Shu kecha-kunduzda Abxaziyada yana hukumatga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Abxazlar respublika parlamenti Rossiya bilan investitsiya bilan kelishuv ratifikatsiya qilinishiga qarshi chiqmoqda.
Namoyishchilar respublika poytaxti Suxumi shahrida yuk mashinasi yordamida parlament binosiga kirish darvozasini buzishgan va ichkariga kirishgan.
Bundan oldingi yirik namoyishlar 2023 yil dekabrda bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda Abxaziya Pitsunda deb ataluvchi joyni Rossiyaga berib yuborgan va aholi bunga qarshi chiqqandi.
O‘zaro shartnomaga ko‘ra Rossiya sovet davrida davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan dalahovlilar va sanatoriylar joylashgan Pitsundani nol qiymatda hech qanday to‘lovlarsiz 49 yilga ijaraga olgandi.
Pitsunda Rossiyaga berilar ekan, ijtimoiy tarmoqlarda rossiyaliklar va abxaziyalar o‘rtasida keskin bahslar bo‘ldi. Shunda rossiyaliklar:
«Shuncha yildan buyon Rossiya sizlarni boqib keldi. Davlat tashkilotlarida ishlaydiganlarga maoshlar, qariyalarga pensiyalarni to‘ladi. Endi ozgina yer berilishiga qarshi chiqib «rahmat» aytyapsizlarmi?» – qabilida izohlar yozishdi.
Bunga javoban abxaziyaliklar «Rossiya har doim xolis do‘stligini aytib kelgani, agar bir kun kelib o‘sha yordam hisobiga yer olishini aytganda, yordam pullarini olmagan bo‘lishi»ni aytib javob berishdi.
Xo‘sh, nega sovet davrida gullab-yashnagan va odamlarning turmush darajasi juda yuqori bo‘lgan Abxaziya Gurjistondan ajralib chiqqandan so‘ng xarob va boqimandaga aylandi? Quyida shu haqda so‘z yuritamiz.
Sovet davrida gullab-yashnagan va keyin xarob bo‘lgan o‘lkalar
SSSR davrida Gurjiston tarkibida bo‘lgan Abxaziya va Janubiy Osetiya mamlakatning eng obod go‘shalaridan biri edi.
Biri Qora dengiz bo‘yida, ikkinchisi Gurjiston shimolidagi bahavo tog‘ o‘rmonlari bilan qoplangan hududda joylashgan bu ikki o‘lkada ko‘plab elit sanatoriylar, dam olish uylari va pansionatlar bor edi.
U yerlarga oddiy odamlar bora olmas, asosan turli darajadagi rahbarlar va yaxshi daromadga ega bo‘lgan, o‘ziga to‘q insonlar borib dam olardi.
Qazilma boyliklari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun oshiqcha yeri bo‘lmagan bu ikki hudud aholisi asosan xizmat ko‘rsatish sohasida ishlar va shuning ortidan yaxshi turmush kechirardi.
Ammo SSSR tarqab ketgandan so‘ng har ikkala hudud Gurjistondan bir tomonlama ajralgach vaziyat o‘zgardi. Notinchlik tufayli Abxaziya va Janubiy Osetiyaga kam sonli rossiyaliklardan tashqari hech kim kelmay qo‘ydi.
Oqibatda, sovet davrida qurilgan sanatoriylar, pansionatlar, dalahovlilar va dam olish uylari qarovsiz qolib yarim vayronaga aylandi va aholining turmush darajasi tushib ketdi.
Ancha yillardan buyon Abxaziya va Janubiy Osetiya aholisi Rossiyadan oladigan yordam hisobiga yashamoqda. Jumladan, har ikki respublikada budjet tashkilotlarida ishlaydiganlar maoshi, pensiya va turli nafaqalar Rossiya ajratayotgan mablag‘lar hisobidan to‘lab kelinmoqda.
Abxaziya va Janubiy Osetiyada yuz berib kelayotgan iqtisodiy qiyinchiliklar ortidan bu ikki respublika aholisi Rossiya va boshqa davlatlarga ko‘chib ketgan. Bu jarayon hanuzgacha davom etmoqda.
Xalqimizda «Bir kun janjal bo‘lgan joyda qirq kun baraka bo‘lmaydi» degan naql bor. Abxaziya va Janubiy Osetiya bir tomonlama Gurjistondan ajralib chiqqanini e’lon qilishi ortidan og‘ir vaziyatga tushib qoldi.
Agar SSSR parchalanib ketgandan so‘ng sodir bo‘lgan siyosiy jarayonlarga qaralsa, bir tomonlama mustaqillik e’lon qilib og‘ir vaziyatga tushgan faqat Abxaziya va Janubiy Osetiya emas.
Moldova sharqidagi tan olinmagan Dnestrbo‘yi respublikasi, Ozarboyjondagi Tog‘li Qorabog‘ respublikasi ham uzoq yillar og‘ir iqtisodiy qiyinchiliklar bilan yashadi.
(2020 yilda Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida 44 kunlik urush bo‘lib o‘tdi va ozarlar Tog‘li Qorabog‘ni o‘z nazoratiga qaytardi. Endi bu hududga juda katta sarmoya kiritilib, infratuzilma tiklanyapti.)
Mustaqil Gurjiston va undan ajralib chiqish uchun harakatlar
1990 yilda SSSR tarkibiga kiruvchi ittifoqdosh respublikalar mustaqil bo‘lish uchun harakat boshlaydi. Shu jumladan Gurjistonda ham 1990 yil 28 oktyabr kuni ko‘ppartiyaviylik asosida parlament saylovlari o‘tkaziladi. Unda Gurjistonni mustaqil qilishni maqsad qilgan Ozod Gurjiston harakati g‘alaba qozonadi.
Shundan so‘ng Gurjistonda barcha davlat ramzlari almashtiriladi. Davlatning nomi Gurjiston SSRdan Gurjiston demokratik respublikasi deb o‘zgartiriladi.
1991 yil 31 mart kuni Gurjistonda 1918 yilda qabul qilingan Mustaqillik Akti bo‘yicha mamlakatning mustaqil bo‘lishi masalasida referendum o‘tkaziladi. Unda qatnashganlarning 98,93 foizi mustaqillikni yoqlab ovoz beradi.
1991 yil 9 aprel kuni respublika oliy soveti Gurjiston mustaqilligi haqida aktni qabul qiladi.
Ana shu kunlarda mamlakat tarkibida bo‘lgan Abxaziya va Janubiy Osetiya Gurjistondan ajralib chiqishini ma’lum qiladi. O‘rtada qurolli mojaro boshlanadi.
1991 yil avgust oyida SSSRda davlat to‘ntarishi amalga oshiriladi va u muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Ittifoqdosh respublikalar birin-ketin o‘z mustaqilligini e’lon qiladi.
Ko‘p o‘tmay dunyo davlatlari sobiq ittifoq respublikalarining, shu jumladan Gurjistonning ham mustaqilligini tan ola boshlaydi.
1991-1992 yillarda sodir bo‘lgan qurolli mojarolarda Rossiya zimdan Abxaziya va Janubiy Osetiyani qo‘llaydi. Ayirmachilarga harbiy yordam ko‘rsatadi. Shundan so‘ng, rasmiy Tbilisi Abxaziya va Janubiy Osetiya ustidan o‘z nazoratini yo‘qotadi.
Bungacha Gurjistondagi Abxaziya va Janubiy Osetiya mojarolaridan tashqari, yana bir nechta respublikada ayirmachilik va etnik mojarolar sodir bo‘ladi.
Jumladan, Ozarboyjonga tegishli Tog‘li Qorabog‘da Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida, Prinestroveda Moldaviya tarkibida bo‘lishni xohlamagan kuchlar hukumatga qarshi qurol ko‘tarib chiqishadi.
Ushbu mojarolar sodir bo‘lgan hududlarning barchasiga Rossiya tinchlikparvar kuchlar niqobi ostida o‘z qo‘shinlarini kiritadi. (Ularning aksariyati hanuzgacha saqlanib qolyapti.)
Abxaziya va Janubiy Osetiya
1992 yilda Abxaziya va Janubiy Osetiya o‘z mustaqilligini e’lon qiladi. Gurjiston o‘z tarkibidagi bu hududlarning respublikaning mustaqil bo‘lib ketishiga rozi emasdi. Shu tariqa o‘rtada qurolli mojarolar yuzaga keladi.
Ikki yildan oshiqroq davom etgan urush 1994 yil 14 may kuni Moskvada tomonlarning tinchlik bitimini imzolashi bilan yakun topadi. Shundan so‘ng Abxaziyaga tinchlikparvar kuchlar niqobi ostida Rossiya harbiylari kiritiladi.
Har yili 27 sentabr Gurjistonda Abxaziya yo‘qotilgan kun sifatida eslanadi. Bu bejizga emas. 1993 yil 27 sentabr kuni Gurjiston Milliy gvardiya qo‘shinlari uzil-kesil Abxaziya ustidan nazoratni boy bergan.
O‘shanda so‘nggi janglar 13 oy va 13 kun davom etgan, Rossiyadan harbiy yordam olib turgan abxazlar Gurjiston milliy gvardiyasi xodimlarini o‘z hududidan siqib chiqargandi.
Janubiy Osetiyaning taqdiri ham Abxaziyanikiga o‘xshash kechadi. 3-4 yil davomida Gurjiston bilan qurolli mojaroga borgan osetinlar 1995 yilda o‘lka ma’muriy markazi Tsxinvali shahrida YeXHT va Rossiya ishtirokida o‘zaro kelishuvni imzolaydi.
Kelishuvga ko‘ra, Gurjiston Janubiy Osetiyani kuch bilan bo‘ysundirish, Janubiy Osetiya esa Gurjiston tarkibidan ajralib chiqish haqidagi qarorlarni bekor qilishadi.
Shundan so‘ng Gurjiston va Janubiy Osetiya rahbarlari bir necha marta uchrashib, o‘lkaning Gurjiston tarkibida qolishi va unga muxtoriyat huquqi berilishini muhokama qilishadi. Turli kelishuvlarga erishiladi.
Ammo Rossiya tinchlikparvar kuchlari joylashtirilgan Janubiy Osetiya kelishuvlarni doimiy ravishda buzib keladi va oxir-oqibat Gurjiston tarkibiga qaytmasligini ma’lum qiladi.
08.08.08. Gurjiston-Rossiya urushi
Janubiy Osetiyaga doir muhim voqea 2008 yilda sodir bo‘ladi. O‘sha yili 7 avgust kuni Gurjiston harbiylari o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Janubiy Osetiya poytaxti Tsxinvalini egallaydi.
8 avgust kuni o‘z fuqarolarini himoya qilish bahonasi bilan Rossiya harbiylari Gurjistonga bostirib kiradi. Uch kun davom etgan urushda Gurjiston yengiladi. O‘shanda Gurjistonda demokratik islohotlar o‘tkazgan Mixail Saakashvili mamlakat prezidenti edi.
Urush tugagach, Rossiya Janubiy Osetiya va Abxaziyani ham mustaqil davlat deb tan oladi. Shundan so‘ng har ikki respublika Rossiyaga qaram hududga aylanadi.
2008 yilda sodir bo‘lgan urushgacha va undan keyin ham Janubiy Osetiya va Abxaziya respublikalari aholisiga Rossiya pasportlari tarqatilmoqda.
Xaroba bo‘lgan va boqimandaga aylangan ayirmachilar
Abxaziya va Janubiy Osetiya o‘zini mustaqil deb e’lon qilganiga 30 yildan oshyapti. Bu ikki respublika Gurjistondan bir tomonlama o‘z mustaqilligini e’lon qilib gullab-yashnab ketmadi.
Aksincha, ko‘p narsalarni boy berdi. Ayniqsa, «mustaqillik»dan Abxaziya juda katta zarar ko‘rdi. Respublikaning sayyohlik tizimi butunlay «o‘tirib» qoldi. Odamlar ishsizga aylandi.
Sovet davrida kommunistik partiyaning yuqori lavozimli amaldorlari dam olgan sanatoriylar, pansionatlar va boshqa dam olish joylari yarim vayronaga aylandi.
Hatto, Abxaziyaga bemalol kirib-chiqishi mumkin bo‘lgan rossiyaliklar ham dam olish uchun bu respublikaga kelmaydi. To‘g‘ri-da, yarim vayronaga aylangan joylarga kim ham kelardi?!
Qolaversa, Abxaziya va Janubiy Osetiya o‘zini mustaqil deb e’lon qilgani bilan tom ma’noda mustaqil bo‘lgani yo‘q. Aksincha, Gurjistondan ajralib chiqib, bir tomonlama mustaqillik e’lon qilgani bilan Rossiyaga siyosiy va iqtisodiy qaramga aylandi.
Bu xuddi qordan qutulib, do‘lga tutilishga o‘xshaydi. Bugun har ikki respublika to‘liq dotatsiyada o‘tiribdi va Rossiyaning yordami bilan kun ko‘ryapti.
Uzoq yillardan buyon Rossiya Abxaziya va Janubiy Osetiyaga har yili yordam pullarini ajratib kelmoqda. Abxazlar va janubiy osetiyaliklar o‘sha pullar hisobidan yashamoqda.
Budjet tizimida ishlovchilarning maoshlari, pensiya va nafaqa kabi ijtimoiy to‘lovlar o‘sha pullar hisobidan to‘lanmoqda.
Biroq, 2022 yil 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirgandan so‘ng vaziyat tamomila o‘zgardi. G‘arb sanksiyalari tufayli Rossiyaning o‘zi iqtisodiy muammolarga duch kelyapti.
Bunday sharoitda Rossiya Abxaziya va Janubiy Osetiyaga yordam bera olmasligi kunday ravshan edi. Shu sababli ham urush boshlangandan so‘ng bir necha kun o‘tib, Rossiyada Abxaziya va Janubiy Osetiyaga beriladigan yordam miqdorini keskin kamaytirish haqida gapira boshlashdi.
2022 yil fevraldan keyin Abxaziya uchun yana bir ko‘ngilsiz ish sodir bo‘ldi. Rossiya tomoni Abxaziyaga oshiqcha pul berib yuborganini da’vo qilib, uni qaytarishni so‘ramoqda.
Jumladan, 2023 yil 15 mart kuni Rossiya davlat Dumasida shu masala ko‘rib chiqilgan va 2015 yildan 2022 yil 30 iyungacha 24,4 mln rubl oshiqcha to‘langani ma’lum qilingan.
Bundan tashqari, 2025 yildan boshlab Rossiya Abxaziyadagi budjet xodimlariga maosh to‘lashni to‘xtatmoqchi. Agar bu ish amalga oshsa, shundoq ham qiyin ahvolda yashayotgan Abxaziyada vaziyat battar og‘irlashadi.
So‘nggi tadqiqotlar va tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Abxaziyada so‘nggi 10-15 yilda ham hech qanday mahsulotlar ishlab chiqarilmaydi. Respublikada yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari esa abxazlarning o‘zidan ortmayapti.
Sayyohlik tizimi batamom ishdan chiqib bo‘lgan va juda oz sonli rossiyaliklarni aytmaganda respublikaga hordiq chiqarish uchun hech kim kelmaydi.
Respublika faqat iste’molchiga aylangan va mahsulotlar to‘liq xorijdan olib kelinadi. Oqibatda, Abxaziyadan chiqib ketayotgan pul miqdori, Rossiya berayotgan yordam va shu davlatda ishlayotgan abxaziyaliklar yuborayotgan pul miqdoridan oshib ketgan.
Abxaziyada iqtisodiy vaziyatning og‘irligi har yil qish faslida yaqqol seziladi. Garchi respublika Qora dengiz bo‘yida, nisbatan iliq iqlim hukm suradigan hududda joylashgan bo‘lsa ham kuzdan bahorgacha elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar bo‘ladi.
Chunki respublika o‘z ehtiyojlariga yarasha elektr energiya ishlab chiqara olmaydi. Qo‘shnilardan sotib olish uchun esa pul kerak.
Tahlilchilarga ko‘ra, agar Abxaziya va Janubiy Osetiya Gurjiston tarkibida qolganida bugun Gagradagi va Tsxinvalidagi mehmonxonalar, sanatoriylarga qushlar uya qurmagan va ularga milliardlab dollar sarmoyalar kiritilgan bo‘lardi.
Bugun kimsasiz holda huvullab yotgan joylar yevropaliklarning eng sevimli dam olish maskanlariga aylanardi.
Bunga Gurjistondagi Batumi shahrini misol qilish mumkin. Ajariya ham Abxaziya va Janubiy Osetiyaga o‘xshab Gurjiston tarkibida avtonom hudud hisoblanadi.
Bu respublikada ham 2004 yilda Gurjistondan ajralib chiqish uchun qurolli mojarolar sodir bo‘ldi. Biroq hukumat qo‘zg‘olonni bostirishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘shanda ayirmachilar yetakchisi Ajariya rahbari Aslan Abashidze Moskvaga qochib ketdi. Ko‘p o‘tmay mojarolar tinchidi va respublika juda tez sur’atlarda rivojlana boshladi.
Bugun Ajariya tom ma’noda gullab-yashnamoqda. So‘nggi yillarda Qora dengiz bo‘yidagi dam olish hududlarini rivojlantirish uchun Batumi va yana bir qator shaharlarga juda katta xorijiy sarmoya kirib keldi.
Ajariyaning hududi 2 899 kilometr kvadrat va bu yerda bor-yo‘g‘i 370 ming aholi yashaydi (O‘zbekistondagi o‘rtacha bitta tuman aholisi). Biroq respublikaning yalpi ichki mahsulot hajmi 2016 yildan buyon har yili qariyb 8 foizdan o‘sib kelmoqda.
2022 yilda Ajariyaga 107 mln dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kirgan. 2021 yilda respublika budjeti 307,4 mln lari (dollarda 115 mln dollar atrofida bo‘ladi) foyda ko‘rgan.
Abxaziyada 2023 yilda eng yuqori maoshlar (bu yerda Rossiya rubli amal qiladi) moliya sohasida ishlayotganlarga berilgan – 36,9 ming rubl. Boshqalarda , sayyohlik sohasida – 24,5 ming, savdo sohasida – 26 ming, qurilish va energetika sohasida – 22 ming, sanoatda band bo‘lganlar – 20 ming rubl, aloqachilar – 18 ming rubl bo‘lgan.
Eng kam maosh jamoat transporti haydovchilari 13,9 ming, ilmiy-ishlab chiqarish sohasida – 14,6 ming rublni tashkil etgan. Agar 1 AQSh dollar so‘nggi paytlarda 90 rubl atrofida bo‘layotgani inobatga olinsa Abxaziyada eng katta maosh 350 dollar atrofida, eng kam maosh esa 100 dollardan oshiqroq ekanini ko‘rish mumkin.
2023 yilda Abxaziyada o‘rtacha ish haqi respublika markazi Suxumi shahrida 250 dollarni, tumanlarda esa 10 ming rubldan 18 ming rublgacha (110 dollardan 200 dollargacha)ni tashkil etgan.
Bu ko‘rsatkich Gurjistondagi vaziyat bilan solishtirganda ancha kam. Jumladan, 2023 yil ma’lumotlariga ko‘ra bu mamlakatda o‘rtacha ish haqi 657 dollarni (1 717 lari, 1 dollar 2,65-2,80 lariga teng), poytaxt Tbilisi va Batumi shaharlarida bu ko‘rsatkich 1 000 dollarni tashkil etgan.
Ochiq ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, bugun og‘ir iqtisodiy sharoitda yashayotgan abxaziyaliklar gurjistonliklarga qaraganda 5-6 barobar kam ish haqi olishadi.
Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligini kimlar tan olgan?
Vikipediya ma’lumotlariga ko‘ra, Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligini Rossiya, Nikaragua, Venesuela, Suriya va Okeaniyada joylashgan Nauru tan olgan.
Xalqaro siyosatda bor-yo‘g‘i to‘rtta davlatning tan olishi amalda hech narsani anglatmaydi. Chunki shunday davlatlar borki, ularning mustaqilligini yuzlab davlatlar tan olgan. Shunda ham ular BMT va shu kabi xalqaro tashkilotlar a’zosi emas.
Masalan, Kosovo va Falastin. Falastin mustaqilligini 150 ga yaqin, Kosovo mustaqilligini esa 100 ta davlat tan olgan. Shunda bu ikki davlat xalqaro tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘la olmayapti.
Shundan kelib chiqsak, kelajakda Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligini boshqa davlatlar tan olgan taqdirda ham (bunday bo‘lishi hali amrimahol) bu ikki respublika xalqaro hamjamiyat bilan integratsiyaga kirisha olmaydi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.