Ishchilar sinfi isyoni yoki muvaffaqiyatsiz kampaniya? Harris saylovda nega yutqazdi?

Jahon 21:52 / 08.11.2024 16281

Ammo bu suhbat birinchi navbatda u amaldagi prezident Jo Baydenning o‘rnida qaysi ishni boshqacha qilgan bo‘lishi haqidagi savolga bergan javobi bilan yodda qoldi. «Xayolimga hech narsa kelmayapti», — degandi o‘shanda Harris.

U bu ibora bilan beixtiyoriy ravishda o‘z saylovoldi kampaniyasida hech qanday yangi taklif narsa qila olmasligini aytgandek bo‘ldi, respublikachilar esa darhol bu so‘zlardan demokratlarga qarshi reklama sifatida foydalanishdi.

Vitse-prezident sifatida Harris o‘z mashhurligini yo‘qotayotgan rahbaridan uzoqlasholmadi va saylovchilarni xavotirli iqtisodiy vaziyat fonida o‘zgarishlar taklif qilishi mumkinligiga ishontira olmadi.

Chorshanba kuni kechqurun u prezidentlik poygasidagi mag‘lubiyatini tan oldi va o‘z tarafdorlarini «umidsizlikka tushmaslik»ka chaqirdi. Ammo uning shtabida bo‘lgan muxbirlarning aytishicha, uning saylov natijalari hech bo‘lmaganda nisbatan teng bo‘lishini kutgan xodimlari orasida umidsizlik va hafsalasizlik hukm surmoqda.

Hozirda Harris va uning jamoasi qayerda xatoga yo‘l qo‘ygani va nimani boshqacha qilishi mumkin bo‘lganini tahlil qilishlari kerak.

«Mag‘lubiyat haddan tashqari og‘riqli. Bu og‘ir, — deya yozdi chorshanba kuni Kamala Harrisning saylovoldi shtabi rahbari Jyen O'Melli Dillon xodimlarga yo‘llangan elektron maktubida. — Bunga ko‘nikish uchun ko‘p vaqt talab etiladi».

Nima xato bo‘ldi va Kamala Harrisning mag‘lubiyatining asosiy sabablari nimada? BBC shu savolga javob izladi.

Baydenning yuki

Bayden muvaffaqiyatsiz debatlardan keyin poygadan chiqqach, Harris praymerizda ishtirok etmagan holda Demokratik partiyaning prezidentlikka nomzodiga aylandi.

U o‘zining 100 kunlik kampaniyasini amerikaliklar uchun «yetakchilarning yangi avlodi», ayollarga — abort huquqi, ishchilar sinfiga — narxlar o‘sishining oldini olish hamda arzon turar joylarni va’da qilgan holda boshladi.

Ishchilar sinfini demokratlar safiga qaytarish uning saylovoldi kampaniyasining asosiy maqsadlaridan biri edi.

Saylov kunigacha bo‘lgan uch oy davomida Harris va uning jamoasi kampaniyaga muvaffaqiyat uchun zamin yaratishda zarur bo‘lgan yangi impuls bera oldi. Ijtimoiy tarmoqlarda respublikachilar to‘g‘risida son-sanoqsiz memlar paydo bo‘ldi, vitse-prezident nomzodini Teylor Svift va Beyonse kabi yulduzlar qo‘lladi, partiya rekord miqdorda xayriya mablag‘lari yig‘di.

Ammo bu elektoratning katta qismini qamrab olgan Baydenga qarshi kayfiyatni silkitish uchun yetarli bo‘lib chiqmadi.

Amaldagi prezident reytingi uning to‘rt yillik faoliyati davomida doimiy ravishda 40 foiz atrofida bo‘lib kelgan. So‘rovlar amerikaliklarning uchdan ikki qismi AQSh noto‘g‘ri yo‘ldan ketmoqda, deb hisoblashini ko‘rsatgan.

Ayrim demokratlar o‘zaro suhbatlarda Harris saylovoldi kampaniyasi davomida Baydenga haddan tashqari sodiqlik ko‘rsatayotganidan norozi bo‘lib, undan uzoqlashishi va saylovchilarga yangi narsalar taklif qilishi kerakligini aytishgan.

Ammo o‘tmishda Kamala Harrisning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i sifatida ishlagan Jamal Simmonsning hisoblashicha, shunchaki bu holatda yutuqli variantning o‘zi yo‘q edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Harris o‘zi va Bayden o‘rtasida masofa saqlaganida, bu respublikachilar demokratlarni ichki nizo avj olgani va uning safidagilar umumiy maqsadlarga ega emasligini aytib hujum qilishi uchun yana bir kuzir bergan bo‘lardi.

«Sizni tayinlagan prezidentdan uzoqlasha olmaysiz», — degan u.

Harris mohiyatan tig‘ ustida yurishga harakat qildi: u o‘z rahbarini tanqid qilmadi va uning siyosatidan masofa saqlamadi, shu bilan birga, o‘z saylov kampaniyasi davomida ularga ortiqcha e’tibor bermaslikka harakat qildi.

Natijada u mamlakatni o‘zi boshqarishi kerakligi haqida ishonchli argumentlar taqdim eta olmadi. Jamiyat u iqtisodiy qiyinchiliklarni, shuningdek, migratsiya sohasida o‘sib borayotgan muammolarni qanday hal qilmoqchi ekani haqidagi rejalarni eshitmadi.

Chikago universiteti tomonidan 120 mingdan ortiq saylovchi orasida o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, har o‘n kishidan uch nafari o‘z oilasining moliyaviy ahvoli yomonlashayotganini bildirgan. To‘rt yil muqaddam o‘ndan ikki kishi turmush darajasi pasayganidan shikoyat qilgandi.

So‘ralganlarning har o‘n nafaridan to‘qqizi esa oziq-ovqat mahsulotlari narxi o‘sishidan xavotirda ekanini aytgan.

Xuddi shu so‘rovnoma ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rtacha o‘n saylovchidan to‘rt nafari noqonuniy migrantlarni o‘zi kelgan yurtiga deport qilish kerak deb hisoblagan. 2020 yilda bunday fikrdagilar har o‘n kishidan uch nafarni tashkil etardi.

Harris o‘z ma’muriyati Bayden ma’muriyatining davomchisi bo‘lmasligini qayd etib, kampaniyasining yakuniy qismida vaziyatni o‘nglashga urindi, ammo baribir saylovchilar ko‘z o‘ngida o‘z siyosatini aniq ifoda eta olmadi.

...Baydenning saylovchilarining barchasi ham uni qo‘llamadi

Harrisning kampaniyasi asosiy e’tiborni 2020 yilda Jo Baydenning g‘alabasini ta’minlagan saylovchilar bazasini ushlab qolishga qaratdi. Bular asosan qora tanli amerikaliklar, lotinamerikaliklar hamda yoshlarning katta qismi edi.

Harris shuningdek Amerika shaharlari chekka hududlarida yashovchi ma’lumotli kishilarni o‘ziga jalb qilishga urindi.

Ammo ekzitpollarga ko‘ra, u bu vazifani ham uddalay olmagan. Harris lotinamerikaliklarning 13 foizining qo‘llovini yo‘qotgan, afroamerikaliklar orasidagi yo‘qotish — 2 foiz, 30 yoshdan yoshroq saylovchilar orasidagi yo‘qotish — 6 foizni tashkil etgan.

Vermont shtatidan mustaqil senator, o‘zining so‘l qarashlari bilan tanilgan Berni Sanders (u 2016 yilda Demokratik partiya praymerizida Hillari Klinton, 2020 yilgi praymerizda Baydenga yutqazgan) ishchilar sinfi partiyadan yuz o‘girganining hech qanday ajablanarli joyi yo‘qligini aytadi.

«Avvaliga bu oq tanli ishchilar sinfi edi, endi esa lotinamerikalik va qora tanli ishchilar ham. Demokratlar rahbariyati status-kvoni himoya qilsa-da, Amerika xalqi g‘azabda va o‘zgarishlarni xohlaydi. Va bu borada haq», — degan u.

Ko‘pchilik ayollar Trampni emas, Harrisni qo‘llagan bo‘lsa ham, gender belgilar bo‘yicha ovoz berishdagi ustunlik uning shtabi umid qilganidek emasdi.

U avvalgi saylovlarda respublikachilarga ovoz bergan ayollarni o‘z tomoniga og‘dira olmadi. Qolaversa, u hatto 2020 yilda Jo Baydenga ovoz bergan ayollar elektoratining ham bir qismini yo‘qotgan. O‘shanda amaldagi prezidentni ayol saylovchilarning 57 foizi qo‘llagandi, Harris esa faqat 54 foiz ayollarning qo‘lloviga ega bo‘ldi.

Bu prezidentlik saylovlari AQSh Oliy sudi abort uchun konstitutsiyaviy huquqni bekor qilganidan keyingi birinchisi bo‘ldi. Shuning uchun demokratlar Harrisning bu masaladagi pozitsiyasi va uning homiladorlikni to‘xtatish huquqi uchun kurashi hal qiluvchi g‘alabaga olib kelishidan umid qilgandi.

Kamala Harrisning ko‘plab tarafdorlari jurnalistlarga unga qarshi ovoz berganlarning kamida bir qismi qora tanli ayolni qo‘llashga tayyor bo‘lmaganini aytishgan, ya’ni amalda Tramp elektoratini irqchilik va ayollarni yoqtirmaslikda ayblagan.

Demokratlar tarafdori bo‘lgan taniqli polittexnolog Devid Akselrod ham CNN uchun intervyusida shu kabi fikr bildirgan.

«Keling, rostgo‘y bo‘lamiz. Va to‘g‘ridan to‘g‘ri aytamiz: bu kampaniya davomida irqchilik mavzulari yangradi, mamlakatimizda irqchilik xurofoti bor, mamlakatimizda seksizm bor», — degan Akselrod.

«Va bu saylovlar natijasiga hech qanday ta’sir qilmadi deb o‘ylash xato bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qilgan u.

The Hill nashri Associated Press/NORC buyurtmasiga ko‘ra sentabrda o‘tkazilgan so‘rovlarga havola keltiradi, unga ko‘ra, saylovchilarning 38 foizi Harrisning jinsi uning saylanish uchun imkoniyatlarini pasaytiradi deb hisoblagan va faqat 13 foizi uning raqibi haqida shunday xulosa bergan.

Trampga hujumlar teskari oqibatlarga ega bo‘ldi

Kutilmaganda prezidentlikka nomzod bo‘lishidan oldin, Harris saylovoldi poygasini Baydenga emas, balki Trampga munosabat bo‘yicha referendum sifatida ko‘rsatishga urindi. Kaliforniya sobiq prokurori huquq-tartibot organlaridagi ish tajribasidan Trampga qarshi turli jinoyatlar bo‘yicha ayblovlar qo‘yishda faol foydalandi.

Ammo o‘z prezidentlik kampaniyasini boshlagach, u Baydenning Donald Tramp demokratiya uchun ekzistensial tahdid tug‘dirishi to‘g‘risidagi asosiy yo‘nalishidan voz kechishga qaror qildi.

U avvaliga xushchaqchaq bo‘lishga harakat qilib, asosiy e’tiborini shaxsiy erkinlik va o‘rta sinfni qo‘llash masalalariga qaratdi. Ammo o‘z kampaniyasining so‘nggi bosqichida baribir Tramp manziliga ayblovlarga qaytishga qaror qilib, uni «fashist» deb atadi hamda uning Respublikachilar partiyasidagi muxoliflarini mitingga chaqirdi.

Tramp prezidentligida bir muddat uning ma’muriyatiga rahbar bo‘lgan Jon Kelli New York Times gazetasi bilan suhbatda Tramp Adolf Hitler haqida ijobiy fikrda bo‘lganini aytgach, Harris o‘z rasmiy qarorgohi oldida nutq so‘zlab, sobiq prezidentni «ruhan nosog‘lom» deb atadi.

«Asosiy e’tiborini Donald Trampga hujum qilishga qaratganida Kamala Harris bu saylovni yutqazib bo‘ldi. Tramp haqida saylovchilar barchasini bilishadi, lekin ular Harrisning boshqaruvdagi birinchi soati, birinchi kuni, birinchi oyi va birinchi yili haqida ko‘proq narsa bilishni istagandi», — dedi seshanba kuni tajribali sotsiolog-respublikachi Frenk Luns.

«O‘z niyatlaridan ko‘ra Trampga ko‘proq e’tibor qaratishi — uning saylovoldi kampaniyasidagi ulkan muvaffaqiyatsizligi edi», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Alaloqibat Harris Tramp ustidan g‘alaba qozonish uchun kerak bo‘lgan kuchlarni o‘z atrofida to‘play olmadi.

Mamlakat demokratlarni ochiqdan ochiq rad etishini ko‘rsatdi, bu esa mazkur partiyada prezident obro‘sizlanishidan yirikroq muammolar borligini anglatadi.

Ko‘proq yangiliklar: