Germaniya kansleri Olaf Shols va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 15 noyabr kuni telefon orqali muloqot qildi, deb xabar beradi Sueddeutsche Zeitung gazetasi.
Ikki mamlakat yetakchilari oxirgi marotaba 2022 yil 2 dekabrda telefon orqali suhbatlashgan edi.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, suhbat bir soatga yaqin davom etgan.
Putin va Sholsning suhbatini ko‘p o‘tmay Germaniya hukumati ham tasdiqladi. Qayd etilishicha, Germaniya kansleri Putinni Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinini to‘xtatishga va RF qo‘shinlarini uning hududidan olib chiqib ketishga chaqirgan.
U, shuningdek, «Rossiyani adolatli va mustahkam tinchlik maqsadida Ukraina bilan muzokaralarga tayyor turishga chaqirgan». Sholsning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya Ukrainani «qancha kerak bo‘lsa, shuncha» qo‘llab-quvvatlaydi. GFR kansleri Putin bilan suhbatdan oldin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan ham qo‘ng‘iroqlashgan.
Kreml Putin va Sholsning muloqotiga hozircha izoh bermadi.
Oktyabr o‘rtalarida Shols bundestagda nemis deputatlari qarshisida chiqish qilib, Ukrainada «adolatli tinchlik» uchun Vladimir Putin bilan muzokaralarga tayyorligini bildirgan edi.