Qirg‘izistonda hokimiyatni egallashga tayyorgarlik ko‘rgan yetti kishi qo‘lga olindi

Jahon 22:02 / 12.11.2024 17293

Qirg‘iziston IIV mamlakatda ommaviy tartibsizliklar uyushtirish va hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallashga aloqadorlikda gumonlangan yetti kishi qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 17 noyabr kuni Qirg‘izistonda mahalliy kengashlar uchun deputatlar saylovi bo‘lib o‘tadi.

«Bishkek shahri yaqinida sport o‘yinlari, shuningdek, turli musobaqalarni o‘tkazish rejalashtirilgan edi. Shu bahonada ular (qo‘lga olingan shaxslar) zo‘ravonlikka chaqirish, konstitutsiyaga zid talablarni ilgari surish va saylov kuni hokimiyatni egallab olish uchun vaziyatni beqarorlashtirishni maqsad qilgan», — deyiladi IIV xabarida.

Idoraning aniqlik kiritishicha, qo‘lga olingan shaxslar orasida Qirg‘iziston fuqarolari bilan birga, chet elliklar ham bor. Tintuv davomida ular yashagan joydan jangovar granata, to‘pponcha, uchta kvadrokopter, shuningdek, «olomonga ichirish uchun ming shisha aroq», bir tonna guruch va ot topilgan.

Qirg‘iziston hukumati 2024 yil boshidan beri hokimiyatni egallashga uchinchi marta urinilayotgani to‘g‘risida xabar berdi. Yanvar oyida respublika prezidenti Sadir Japarov davlat to‘ntarishining oldi olinganini ma’lum qilgandi. Iyulda esa mamlakat maxsus xizmatlari tomonidan tartibsizliklar uyushtirish va hokimiyatni egallashni niyat qilgan bir guruh shaxslar ushlangan edi.

Ko‘proq yangiliklar: