Tramp bosh prokurorlik uchun nomzod tanladi -  u giyohvand moddalar iste’mol qilishda va voyaga yetmaganlar bilan aloqada ayblangan kongressmen

Jahon 09:48 / 14.11.2024 12399

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp o‘zining bo‘lg‘usi ma’muriyatidagi lavozimlarga nomzodlarni tanlashda davom etmoqda. AQSh Milliy razvedka direktori lavozimi uchun u Talsi Gabbardni tayinlashni taklif qilgan — u Vakillar palatasining demokratlardan bo‘lgan, keyinchalik Respublikachilar partiyasi safiga o‘tgan a’zosi bo‘lib, AQShning urushlardagi ishtirokini tanqid qilib kelgan. Bosh prokuror va Adliya vazirligi rahbarligiga Tramp respublikachi Mett Gets nomzodini ilgari surdi — bu uning faol tarafdori bo‘lib, 17 yoshli qiz bilan munosabatlari tufayli unga qarshi ish ochilgan. «Meduza» bu ikki tayinlov haqida ma’lum bo‘lgan gaplar hikoya qildi.

AQShning bo‘lajak bosh prokurori kim?

13 noyabr kuni Tramp Vakillar palatasining Respublikachilar partiyasidan a’zosi Mett Getsni bosh prokuratura va AQSh Adliya vazirligi rahbari lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatdi. Saylangan prezident fikricha, Gets Amerika chegaralarini himoya qilib, «jinoiy guruhlarni yakson etadi va amerikaliklarning Adliya vazirligiga singan ishonchini tiklaydi».

O‘tgan haftada Gets bir necha kunni Trampning Floridadagi qarorgohi bo‘lmish Mar-a-Lagoda o‘tkazgandi, deb xabar bergan CNN o‘z manbasiga tayanib. Chorshanba kuni u Tramp bilan birgalikda Vashingtonga uchgan. Trampning e’lonidan biroz o‘tib Gets bosh prokuror lavozimini egallash o‘zi uchun sharaf bo‘lishini aytdi. Telekanal qayd etishicha, Getsning amaliyotchi huquqshunos sifatidagi tajribasi katta emas — ayniqsa so‘nggi yillarda ushbu lavozimni egallagan boshqa bosh prokurorlar bilan taqqoslaganda. U o‘z karerasining katta qismini siyosatga bag‘ishlagan. 

«Bosh prokuror roli Trampning ikkinchi muddati uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ladi va saylangan prezidentning saylovoldi kampaniyasi chog‘ida va’da qilgan immigratsiya, reproduktiv salomatlik va siyosiy dushmanlar ustidan tergov o‘tkazish siyosatini amalga oshirishga yordam beradi», — deya yozadi CNN. 

Gets bir necha marta AQSh adliya vazirligi Jo Bayden davrida konservativ kuchlar, jumladan Donald Trampga qarshi vositaga aylanganini aytib chiqqandi. U shuningdek, Federal qidiruv byurosini ham tanqid qilgan, uning fikricha, ushbu idora kuzatuv sohasida qonun ruxsat berganidan «ancha tashqariga chiqib ketgani»ni aytgan. U maxsus xizmatlar vakolatlarini cheklashga chaqirgan. «Biz yoki hukumatni o‘zimizga qaytaramiz, yoki moliyalashtirishni to‘xtatib, FQB, Kasalliklarni nazorat qilish markazi (CDC), 
Alkogol, tamaki, o‘qotar qurollar va portlovchi moddalarni nazorat qilish byurosi (ATF), Adliya vazirligi hamda ularga bo‘ysunuvchi tashkilotlarning barchasidan qutulamiz», — degan Gets 2023 yildagi tadbirlardan birida. 

Bo‘lajak bosh prokuror Tramp va Kapitoliy shturmi ishtirokchilariga qarshi jinoiy ishlarni ham qoralagan. Xususan, saylangan prezidentga qarshi maxfiy hujjatlarni saqlash qoidalarini buzganlik uchun ochilgan ish tugatilishini olqishlagan. 

Gets Ukraina bundan keyin ham AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga qarshi. 2023 yil fevralida u Vakillar palatasida Ukrainaga harbiy va moliyaviy yordamni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyani yoqlab chiqqan 11 respublikachidan biri bo‘lgandi. 

2021 yilda AQSh Adliya vazirligi Getsni jinsiy qullik maqsadida odam savdosi bilan shug‘ullanishda ayblab, tergov boshlagan. Kongressmen 17 yoshli qiz bilan jinsiy aloqa qilishda va o‘zi bilan safarlarda birga yurishi uchun pul to‘lashda gumon qilgan. U bu ayblovlarni rad etgan. 2023 yil fevralida vazirlik tergovni yakunlagan hamda unga qarshi ayblovlar qo‘ymagan. The Washington Post ma’lumotiga ko‘ra, ayblov tomoni ish bo‘yicha ikki asosiy guvohning ko‘rsatmalarini shubhali deb topgan. 

Vakillar palatasining etika bo‘yicha qo‘mitasi ham Getsga nisbatan tergov boshlagandi. U bezorilik va giyohvand moddalar iste’mol qilishda gumon qilingan, shuningdek, u «qimmatbaho sovg‘alar olgani, shaxsiy munosabatlari bor kishilarning ishini hal qilib bergani va o‘ziga qarshi tergovga to‘sqinlik qilishga uringani» taxmin qilingan. Gets bu ayblovlarni ham bir necha marta rad etgan. Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyi holatiga o‘ndan ortiq guvohlar so‘roq qilingan, 25 ta sudga chaqiruv qog‘ozi chiqarilgan va Getsning tergoviga oid minglab sahifali hujjatlar ko‘rib chiqilgan.

13 noyabr kuni Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson bosh prokuror lavozimiga tasdiqlash jarayoniga tayyorlanayotgani uchun Gets kongress a’zoligini tark etganini ma’lum qildi. CNN qayd etishicha, Getsga nisbatan tergov to‘xtatiladi, chunki Vakillar palatasi qo‘mitasi faqat kongress a’zolariga nisbatan tekshiruvlar o‘tkazish vakolatiga ega.  

Respublikachilar partiyasining kongressdagi yuqori martabali vakili Politico bilan suhbatda Gets bosh prokuror lavozimiga tayinlanishini «kuchli yurish» deb atagan. Trampning atrofidagilar orasida esa hamma ham bu tanlovdan mamnun emas, deya qayd etadi nashr manbaga havola qilib. Respublikachi senator Lindsi Grem Gets nomzodi bosh prokurorlikka ilgari surilishiga fikr bildirish so‘ralganida shunday degan: «Men bu haqda o‘ylab ko‘rishim kerak».

AQSh Milliy razvedkasining bo‘lajak direktori kim?

Sobiq kongressvumen Talsi Gabbard «Rossiyaning legitim xavotirlari» haqida gapirgan va Bayden ma’muriyatini Ukrainaga harbiy yordam uchun tanqid qilgan.Foto: Reuters

43 yoshli Talsi Gabbard — Amerika armiyasining iste’fodagi zobiti bo‘lib, Iroqda ham xizmat qilgan. Tramp Gabbard AQSh Milliy razvedkasiga direktor bo‘lishi haqidagi bayonotida u razvedka jamiyatiga «qo‘rquv bilmas ruh» olib kelishi hamda «kuch yordamida tinchlik»ni ta’minlashini aytgan. 

U siyosiy karerasini 21 yoshda boshlagan, o‘shanda Havayi shtati vakillar palatasiga saylangandi, deb eslatadi Associated Press. 2013 yildan 2021 yilga qadar AQSh kongressi Vakillar palatasining Demokratik partiyadan a’zosi bo‘lgan. 2016 yilda u prezidentlik saylovlarida senator Berni Sandersni qo‘llagan, 2020 yilda esa o‘zi ham demokratlar praymerizida prezidentlikka nomzodi ko‘rsatilishi uchun kurashgan (ammo Jo Bayden foydasiga o‘z nomzodini qaytarib olgan). 

O‘sha prezidentlik kampaniyasi vaqtida u AQShning xorijdagi harbiy kampaniyalariga qarshi faollik bilan chiqishlar qilgan. U AQShning Yaqin Sharqdagi urushlari mintaqani beqarorlashtirgani, mamlakatning o‘zining xavfsizligini yomonlashtirgani hamda minglab amerikaliklar o‘limiga olib kelganini ta’kidlagan. Gabbard Demokratik partiyani urushlarga qarshi chiqmagani uchun ayblagan. 2017 yilda u  Suriyaga kelgan va mamlakat prezidenti Bashar Asad bilan uchrashgan. O‘shanda u «agar bu urushni tugatishga yordam beradigan imkoniyat bo‘lsa, istalgan odam bilan uchrashishga tayyorligi»ni aytgandi. 

2022 yilda Gabbard Demokratik partiyani tark etadi. U partiyada «urush qo‘zg‘ovchi elita guruh hukmronlik qilishi»ni aytadi. Shundan keyin Gabbard bir qancha respublikachilarning saylovoldi kampaniyasida qatnashadi, respublikachilarni qo‘llovchi Fox News kanali muxbiri bo‘lib ishlaydi, 2024 yilda esa Respublikachilar partiyasiga a’zo bo‘lib, Trampni qo‘llab-quvvatlaydi. The New York Times va AP Gabbardni saylangan prezident tarafdorlari orasidagi «yulduz» deb atagan.

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin Gabbard X ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozgan: «Agar Bayden ma’muriyati va NATO Rossiyaning Ukraina NATOga a’zo bo‘lishi bo‘yicha legitim xavotirlarini, bu esa AQSh va NATO qo‘shinlari to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya chegarasida joylashishini anglatardi, shunchaki tan olganida, osonlik bilan bu urush va azoblarning oldini olish mumkin bo‘lardi».

2022 yil martida e’lon qilgan videosida u Ukrainada AQSh tomonidan moliyalashtiriladigan biologik qurol ishlab chiqish laboratoriyasi mavjudligini aytadi. Videoga javoban respublikachi senator Mitt Romni u «Rossiyaning yolg‘on propagandasini takrorlayotgani»ni aytgandi, deb eslatadi The New York Times.

«Uning nomzodi ko‘rsatilishi Trampning tashqi siyosat sohasida AQShning xorijdagi harbiy aralashuvi samaradorligiga katta shubha bilan qaraydigan o‘z tarafdorlariga rahbarlik lavozimlarini aqdim etish niyatida ekanining yana bir belgisidir», — deya qayd etadi NYT. Associated Press Milliy razvedkaning oldingi direktorlaridan farqli ravishda Gabbard ilgari yuqori davlat lavozimlarini egallamaganiga e’tibor qaratgan. Endi u (nomzodi tasdiqlanadigan bo‘lsa) Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari bilan birgalikda Trampning razvedka bo‘yicha asosiy maslahatchisi bo‘ladi. Gabbard 18 ta razvedka agentligini nazorat qiladi va har kuni ertalab prezidentga beriladigan hisobotni tayyorlash uchun mas’ul bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: