Abxaziyada Rossiya bilan investitsiya kelishuviga qarshi chiqqan faollar qo‘lga olindi. Suxumida namoyishlar boshlandi

Jahon 17:39 / 12.11.2024 9211

Qisman tan olingan Abxaziya respublikasining Suxumi shahrida Rossiya bilan kelishuv ratifikatsiya qilinishiga qarshi bo‘lgan muxolifatchilar qo‘lga olinishi ortidan norozilik namoyishlari boshlandi. RIA Novosti o‘z muxbiriga tayanib xabar berishicha, ikki yuzdan ortiq namoyishchi uchta ko‘prik orqali harakatni to‘xtatib qo‘ygan. 

Oktyabr oyi oxirida Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov va Abxaziya vitse-premeri Kristina Ozgan Rossiya kompaniyalariga respublika hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga imkon beruvchi kelishuvni imzolagandi. 11 noyabr kuni Abxaziya parlamenti mamlakatdagi ko‘p funksiyali komplekslar maqomini tartibga soluvchi qonunni qabul qildi, unda Rossiya-Abxaziya kelishuvi haqida ham gap ketadi. 

Bosh prokuraturaga ko‘ra, parlament yig‘ilishidan keyin parlament binosi hovlisida turgan odamlar guruhi deputatlardan biriga nisbatan «noqonuniy harakatlar» sodir etgan. TASS ma’lumotiga ko‘ra, to‘rt kishi qo‘lga olingan — parlamentning sobiq deputatlari Garri Kokaya, Almasxan Ardzinba, Ramaz Jopua, shuningdek, muxolifatchi faol Omar Smir.

Muxolifatdagi «Abxaziya milliy birligi forumi» partiyasi raisi Aslan Barsits besh nafar muxolifatchi faol qo‘lga olingani haqida aytgan. «Ular Gudaut rayonida yaqinda imzolangan Rossiya va Abxaziya o‘rtasidagi investitsiyaviy faoliyat bo‘yicha kelishuvga bag‘ishlangan yig‘ilishdan qaytayotgandi… ularni qo‘lga olishgan», — degan u va ro‘y bergan hodisani «siyosiy motivlarga ko‘ra ta’qib» deb atagan. 

11 noyabr kuni kechqurun Davlat xavfsizlik xizmati (SGB) binosi yonida yig‘ilgan namoyishchilar hibsga olinganlarni ozod etishni talab qilishdi. Bundan tashqari, namoyishchilarning boshqa guruhi Suxumidan o‘tuvchi yo‘llardagi uchta ko‘prikni ham to‘sib qo‘ygan. 12 noyabr tongida mitingchilar parlament deputati Beslan Emurxbi hamda Ochamchirskiy rayoni rahbari Beslan Bigvavaning hibsga olinganlarni ozod qilishga ko‘maklashish to‘g‘risidagi va’dalaridan keyin Kodorskiy ko‘prigini ochishdi.

Abxaziya prezidenti Aslan Bjaniya namoyishlar tufayli Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazgan. Xavfsizlik kengashi kotibi Raul Lolua muxolifatning harakatlari «jinoiy xarakterga egaligi»ni ta’kidlagan. Abxaziya IIV rahbari Robert Kiut muxolifat kuchlari tarafdorlari respublika trassasini, shuningdek, Suxumi hamda Gulripshskiy rayonlari hududlarida poytaxt atrofidagi yo‘llarni traktorlar bilan to‘sib qo‘yishganini ma’lum qilgan. U namoyishchilar «IIV va DXX binolari darvozasini buzib kirishga uringani»ni qo‘shimcha qilgan. Xavfsizlik xizmati rahbari Dmitriy Kuchberiya DXX binosi atrofidagi holatni «ommaviy tartibsizliklar» deb baholagan.  

Abxaziyaning sobiq moliya vaziri Adgur Ardzinba esa namoyishlarni «majburiy chora» deb atagan.

«Bizning safdoshlarimiz o‘z shaxsiy ishlari emas, balki milliy manfaatlarimizni himoya qilishgani uchun noqonuniy qo‘lga olindi. Bu yerda juda xohlaganidan shunday yo‘l tutgan biror odam yo‘q. So‘nggi besh yil mobaynida muxolifat harakatlarini kuzatib borganlar biz hech qachon bu kabi aksiyalarni qo‘llamaganimizni yaxshi bilishadi. Ammo bugungi kunda bu majburiy choradir. Biz ularning ozod etilishi bilan kifoyalanmoqchi emasmiz. Ular ratifikatsiya qilishni xohlayotgan bu kelishuvni to‘xtatamiz — bu oligarxlarga cheksiz imtiyozlar berish va Abxaziyani sotish uchun yashil chiroqdir», — deya uning so‘zlarini keltirgan mahalliy «Respublika» telegram-kanali.

RIA Novosti xabar berishicha, Abxaziya IIV davlat yo‘l inspeksiyasi boshlig‘i Damey Avidzba namoyishchilar to‘sib qo‘ygan yuqori Gumistinskiy ko‘prigiga borgan. «Odamlar o‘z yumushlari bilan shug‘ullana olmayapti — bu yaxshi emas. O‘ylaymanki, [respublika] rahbariyati bunga aralashadi. Kodorskiy ko‘prigi ochilgani kabi buni ham ochishadi», — degan u. 

Rossiya elchixonasidagilar Abxaziyadagi namoyishlar chog‘ida rossiyaliklar jabrlangani to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmaganini ma’lum qilgan. Shuningdek, respublikada ro‘y berayotgan voqealar yuzasidan rossiyaliklar tomonidan ommaviy murojaatlar ham yo‘qligi qo‘shimcha qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: