Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga himoya orderi beriladi

O‘zbekiston 18:44 319

Qonunga ko‘ra, quyidagilar bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning shakllaridir:

- jismoniy zo‘ravonlik;

- jinsiy zo‘ravonlik;

- ruhiy zo‘ravonlik;

- g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik;

- ekspluatatsiya qilish;

- ta’qib etish (bulling).

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllari taqiqlanadi hamda qonun bilan ta’qib qilinadi.

Davlat bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish uchun tegishli huquqiy, ma’muriy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa choralarni ko‘radi.

Qonunga muvofiq:

- zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarning huquqlari belgilanmoqda;

- bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha yakka tartibdagi chora-tadbirlar belgilanib, jumladan, zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga himoya orderi berish tartibi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Shunga ko‘ra, himoya orderi ichki ishlar organlari tomonidan beriladi va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga yoki uning qonuniy vakiliga vakolatli davlat organi ishtirokida topshiriladi.

Himoya orderi 30 kun muddatgacha beriladi va rasmiylashtirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.

Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Agentlik yordam ko‘rsatish, maslahat berish mexanizmi va chora-tadbirlari to‘g‘risida axborot olinishini, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik hollarining oldi olinishini ta’minlash maqsadida O‘zbekistonning butun hududida tunu kun ishlaydigan ishonch telefoni ishlashini ta’minlaydi. Ishonch telefoni orqali olingan axborotni oshkor etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: