“Mustaqillikning 25 yilligi” konida 9 noyabr kuni portlash yuz bergan. Kon og‘zida ulkan alanga hosil bo‘lgan. Shundan so‘ng atrofga gaz hidi tarqalishi kamaygan. Ammo bu qachongacha davom etishi noma’lum. Kon atrofidagi qishloqlardan ko‘chirilganlar taqdiri noma’lum bo‘lib turibdi. Ular hamon o‘z uylariga qaytganlari yo‘q. Mas’ullar va pudratchi kompaniyadan esa sado yo‘q.
Boysun tumanidagi gaz konida ikkinchi avariya sodir bo‘lganiga salkam 60 kun bo‘ldi. Bir vaqtlar respublikaning eng ekologik toza shaharlaridan biri bo‘lgan bu hududning atmosferasi qaytib tiklanmas darajaga yetib kelmoqda. Odamlar hanuz nima qilishini bilmaydi, ba’zilari uyiga qaytolmay sarson. Mas’ullar esa “og‘ziga talqon solib olgan”.
Kun.uz ayni masala kun tartibidan chiqib ketmasligi uchun navbatdagi materialni tayyorladi. Xo‘sh, hozirgacha nimalar ma’lum?
Takroriy portlash va yong‘in
9 noyabr kuni tarmoqlarda Boysundagi “Mustaqillikning 25 yilligi” konida yong‘in bo‘lgani va bir guruh o‘t o‘chiruvchi xodimlar uni bartaraf etishga uringani aks etgan videolar tarqaldi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, o‘sha kuni konda katta portlash sodir bo‘lgan. Oqibatda yuqoridagi holat, yirik yong‘in yuzaga kelgan.
Konga yaqin hududda yashovchilardan birining aytishicha, ayni shu takroriy portlashdan keyin Boysunda gaz hidi tarqalishi kamaygan. “Gaz hidi Kofrunda ham yo‘q”, – deydi tahririyatga vaziyat haqida gapirib bergan bir boysunlik.
"Menga yetib kelgan ma’lumot, ular o‘sha “vishka” bor edi-ku, shu "Mustaqillikning 25 yilligi" konining simyog‘ochini yiqitishgan. Oldin tikka turgan holatida undan chiqayotgan gazni yoqa olishmayotgan edi. Shuning hisobidan gaz chiqayotgandi. Hozir shu narsani ag‘natgan (qirqib tashlashgan), ag‘natgani uchun ikki yon tomoniga quvur chiqarib, qolgan gazni ham – ishqilib shu chiqayotgan hamma gazni yondirib qo‘ygan bular.
Yong‘indan xabarim yo‘q, menga kelgan mana shu bugungi ma’lumotga qaraganda, “vishka”ning ham o‘zini qulatib, joyini yondirgani uchun 4 kundan buyon, vazir kelishidan bir kun oldin boshlandi bu holat, hozirgacha gaz hidi yo‘q, Kofrunning o‘zida ham yo‘q. Chunki ertalab bir ish bilan Kofrunning o‘ziga tushib keldim, Kofrunda ham toza havo. Ishqilib, gaz hidi yo‘q”, – deydi u.
Boysunliklarning holati qanday?
14 noyabr kuni tarmoqlarda Boysunning kichik mahallasi – Shirinobodda yashovchi Qurbonali Xolmurodovning videolari tarqaldi. Unda Xolmurodov astmasi bor qizalog‘ining gaz hidi sabab aziyat chekayotgani, Kun.uz materialida intervyusi e’lon qilinishiga qaramasdan, mas’ullar yordam qilmagani haqida gapirib o‘tgan. Avvalroq, boysunliklarning qishni qanday o‘tkazishi noma’lumligiga oid materialimizida ham fuqaro rasmiylarning befarqligini ta’kidlagandi.
Ayni videoning to‘liq shakli tahririyatimizga ham kelib tushgan. Ammo uning iltimosi bilan sayt buni e’lon qilmagandi. Xolmurodov tarmoqlarda sizdirilgan tasvirlar sabab IIOga chaqirilganini, ma’lum tushuntirishlardan so‘ng u va qiziga yordam qilinayotganini bildirdi.
"Mendan so‘ramasdan bo‘lmaydigan videoni chiqarib yuborgan, ular bo‘lsa, "prezidentga qaratib aytgansan", deyishdi. Endi men bu masalada aytmaganman, qizimning holatini ko‘rib, stressda nima deganimni o‘zim bilmayman. Keyin uyga kelib, afsuslanib, Karomatga (video tarqagan odam) aytdim, "Karomatjon, videoni chiqarmagin, sendan iltimos", – dedim.
Bir hokim bobo bilan yaxshi edim, ko‘ziga [balodek ko‘rindim]... Agar sizga tashlagan bo‘lsa, shuni o‘chirib tashlang.
