AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga o‘z ixtiyoridagi ATACMS uzoq masofali raketalardan Rossiyaning Kursk oblastidagi harbiylari himoyasi uchun foydalanishga ruxsat berdi, deb yozadi The New York Times hukumatdagi manbalariga tayanib.
Nashr «AQSh siyosatidagi jiddiy o‘zgarish» deb atagan bu qaror Kursk oblastiga shimoliy koreyalik harbiylar joylashtirilganiga javob sifatida qabul qilindi, deya tasdiqlagan rasmiylar.
Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlariga ATACMS raketalari bilan Rossiya hududi bo‘ylab zarba yo‘llashiga ruxsat berilishi Shimoliy Koreyaga uning Kursk oblastidagi harbiylari ojiz holatda ekani va KXDR Rossiyaga yordam uchun boshqa qo‘shin yubormasligi lozimligi haqidagi signal bo‘lishi kerak.
The New York Times manbalari AQShning ATACMS raketalaridan foydalanish bo‘yicha siyosatidagi bu o‘zgarish urushning borishini tubdan o‘zgartiradi deb hisoblamayapti.
Baydenning maslahatchilari ATACMS raketalaridan Rossiya hududi bo‘ylab foydalanish borasida yakdil fikrda emas, deya qayd etgan nashr manbalari. Ular hozircha gap raketalardan faqat Kursk oblastidagi nishonlar bo‘ylab foydalanishga ruxsat berilgani haqida ketayotgan bo‘lsa-da, kelgusida Bayden Ukrainaga bu qurollardan boshqa joylarda foydalanishga ham ruxsat berishi mumkinligini istisno qilmagan.
Reuters manbalari ham Bayden Ukraina qurolli kuchlariga ATACMS raketalaridan Rossiya hududi bo‘ylab hujumlarda foydalanishga ruxsat berganini tasdiqlagan. Ukrainalik harbiylar yaqin kunlarda bu imkoniyatdan foydalanmoqchi ekani aytilgan.
Donald Tramp yanvar oyi oxirida prezidentlikka kelganida Baydenning bu qarorini bekor qilishi yoki yo‘qligi hozircha noma’lum, deya qayd etadi agentlik.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ko‘p vaqtdan buyon g‘arblik ittifoqchilar ularga yetkazib bergan uzoq masofali raketalardan Rossiya hududlari bo‘ylab foydalanishga ruxsat berishini so‘rab kelayotgandi.
AQSh Ukrainaga uzoq masofali ATACMS raketalarini, Buyuk Britaniya — Storm Shadow, Fransiya — SCALP raketalarini yetkazib bergan. Ukraina qurolli kuchlari bu qurollarni RFning anneksiya qilingan Qrimdagi obektlariga zarba berishda qo‘llagan. Avvalroq Fransiya va Buyuk Britaniya Ukraina qurolli kuchlariga bu borada tegishli ruxsatni berishga tayyorligi haqida xabarlar tarqalgandi, ammo buning uchun AQSh ham ATACMS raketalaridan Rossiya hududlari bo‘ylab foydalanishga ruxsat berishi talab etilardi.
Sentyabr oyi oxirida NYT Amerika hukumatidagi manbaga tayangan holda AQSh razvedkasi agar g‘arbliklar Ukrainaga uzoq masofali raketalardan RF hududlari bo‘ylab foydalanishga ruxsat beradigan bo‘lsa, Rossiya «qat’iy javob harakatlari»ga o‘tishi mumkin, shu bilan birga, bu raketalardan foydalanish urushning borishini o‘zgartirmaydi, deb hisoblayotgani haqida xabar bergandi.