzoq masofali raketalarni qayta ishga tushirishi ehtimoli bor, chunki u tizimli siyosatchi emas, uning atrofida kimlar bo‘lishi, unga qanday takliflar kiritishi hamda so‘nggi qarori qanday bo‘lishini nafaqat boshqalar, hatto uning o‘zi ham bilmaydi. O‘ylashimcha, Bayden raketa hujumlariga ruxsat berayotgani haqida Germaniyada ma’lumot bo‘lgan va Olaf Shols Putinga telefon qilgan vaqtida aynan shu haqda unga ma’lum qilib, yarashishni taklif qilgan, biroq Putin bu taklifni rad etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniya Ukrainaga 4 ming dona so‘nggi avlod (mini Taurus) dronlarini yetkazib berishga qaror qilgan va bu qurollar Rossiya uchun juda katta talafotlar olib keladi. O‘z navbatida, Rossiya ham AQSh tomoniga yashirin signallar berishga harakat qiladi, bu olamshumul bayonotlar bilan bo‘lmasa-da, yadroviy safarbarlikni yangi darajaga ko‘tarish yoki boshqacharoq ko‘rinishda bo‘lishi mumkin.
The Economist nashrida e’lon qilingan maqolada 3-jahon urushi boshlanishi taxmin qilingan. Bu aslida psixologik urush, bunda kim ko‘proq qo‘rqita olishi juda muhim, chunki Bayden shu vaqtga qadar qo‘rqqanidan raketa hujumlariga ruxsat bermayotgandi. Mavjud vaziyatdan keyin Rossiyaning javobi va undan keyingi natijalar qanday bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.
Shuhrat Rasul: Bunda Trampning va’dalari va bu bo‘yicha harakatlari nima bilan tugashi noma’lum, chunki uning har ikki davlat rahbarlari bilan munosabatlari yaxshi ekanini aytayotganiga qaramay, ular Trampning taklifini rad etishi ehtimoli baland, chunki Ukrainaning ortida Yevropa turibdi. Hatto Britaniya sobiq bosh vaziri Boris Jonson Shimoliy Koreyaning urushga qo‘shilganiga javob sifatida Britaniya ham Ukrainaga yordam sifatida qo‘shin kiritishi kerakligini aytmoqda. Agar Trampning harakatlari natija bermasa, mas’uliyatni Yevropaga yuklagan holda chetdan kuzatib turishi mumkin.
— Uzoq masofali raketalar urush taqdiriga qanday ta’sir qiladi?
Shuhrat Rasul: AQSh va Yevropa tomonidan Ukrainaga taqdim etilayotgan raketalar nomlari bilan farqlansa-da, aslida sinfiy jihatdan bir xil qanotli raketalar hisoblanadi. AQShning ATACMS raketalarining 80, 125, 306 va 480 kilometrga uchadigan modifikatsiyalari mavjud, hozir ukrainaliklarga berilayotgani – 306 kilometrga trayektoriya bilan oddiy yoqilg‘i yordamida uchadigan qanotli raketa. Mazkur turdagi raketalar AQShda unchalik ko‘p emas, ularning soni taxminan 4 mingta. Eng ko‘p raketa 480 kilometr masofaga uchadigan modifikatsiyasi hisoblanadi, biroq AQSh bu raketani Ukrainaga va’da qilmagan.
New York Times gazetasi yuqori lavozimli amaldorlarga tayanib ikki xil taxminni ilgari surgan, ya’ni hujumlarni faqat Kursk viloyatiga amalga oshirish uchun yoki butun boshli 300 kilometr radiusli hududlarga amalga oshirishga ruxsat berilgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Storm Shadow va SCALP raketalari bo‘yicha so‘rov yuborilgan, ammo bu borada yakuniy qaror qabul qilinmagan. Bu raketalar 650 kilometrgacha uchishi va Rossiya harbiy infrastrukturasiga jiddiy muammolar yuzaga keltirishi mumkin, chunki har bir hujum orqali bitta harbiy zavodni vayron qilish mumkin.
Kamoliddin Rabbimov: Agar rostdan 300 kilometr radiusli hududlarga hujum qilinsa, neft bazalari, Qrim ko‘prigi va Qrim infrastrukturasi to‘liq izdan chiqadi. Shuningdek, shu hududda joylashgan Janubiy harbiy okrug infrastrukturasini ham vayron qilish mumkin. Bundan tashqari, bu raketalar soatiga 1000-1500 kilometrga uchishi mumkin va ularni hozirgi Rossiya texnologiyalari urib tushira olmaydi. Shu sababli rossiyalik ekspertlar bu raketalar G‘arb texnologiyalari asosida boshqarilishi, bu esa ularning urushda bevosita ishtirokini anglatishi, shu tufayli Rossiyada G‘arb va NATOga munosib javob qaytarish uchun huquqiy asos mavjud bo‘lishini aytib, tahdid qilishga o‘tishgan.
— GPS'li raketalardan foydalanish G‘arb va Rossiyaning yuzma-yuz to‘qnashuvi sifatida baholanadimi?
Kamoliddin Rabbimov: Mavjud vaziyatni to‘g‘ri baholash kerak, masalan, Rossiya Ukrainaning Kiyev va boshqa shaharlarini to‘liq vayron qilib, energetika tizimini izdan chiqardi. Lekin Rossiyaning o‘zi bu xildagi hujumlarga atom bombasi yordamida javob qaytarishini aytmoqda, ya’ni Rossiyaning: “Men Ukrainani istagancha vayron qilishim mumkin, ammo uning o‘zini himoya qilish uchun bergan zarbalariga yadroviy tarzda javob beraman”, degan ma’nodagi bayonoti nihoyatda noto‘g‘ri.
Shuhrat Rasul: Rossiya hozirda Ukraina va G‘arbga ikki xil munosabatni namoyish qilyapti, masalan, Ukraina Rossiyaga G‘arb taqdim etishi mumkin bo‘lgan raketalarga teng qurollar bilan allaqachon urush olib boryapti, ammo Rossiya unga yadroviy qurol zarbasi bilan tahdid qilgani yo‘q. G‘arb qurollari bilan hujum qilsa, aynan G‘arbga atom bombasini tashlash tahdidi bilan chiqyapti. Bunga asosiy sabab Rossiya Ukrainani yadroviy urush bilan qo‘rqita olmaydi, chunki u bu bosqichdan o‘tib bo‘lgan, G‘arbni esa hozircha nisbatan qo‘rqitish mumkin.
— Rossiyaning javobi Ukrainaga qarshi bo‘ladimi yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri G‘arbga?
Kamoliddin Rabbimov: Rossiyaning Ukrainaga qarshi foydalanmagan yagona quroli – bu atom bombasi, qolgan barcha resurslaridan foydalanib bo‘ldi. Uning Shimoliy Koreyadan yordam so‘rashi Rossiyadagi resurslar yetishmovchiligidan darak beradi. Shuningdek, mamlakat iqtisodiy tomonlama ham jiddiy muammolarni boshdan kechirmoqda, buni harbiylarga ko‘rsatilayotgan moddiy yordamning qisqartirilganidan sezish mumkin. Rossiya tabiiy resurslarni sotish orqali nisbatan iqtisodiyotini ushlab turibdi.
Urushga safarbar qilinayotgan resurslar o‘rniga tinch aholini safarbar qilish mumkin, ammo bunda Moskva tobutlarga to‘lib ketadi, bu vaziyat oxiri juda katta namoyishlarga olib keladi. Demokratik davlatlarda deyarli har kuni namoyish bo‘ladi va voqealar namoyish bilan cheklanadi, diktatura hukmron davlatlarda esa yillar davomida yig‘ilgan muammolar natijasida qilingan namoyishlar ijtimoiy portlashni yuzaga keltiradi va bunda hukumat namoyishni hech qanday yo‘l bilan bostirolmaydi. Buni shaxsan Putinning o‘zi ham juda yaxshi tushunadi.
Shuhrat Rasul: Rossiyalik general, tadqiqotchi Konstantin Sivkov tomonlarning yadroviy potensiali haqida to‘liq ma’lumot bergan. Unga ko‘ra, AQSh, Rossiya va Yevropa o‘zining to‘liq yadroviy potensialidan foydalangan holda resurslar tugaguniga qadar jang qilgan taqdirda ham sayyora yashab qoladi, ammo aynan shu davlat va xalqlar yo‘q bo‘lib ketadi. Ularning umumiy yadroviy potensiali 9800 zaryadga teng va bu zaryadlar oxirigacha ishlatilgan taqdirda ham zarar Qozog‘iston shimoligacha yetib keladi xolos. Shu xulosalardan kelib chiqsak, Rossiya hech qanday yadroviy urushni rejalashtirmagan.
— Raketalardan foydalanishga cheklangan doirada ruxsat berilishi urush jarayoniga qanday ta’sir qiladi?
Shuhrat Rasul: Urush boshlangan vaqtda Ramshteyndagi yig‘ilishda e’lon qilingan AQSh rejasida Rossiyani iqtisodiy tomonlama toliqtirish hamda uni sobiq ittifoq davlatlariga ortiq tajovuz qilolmaydigan darajaga tushirish ko‘zda tutilgan edi. Hozircha bu rejani amalga oshirish davom etyapti. Lekin Ukrainaning g‘alabasi G‘arb uchun yutuq bo‘lmasligi mumkin, agar Donald Tramp o‘z ishini boshlaganidan keyin urushni sulh bo‘lmasa-da, muzlatishga erishsa, shuningdek, bosib olingan hududlar Rossiya nazoratida qolgan taqdirda ham G‘arb o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishgan bo‘ladi, chunki ular hozir Rossiyani ham iqtisodiy, ham harbiy tomonlama toliqtirishga erishdi.
Endi Rossiya o‘zining harbiy salohiyatini tiklashi uchun eng kamida 10 yil davomida harbiy sanoat komplekslarini uzluksiz ishlatishi zarur. Bu esa nafaqat G‘arb, balki Rossiya bosib olishi mumkin bo‘lgan barcha MDH davlatlari uchun ham katta g‘alaba bo‘ladi.
Kamoliddin Rabbimov: Bundan tashqari, Putin boshlagan bu urush pravoslav va slavyan dunyosini parchalab yubordi. Urush aynan shu nuqtada to‘xtagan taqdirda ham ukrainaliklar va rossiyaliklar o‘rtasidagi ziddiyat kamida o‘n yilliklarga, ehtimol asrlarga ham cho‘zilishi mumkin. Ya’ni Rossiya o‘zining tarixan eng yaqin birodariga tashlandi, u G‘arbga intilayotgan ukrainaliklarni o‘z ta’sir doirasida saqlab qolish uchun munosib takliflar berish o‘rniga ularga hujum qildi va natijada o‘zining imperializm g‘oyasi kelajagini xavf ostida qoldirdi. Bu tendensiya Putin hokimiyatdan ketgunga qadar davom etadi, albatta, lekin undan keyin yangicha g‘oyalarga ega guruh ma’muriyat boshqaruviga kelganida bu o‘z aks-sadosini beradi.
— Kremlning keyingi qadamlari qanday bo‘ladi?
Shuhrat Rasul: Birinchi qadam, taktik yadro tahdidi bo‘lishi aniq, bu boradagi bayonotlar tez orada yangraydi, chunki ukrainaliklar zarbani bir haftadan kechiktirmasligini ma’lum qildi. Keyingi jarayonlar qanday kechishi aniq, ya’ni baribir hech qanday yadroviy urush bo‘lmaydi.
Kamoliddin Rabbimov: Putin sovuqqon siyosatchi, qiyin vaziyatda doim o‘ylab reaksiya bildiradi, Kurskka bostirib kirilganda ham bir necha kun sukut saqlagan, ya’ni u o‘ziga nisbatan kuchli bosim bo‘lganida qadamini o‘ylab bosadi, ehtimol u butun boshli Rossiya o‘rniga Kursk viloyatini boy berishni ma’qul deb topar.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.