Sirdaryoda haydovchidan pora olgan YPX xodimi qamaldi

Jamiyat 13:48 / 14.11.2024 10592

Sirdaryo viloyatida yo‘l-transport hodisasi sodir etgan haydovchidan pul olgan YPX xodimi ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Sirdaryoda YTH sodir bo‘lgan joyga yetib borgan YHXX katta inspektori hodisani rasmiylashtirgan va yo‘lovchilardan birining tan jarohati og‘irlik darajasini aniqlash uchun tibbiyot ekspertizasi tayinlagan.

“Bu kun” informatsion dasturida berilgan lavhada aytilishicha, YTH sodir etgan mashina shu kuniyoq jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Oradan 4-5 kun o‘tgach YPX xodimi haydovchini o‘z xizmat xonasiga chaqirgan.

So‘ng unga tergovga qadar tekshiruv materiallarini haydovchining foydasiga hal qilgan holda sudga chiqarish, sud tibbiy ekspertizasini yengillashtirish hamda mashinani jarima maydonchasidan chiqarib berishni va’da qilgan.

Buning evaziga xodim haydovchidan 400 AQSh dollari miqdorida pul talab qilgan. Haydovchi xodimning taklifiga rozi bo‘lmagan va huquqni muhofaza qiluvchi organlariga murojaat qilgan.

Uning arizasiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida YHXX katta inspektori o‘z xizmat xonasida 200 AQSh dollarini olayotgan vaqtida ushlangan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan sud ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudida ko‘rib chiqilgan.

Sud ayblanuvchini Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topgan.

U 3 yil muddatga IIOda har qanday lavozimda ishlash huquqidan mahrum qilingan va 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini olgan.

Ko‘proq yangiliklar: