Buyuk Britaniya mudofaa ehtiyojlari uchun yadroviy yoqilg‘i ishlab chiqarishni qayta tiklashi mumkin

Jahon 18:17 / 12.11.2024 852

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Xili «mudofaa sektoridagi reaktor yoqilg‘isi uchun yadroviy yoqilg‘i sikli»ni qayta tiklash variantlarini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga u Londonning yadroviy majburiyatlarga sodiqligi va yadroviy qurollar uchun parchalanuvchan materiallar ishlab chiqarishga ixtiyoriy moratoriy qo‘llaganini yana bir bor tasdiqladi.

«Hukumat mudofaa yo‘lida yadro yoqilg‘isini ishlab chiqarishni modernizatsiya qilishga intilmoqda… Biz ushbu dasturni amalga oshirish variantlarini ishlab chiqish uchun sanoat bilan hamkorlik qilishni boshlayapmiz», — deydi Xili.

Vazirning ta’kidlashicha, yadroviy yoqilg‘i ishlab chiqarish sikli Buyuk Britaniyaning xalqaro majburiyatlariga, jumladan, Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi bitimga mos keladi.

Buyuk Britaniya Energetika vazirligi bahorda yuqori sifatli kam boyitilgan uran yoqilg‘isini ishlab chiqaruvchi zavodni qurishga 196 million funt sterling ajratilishini e’lon qilgandi. Korxonani 2031 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq Britaniya qurolli kuchlar qo‘mondoni, general ser Roland Uoker mamlakat armiyasi uch yildan keyin urushga tayyor bo‘lishi kerakligini aytgandi. Uning fikricha, urush oldini olib bo‘lmas muqarrar hodisa bo‘lmasa-da, armiyada tayyorgarlik ko‘rish va mojarodan qochish uchun “yetarli vaqt” bor. Tayyorgarlik asosi sifatida qo‘mondon 2027 yil oxirigacha armiyaning jangovar holatini ikki barobarga, o‘n yillik oxirigacha uch barobarga oshirishni nazarda tutgan.

Ko‘proq yangiliklar: