Sietldagi Vashington universiteti professori Piter Nobl va Kaliforniyadagi City of Hope milliy tibbiyot markazi xodimi Aleks Pojitkov ma’lumotlariga ko‘ra, organizm vafot etgandan so‘ng ozuqa moddalari, kislorod, bioelektrik yoki biokimyoviy signallar mavjud bo‘lsa, uning hujayralari hayotlik paytida ega bo‘lmagan yangi qobiliyatlarni o‘zlashtirishi mumkin.
Olimlar o‘lgan qurbaqalar terisining hujayralari laboratoriyadagi Petri idishiga moslasha olishini aniqladi, bu hujayralar o‘z-o‘zidan qayta tashkil topib, “ksenobotlar” nomli ko‘p hujayrali organizmlarga aylanadi. Bundan tashqari, tadqiqotchilar inson o‘pkasidagi alohida hujayralar organizm halok bo‘lganidan so‘ng “antrobotlar” deb ataluvchi miniatyura ko‘p hujayrali organizmlarga birlashishi mumkinligini xabar qildi.
Nobl va Pojitkovning tadqiqoti hujayralar va organizmlarning faqat bitta, oldindan belgilangan yo‘nalishda evolyutsiya qilishi haqidagi tasavvurni shubha ostiga qo‘yadi. Olimlarning ta’kidlashicha, organizm o‘lgandan keyin to‘qimalarning yashab qolish-qolmasligi bir qator omillarga — atrof-muhit sharoitlari, metabolik faollik va konservatsiya usullariga bog‘liq.
Hujayralarning yashash muddati ularning turiga qarab har xil bo‘ladi. Masalan, odamlarda leykotsitlar odatda o‘limdan so‘ng 60-86 soat ichida parchalanadi, sichqonlarning skelet hujayralarini 14 kun davomida qayta tiklash mumkin, qo‘y va echkilarning fibroblastlarini esa hayvonlar nobud bo‘lganidan taxminan bir oy o‘tgach implantatsiya qilish mumkin.
Bu sohadagi tadqiqotlar 15 yildan ortiq davom etmoqda. Dastlabki tajribalar ilmiy hamjamiyat tomonidan shubha bilan qabul qilingan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan munosabat o‘zgardi. 2017 yilda olimlar sichqonlar va baliqlarda o‘limdan so‘ng mingga yaqin gen ishlashda davom etishini aniqlagandi.
Nobl va Pojitkovning fikricha, bunday tadqiqotlar regenerativ tibbiyot va immunoterapiyada inqilobiy yutuqlarga olib kelishi, shuningdek, vaqt o‘tishi bilan “yuridik o‘lim” konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish uchun asos bo‘lishi ehtimoli bor.
“Hayot haqidagi fundamental masalalarni tushunish ostonasida turibmiz”, — deb xulosa qildi ular.