O‘zimizning uchastkavoy "murojaat qilibsan, qanday yordam kerak senga, nima qilishimiz kerak?" – degan savollarni qo‘ydi.
Qizimning operatsiyasini davlat tomonidan bepul qildirdim, 2-3 ta kerakli apparatlarni yozdirdim, ularni uyga yetkazishlarini aytishdi. Ertaga qizimni yana tekshiruvdan o‘tkazamiz", – dedi u.
Shuningdek, Xolmurodov ham hozircha gaz hidi tarqalmayotganini, qizining holati endi yaxshilanayotganini ma’lum qildi. Joylarda zaharli gaz odamlarni bezovta qilmayotgani yaxshi xabar, albatta. Ammo kon atrofidan yotoqxona va kollejlarga ko‘chirilganlarning hanuz mavhumlikda yashayotgani ko‘pchilikni og‘rintirayotgan bo‘lsa kerak.
Gazeta.uz nashriga intervyu bergan mahalliy aholi rasmiylarning aniq ma’lumotini kutayotganini, kelayotgan qishdan qanday omon chiqishidan xavotirdaligini bildirgan. Kun.uz shu intervyulardan ayrimlarini keltiradi.
“Menga zarilmi homilador holimda shu kollejda yashash? Kvartiraga chiqsangiz ham kamida 2 mln so‘m so‘raydi. Har xil gap bo‘lyapti, ba’zilar: “Bular ovqat uchun shu yerda yotibdi”, deyapti. Shuncha yilgacha o‘zimizning xo‘jayinimiz boqib kelgan-ku. Qotgan nonimizni yesak ham, o‘z uyimizda yeb o‘tirsak, o‘sha yaxshi”, – degan shaxsini oshkor qilishni istamagan ayol.
“1 sentabrda gaz portlaganidan beri ko‘chada sarson bo‘lib yuribmiz-da. Yarmimiz qishloqda, yarmimiz Boysunda. Homilador kelinlarimizni hech joyda saqlolmadik — Bandixonga yuborgandik, gazning hidi u yerga ham bordi, u yoqning shifokori bu yer bo‘lmaydi, kelinning [homila] suvi loyqalangan, debdi. Shu bilan, ota-onasi Toshkentda edi, uni Toshkentga jo‘natib yubordik. Uch kun bo‘ldi Toshkentdan kelganiga. Endi bolali bo‘lishi kerak — qayerda bolali qilib, qayerga olib borishimni bilmay o‘tiribman gazni deb”, – deydi yana bir ayol.
“Bular hammani ovora qildi, sarson qildi. Bitta gapni aytsa, “bo‘lmaydi endi, ketinglar”, desa, odamlar majburlikdan ketadi, ilojini boricha. Og‘aynilarnikiga ham bir marta borib keldik. Ularnikiga ham 10−15 kun sig‘asiz, keyin sig‘maysiz. “Mehmondorchilik ham uch kun” deydi-ku. Topgan pulimiz ukol-dori, yo‘lkiraga ketyapti. Yeyotganimiz yo‘q, bolalarimizni kiyintirayotganimiz yo‘q. Bergan narsasi uyimizda turibdi, uni huzurlanib yegingiz kelmaydi. O‘zingiz bozordan bir kilo go‘sht olsangiz, bolalaringizga shunday huzurlanib ovqat qilasiz, lekin bularning bergan go‘shti shunday turibdi — qovurgingiz ham kelmaydi, yegingiz ham kelmaydi, tomog‘ingizdan ham o‘tmaydi, turibdi shunday”, – degan boshqa fuqaro.
Rasmiylar nima degandi?
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 6 oktyabrda “Lolazor” podkastiga qilgan chiqishida konni jilovlash uchun tuzilgan 2-3 kunlik ssenariy ish bermasa, muammoni bartaraf etish uchun yana 2–3 oy vaqt kerakligini aytgandi.
“Zararni kamaytirish maqsadida bir qism gaz chiqarib yoqib yuborildi. Hozir shu choralar ko‘rilyapti. 2-3 kundan keyin moslamani o‘rnatishadi, yopishga harakat qilib yopa olsa, yaxshi. Bo‘lmasa keyingi ssenariylarga ko‘ra qudug‘ini ochib, yonidan qo‘shimcha quduq burg‘ilab, shu orqali yopishga harakat qilinadi. Bu 2-3 oy vaqtni olishi mumkin”, – degan Mirzamahmudov.
Shundan kelib chiqsak, “M25” koni keyingi yil yanvar oxirlariga borib jilovlanishi mumkin. Ungacha esa mahalliy aholiga kim yordam qiladi, qishni qanday o‘tkazib oladi – hozircha noma’lum. Bunga mas’ul vazirlik, idora, tashkilot va pudratchi kompaniya esa sukunatda.