AQSh prezidenti Jo Bayden prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Donald Trampga vakolatlar almashinuvi muammosiz o‘tishini va’da qildi. Ularning uchrashuvi 13 noyabr, chorshanba kuni Vashingtondagi Oq uyda bo‘lib o‘tdi. 81 yoshli demokrat va 78 yoshli respublikachi Oval kabinetning yonib turgan kamini oldida qo‘l berib ko‘rishdi. «Siyosat — og‘ir biznes va ko‘p hollarda bu yoqimli dunyo emas. Lekin bugun bu ajoyib dunyo va men buni juda qadrlayman», dedi Tramp uchrashuvdan so‘ng jurnalistlarga.
Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Perning so‘zlariga ko‘ra, siyosatchilar o‘rtasidagi suhbat taxminan ikki soat davom etgan. «Ular mamlakat va dunyo oldida turgan muhim milliy xavfsizlik va ichki siyosat masalalarini muhokama qilishdi», dedi u matbuotga.
Jo Bayden: Ukrainani qo‘llab-quvvatlash AQSh milliy manfaatlariga to‘g‘ri keladi
O‘z navbatida, prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan aytishicha, Bayden Tramp bilan suhbatda Ukrainani Rossiya Federatsiyasiga qarshi mudofaa urushida keyingi qo‘llab-quvvatlash AQShning milliy manfaatlariga javob berishini ta’kidlagan. Trampning o‘zi The New York Post (NYP) jurnalisti savoliga javob berar ekan, suhbatning muhim qismi Yaqin Sharqdagi harbiy mojaroga bag‘ishlanganini aytdi. «Men uning (Bayden) vaziyatga qanday baho berishini va bu haqda qanday fikrda ekanligini bilmoqchi edim, - deya uning so‘zlarini keltirdi gazeta. - Va u menga buni berdi, u juda ochiq edi».
Reuters: Ukraina Rossiya bilan muzokaralarni boshlashga tayyorlanmoqda
Donald Trampning AQSh prezidentligi saylovidagi g‘alabasi fonida Ukraina rahbariyati Rossiya bilan bo‘lajak tinchlik muzokaralarida o‘zining boshlang‘ich pozitsiyasini mustahkamlash uchun qo‘shimcha qurol-yarog‘ yetkazib berish va jang maydonidagi pozitsiyalarini saqlab qolishga intilmoqda, deb xabar berdi Reuters 11 noyabr kuni. Tramp hokimiyatga kelsa, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini «24 soat ichida» tugatishga va’da berdi.
Kelgusi to‘rt-besh oy urushda hal qiluvchi bo‘ladi, dedi Reuters agentligiga ismini oshkor qilmaslik sharti bilan ukrainalik yuqori martabali amaldor. «Bu qish juda muhim vaqt... Umid qilamanki, urush nihoyasiga yetyapti, endi biz muzokaralarda har ikki tomonning pozitsiyasini aniqlaymiz», — deya suhbatdoshidan iqtibos keltiradi agentlik.
Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev endi Tramp yangi ma’muriyatining Ukrainaga nisbatan qanday siyosat olib borish niyatida ekanligini tushunish uchun asosiy lavozimlarga tayinlovlarni kutmoqda. Reuters suhbatdoshining tan olishicha, AQSh yangi prezidenti lavozimga kirishganidan keyin Kiyevga yordamni qisqartirishi xavfi bor. «Umid qilamanki, Bayden ma’muriyati yordam ko‘rsatishni tezlashtirish orqali bu xavfdan qochishga harakat qiladi», dedi u.