Donald Tramp boshqaruvi ostida Ukrainadagi urush tezroq tugaydi, dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.
«Albatta, endi Oq uyni boshqaradigan bu jamoa siyosati bilan urush tezroq tugaydi. Bu ularning yondashuvi, jamiyatga bergan va’dasi va ular uchun bu ham juda muhim», dedi u.
Ukraina rahbari o‘zi va Tramp o‘rtasida konstruktiv hamkorlik yuzaga kelganini va Ukraina tomoni dunyo kelajagi bo‘yicha o‘z pozitsiyasini aniq ifodalash imkoniga ega ekanligini ta’kidladi.
«U [Tramp] bizning pozitsiyamizdan xabardor va unga qarshi ekani haqida hech narsa eshitmadim», deb ta’kidladi prezident.
Zelenskiy, shuningdek, «urush tugaydi, ammo aniq sana yo‘q», deb ta’kidladi. Shu bilan birga, u Ukraina uchun «adolatli tinchlik» muhimligini ta’kidladi.
Tramp Ukrainaga Rossiya bilan muzokaralarda ishtirok etish talabini qo‘yganmi degan savolga javob berar ekan, Zelenskiy ham ukrainaliklar, ham shaxsan o‘zi AQSh, Tramp, Bayden va Yevropa yetakchilari bilan muzokaralarda «O‘tir va tingla» ritorikasi ish bermasligini isbotlaganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp saylovoldi kampaniyasi davomida Ukrainadagi urushni imkon qadar tezroq «to‘xtatish» kerakligini aytgan edi. Respublikachiga ko‘ra, uning ma’muriyati asosiy e’tiborni Rossiya-Ukraina urushiga qaratadi va uni tugatish yo‘llarini izlaydi.
Trampning saylovdagi g‘alabasidan so‘ng ommaviy axborot vositalarida turli xil nazariyalar paydo bo‘ldi – asosiylaridan biri Ukraina hududiy yon bosishga majbur bo‘lishi mumkinligi edi. Ommaviy axborot vositalari yozgan boshqa ehtimoliy variantlar orasida NATOga 20 yil davomida a’zo bo‘lishdan bosh tortish ham bor.