«Tolibon» yetakchisi Haybatulloh Oxunzoda Afg‘oniston Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Razvedka bosh boshqarmasini qurol-yarog‘, o‘q-dori va harbiy texnikalarni tarqatish huquqidan mahrum qiluvchi qarorni imzoladi, deb xabar beradi ToloNews. Endi bu bilan Oxunzodaning o‘zi shug‘ullanadi.
Sakkizta banddan iborat qaror to‘g‘risida «Tolibon»ning rasmiy vakili Zabihulla Mujohid ma’lum qildi. «Ushbu chora qurol va boshqa harbiy vositalar zarurat bo‘lmagan holatlarda qo‘llanmasligi uchun qurollanishni yaxshiroq himoya qilishni ta’minlashga, shuningdek, ushbu qurollarning umumiy xavfsizligini yaxshilashga qaratilgan», — deydi toliblar hukumatining matbuot kotibi.
Ichki ishlar vazirligi vakili Abdul Matin Qanining so‘zlariga ko‘ra, endi davlat mulki sifatida omborlarda saqlanayotgan har qanday «ortiqcha» yoki musodara qilingan qurol faqat mamlakat rahbariyatining ko‘rsatmasi bilan taqsimlanadi. Xavfsizlik xizmati yoki hukumatning har qanday so‘rovi Afg‘oniston yetakchisi tomonidan ma’qullanishi kerak. Vazirlikdagilarning qo‘shimcha qilishicha, qaror bilan shuningdek, fuqarolik tashkilotlari, savdogarlar va aholiga o‘qotar qurollar uchun litsenziya faqat IIV tomonidan berilishi belgilangan.
Avvalroq ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy va oliy rahbar Shayx Haybatulloh Oxunzoda o‘rtasidagi kelishmovchiliklar borgan sari ko‘payayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.