Angliyada birinchi akkumulyatorli poyezd sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi. U soatiga 120 km tezlikka chiqdi

Fan-texnika 18:32 / 12.11.2024 2003

Buyuk Britaniyada 700 kVt quvvatga ega bo‘lgan va soatiga 120 kilometr tezlikka chiqa oladigan birinchi akkumulyatorli poyezd sinovlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Hitachi Rail va TransPennine Express kompaniyalari hamkorligida amalga oshirilgan ushbu loyiha dizel yoqilg‘isi sarfini sezilarli darajada — 50 foizgacha qisqartirib, karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish mumkinligini ko‘rsatdi.

Sinovlar Angliyaning shimoliy qismida 70 kilometrlik yo‘nalishda o‘tkazildi. Unda poyezd to‘liq akkumulyator quvvatiga o‘tib, “Eko-rejim”da ishladi. Ishlab chiqaruvchilar akkumulyatorning og‘irligi oddiy dizel dvigateli og‘irligiga tengligini ta’kidlamoqda. Bu poyezdlar tuzilishini o‘zgartirmasdan akkumulyatordan foydalanish imkonini beradi.

Batareya tizimi poyezdga yo‘lning katta qismida chiqindilarsiz harakatlanish imkonini berdi. Ushbu yechim, ayniqsa, an’anaviy ravishda dizel lokomotivlari qo‘llanadigan temiryo‘l tarmog‘ining elektrlashtirilmagan qismlarida qo‘l keladi.

Akkumulyatorli poyezdlar texnologiyasi infratuzilmani rivojlantirish xarajatlarini kamaytirish imkoniyatlarini yaratmoqda. Hitachi Rail kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ishlab chiqilayotgan akkumulyatorli elektr poyezdlari kontakt tarmog‘isiz 100-150 kilometrgacha masofani bosib o‘tishi mumkin. Bu tunnellar, tog‘li yo‘nalishlar va uzoq hududlar uchun muhim.

“Temiryo‘l jamoat transportining eng ekologik toza turi hisoblanadi. Ushbu sinovning muvaffaqiyati millionlab yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadigan yanada barqaror va qulay tarmoq yaratish uchun yo‘l ochadi”, — dedi Buyuk Britaniya temiryo‘llari vaziri.

Hitachi Rail kompaniyasi Britaniyadagi batareya ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda akkumulyator texnologiyalarini jadal rivojlantirishni mo‘ljallamoqda. Takomillashtirilgan akkumulyatorlar mintaqalararo va shaharlararo poyezdlar uchun mo‘ljallangan bo‘ladi hamda ularning samaradorligi va chidamliligini sezilarli darajada oshiradi.

Ushbu loyiha transportda muqobil energiya manbalariga o‘tish bo‘yicha global sa’y-harakatlarning bir qismi hisoblanadi. Xususan, Shveytsariyada yaqinda vodorod poyezdi bir martalik yonilg‘i bilan 2800 kilometr masofani bosib o‘tib, jahon rekordini o‘rnatgandi.

Ko‘proq yangiliklar: