COP29: iqlimni muhofaza qilish uchun yiliga 1,3 trln dollar

Jahon 15:33 / 14.11.2024 1047

BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (COP29) 29-sessiyasi doirasida dunyoning qashshoq mamlakatlari manfaatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan iqlim dasturlarini moliyalashtirish bo‘yicha yangi kelishuv loyihasi yiliga kamida 1,3 trillion dollar ajratishni nazarda tutadi. 13 noyabr, chorshanba kuni Bokuda chop etilgan 34 sahifali hujjatda mablag‘larni ta’minlashning aniq variantlari ko‘rsatilgan, biroq ba’zi munozarali masalalar hal etilmagan, deb ta’kidladi AFP axborot agentligi.

Iqtisodiy jihatdan eng kam rivojlangan davlatlar - asosan Afrikadagilar - kamida 220 milliard dollar ajratilishiga erishmoqchi. Dengiz sathining ko‘tarilishidan ayniqsa jabr ko‘rayotgan kichik orol davlatlari 39 milliard dollar talab qilmoqda.

COP29'da CO2'ga sertifikatlarni sotish qoidalari kelishib olindi

11 noyabr kuni Ozarboyjon poytaxti Bokuda bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi ishtirokchilari tomonidan CO2 tashlamalariga sertifikatlarning global savdosi bo‘yicha asosiy qoidalar to‘plami kelishib olindi.

Bu qadam 2015 yilda iqlim bo‘yicha Parij kelishuvi tuzilganidan beri kutilayotgan muhim mexanizm ishga tushirilishini anglatadi, deb xabar beradi AFP. Ozarboyjon ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Muxtor Boboyev erishilgan natijalarni «misli ko‘rilmagan yutuq» deb atadi va shu bilan birga, emission sertifikatlar savdosini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha harakatlar zarurligini ta’kidladi.

Iqlim himoyasini moliyalashtirish masalasi

Ozarboyjondagi forumda muhokama qilinayotgan muhim mavzulardan biri iqlimni muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni kelgusida moliyalashtirish masalasidir. Mutaxassislar bu boradagi chora-tadbirlarni moliyalashtirish zaruratini yiliga kamida bir trillion AQSh dollari (konvertatsiya qilinganda: 0,94 trillion yevro) deb hisoblamoqda. Ayrim kuzatuvchilar bu ko‘rsatkichni 2,4 trillion dollar (2,2 trillion yevro) deb aytishgan. Ushbu hisob-kitoblar nafaqat davlat, balki iqlimni muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlarga xususiy sarmoyalarni, xususan, kreditlarni to‘lash uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni ham hisobga oladi.

2025 yilgacha iqlimni moliyalashtirish boy, sanoati rivojlangan mamlakatlarning yiliga kamida 100 milliard dollar (93,29 milliard yevro) sarflash majburiyati orqali ta’minlanadi.

Germaniya va boshqa bir qator sanoati rivojlangan davlatlarning pozitsiyasi shundan iboratki, Xitoy va Fors ko‘rfazi davlatlari kabi o‘tish davridagi iqtisodiyotga ega bo‘lgan boy davlatlar kelajakda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishda ishtirok etishlari kerak.

BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi 22 noyabrga qadar davom etadi. Kuzatuvchilar uning rejadan tashqari uzaytirilishini istisno qilishmayapti.

Ko‘proq yangiliklar: