Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi

O‘zbekiston 22:25 / 12.11.2024 21154

Boyning bolasi jinoyat qilsa – sho‘xlik, kambag‘alning bolasi sho‘xlik qilsa – jinoyat. Kun.uz avgust oyida shu naqlni eslab maqola e’lon qilgandi. Unda Namangan viloyat sudi bir xil jinoyat sodir etgan ikki shaxsga ikki xil jazo tayinlagani, oddiy fuqaroni 2,5 yilga qamab, hokimning o‘g‘liga ozodlikni cheklash jazosini bergani haqida so‘z yuritilgan edi.

Kun.uz'ga berilgan ma’lumotga ko‘ra, bir necha oy o‘tib bo‘lsa-da, adolat qaror topgan.

8 noyabr kuni Uychi tumanidagi “Jiydakapa baraka chorva” fermer xo‘jaligi rahbari (Pop tumani hokimining o‘g‘li) G‘ulom Sultonovning ishi Namangan viloyat sudida taftish instansiyasida ko‘rib chiqilgan. Chiqarilgan ajrimga asosan, Sultonovga nisbatan birinchi instansiya sudi chiqargan hukm o‘z kuchida qoldirilgan. Ya’ni u 2,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tuman sudi (birinchi instansiya)ning hukmiga ko‘ra, fermer G‘ulom Sultonov chorvachilik kompleksi va sutni qayta ishlash sexini ochib, elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgan va 200 mln so‘mdan ortiq elektr energiyasini yashirincha talon-toroj qilgan. Bu qilmishi uchun u 2,5 yilga “kesilgan” edi.

Lekin keyinroq, Namangan viloyat sudi apellyatsiya instansiyasi hukmni 3 yillik ozodlikni cheklash jazosiga almashtirgan. Kun.uz o‘sha paytda yozganidek, ayni shu sud Jinoyat kodeksining bir xil moddasi bilan ayblangan oddiy fuqaroning apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan, 2,5 yillik qamoqni aslicha qoldirgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, Pop tumani hokimining o‘g‘liga berilgan jazo yengillashtirilgani masalasida keyinroq viloyat prokuraturasi taftish tartibida protest kiritgan. Natijada viloyat sudi hay’atining taftish instansiyasi ajrim chiqarib, apellyatsiya instansiyasining ajrimini bekor qilgan va birinchi instansiya sudining hukmini o‘z kuchida qoldirgan.

Sultonov sud zalidan qamoqqa olinib, uning 2024 yil 4 iyuldan 2024 yil 7 avgustga qadar qamoqda o‘tirgan 1 oy 3 kun, o‘talgan 2 oy 5 kun ozodlikni cheklash jazosini tayinlangan jazodan chegirib, o‘tash uchun 1 yil-u 8 oy 22 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: