Trampning revanshi: liberal Amerika tugayaptimi?

Jahon 13:57 / 07.11.2024 10854

Shaxsan Trampning o‘zi uchun Oq uyga qaytish uning qonun bilan bog‘liq muammolarining bir qismi hal bo‘lishi va boshqalari muzlatilishini anglatadi. Biroq, u AQSh tarixida qamoq jazosiga hukm qilingan ilk prezident bo‘lishi ehtimoli ham saqlanib turadi.

Amerika jamiyati uchun uning ikkinchi muddati qat’iy migratsion siyosat va ekologik kun tartibini qayta ko‘rib chiqishni anglatadi.

Ukraina, NATO va AQShning boshqa ittifoqchilari va hamkorlari uchun Vashingtonning odatiy tashqi siyosati o‘zgarishi va darhol yuz beradigan oqibatlarni bildiradi.

BBC Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati haqidagi asosiy savollarga javob izladi.

Tramp kimlarni tayinlaydi?

Trampning saylovoldi dasturi ko‘p jihatdan uning 2016 yilgi va’dalari takrori bo‘ldi, birinchi muddatda ularning katta qismi bajarilmagan. O‘shanda va’dalarning bir qismi Kongressdan o‘tmagan, ayrimlarini Oliy sud bekor qilgan, ayrimlari esa asosiy lavozimlarga tayinlangan eski maktab republikachilari tomonidan bloklangan. Ular Trampning iqtisodiy populizmi va tashqi siyosatdagi izolyatsionizmini qo‘llab-quvvatlashmagan.

O‘shandan beri sobiq prezident o‘sha odamlar tayinlanishi uning asosiy xatosi bo‘lganini takrorlab kelardi va endi o‘z atrofiga hammaslaklari va sodiq insonlarni to‘plashga qaror qilgan.

Vitse-prezident tanlovi ham shundan darak bermoqda. 2016 yilda Mayk Pens tanlangandi. U klassik respublikachilarga mansub mustaqil siyosiy figura edi. Bu safra esa Tramp o‘zi sherik sifatida Jyey Di Vensni tanladi, u o‘z siyosiy karerasi uchun shaxsan Trampdan qarzdor va respublikachilar partiyasi funksionerlari oldida muttaham emas.

Uning birinchi prezidentlik muddatidan farqli o‘laroq, hozir AQSh Oliy sudi ham Trampning tayinlovlari sharofati bilan konservativ ko‘pchilikka ega. Bu sud allaqachon abortga umummilliy huquqni bekor qilib bo‘lgan.

Nolegal migrantlarni nima qilmoqchi?

Trampning asosiy saylovoldi va’dasi mamlakatda noqonuniy bo‘lib turgan migrantlarni ommaviy deportatsiya qilish edi.

2016 yilda ham u barcha nomuntazam migrantlarni deportatsiya qilishni va’da qilgandi. O‘shanda ham ularning soni hozirgidek 11 mln bo‘lgan. Lekin u va’dasida turolmadi. Bundan tashqari, Barak Obama davrida deportatsiya sur’ati kattaroq ham bo‘lgan.

Sotsiologlar yana “Trampning kamsuqum saylovchilari” fenomenini inobatga olishmadi. Ular ijtimoiy so‘rovlarda ochiq javob berishga iymanishadi, lekin saylovda Trampga orvoz berishadi. Foto: Getty Images

Biroq, Trampning boshqa choralari nolegal migratsiya darajasi sezilarli kamayishiga olib keldi. 2021 yilda esa Bayden bu choralarni bekor qildi va chegarani noqonuniy kesib o‘tishlar soni rekord darajaga ko‘tarildi.

Yanvarda 47-prezident lavozimiga o‘tirar ekan, Tramp bunga chek qo‘yishni va garchi bu butun mamlakat bo‘ylab ommaviy reydlar o‘kazish zaruriyatini keltirib chiqarishi va iqtisodiyotga salbiy ta’sir qilsa ham, har yili millionlab migrantlarni chiqarib yuborishni niyat qilgan. 

Tramp Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini to‘xtatishni ham va’da qilgan. Bu ishni u juda tez, yanvar oyida qasamyodga kelguncha amalga oshirmoqchi. Lekin buni qanday qilib amalga oshirishini ochiqlamagan.

Demokratlar uning rejasi Kiyevni bosib olingan hududlaridan voz kechib, Zelenskiy tilga olgan jiddiy xavfsizlik kafolatlarisiz Moskva bilan yarashishga majburlash ekanini ta’kidlab kelishgan.

Modomiki shunday bo‘lib chiqqan taqdirda ham, bu diplomatiya yakunini oldindan aytib bo‘lmaydi. Trampning birinchi muddati Rossiya bilan munosabatlarni qaytadan ishga tushirishga urinishlardan boshlangan, biroq yangi sanksiyalar, 60 dan ortiq rossiyalik diplomatlar AQShdan chiqarib yuborilishi va Ukrainaga «Javelin» rusumli tankka qarshi komplekslar yetkazilishi bilan tugagan.

Tramp avvalgi prezidentlik lavozimida qo‘l urgan hamda demokratlar va respublikachilar yetakchilari ma’qullagan yagona ishi – Xitoy bilan munosabatlarni jiddiy qayta ko‘rib chiqish bo‘lgan. Bayden umuman olganda Tramp chizgan ochiqcha ziddiyat kursini davom ettirdi, Harris ham unga og‘ishmay amal qilishni va’da qilayotgandi.

Biroq Tramp stavkalarni ko‘tarmoqchi va Xitoydan keltirilgan import tovarlarning barchasiga 60 foizlik boj joriy etmoqchi (boshqa davlatlardan kiradigan tovarlar uchun 10 foizlik boj nazarda tutilmoqda).

Pekin simmetrik javob berishi hisobga olinsa, ikki barqudrat davlat o‘rtasida misli ko‘rilmagan savdo urishi yuzaga kelishi va bu Amerika, shuningdek, jahon iqtisodiyoti uchun avvaldan taxmin qilib bo‘lmaydigan oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin.

Tramp shuningdek, G‘azodagi urushni yakunlashini ham ta’kidlagan. Bu esa uning isroilparast pozitsiyasiga ziddir. Ammo qurolli to‘qnashuvlarni juda yomon ko‘rishi bilan tushuntiriladi.

Umuman olganda, Trampning ikkinchi ma’muriyatidan AQShning Yevropa va Yaqin Sharqda ro‘y berayotgan voqealarga qiziqishi pasayishini, resurslarni Xitoyga qarshi kurashish yo‘liga sarflashini kutish mumkin. Bu kurs bir paytlar Barak Obama tomonidan o‘rnatilgan va keyingi yillarda muzlatib qo‘yilgandi.

Ichki siyosatda-chi?

Tramp ko‘plab ekologik me’yorlar va tartiblarni bekor qilmoqchi, elektromobillarga majburiy kvotalardan voz kechmoqchi va Amerika tuprog‘ida yangi neft va gaz konlarini burg‘ilashga ruxsat bermoqchi. Shu munosabat bilan uning respublikachilarning «Teshaver, bolajon, teshaver» (Drill, baby, drill!) shioriga muhabbati ham yodga olinmoqda.

Bu choralar AQShni iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash masalalarida ortga itqitib tashlashi mumkin.

Tramp shuningdek, soliqlarni pasaytirishni va’da qilmoqda. Lekin buning uchun unga Kongressning qo‘llovi zarur bo‘ladi.

Yaqin orada Tramp 2017 yilda boshlab bergan va kelgusi yili tugaydigan soliq islohoti uzaytirilishini kutish mumkin. U korporatsiyalar va eng boy amerikaliklarga sezilarli soliq imtiyozlari taqdim etadi.

Trampga ochilgan ishlar

Hozir Tramp bir necha jinoiy ishlar bo‘yicha ayblanuvchi hisoblanadi — ishlarning ayrimlarida unga nisbatan federal hokimiyat da’vo qo‘zg‘agan, boshqalarida tashabbus shtatlardan chiqqan.

Boz ustiga, u pornoyulduz Stormi Deniyelsga maxfiy to‘lov amalga oshirgani bo‘yicha aybdor deb topilgan. Hukm 26 noyabr kuni o‘qiladi, nazariy jihatdan Tramp qamoq jazosiga hukm qilinishi ham mumkin. Biroq, uning saylovdagi g‘alabasi vaziyatni murakkablashtirmoqda.

Tramp saylovlarga aralashish bo‘yicha jinoiy ishda ham ayblanuvchi deb topilgan. Hozir sudya Oliy sudning davlat rahbari prezidentlik lavozimida o‘tirgan chog‘da sodir etgan harakatlari uchun qisman immunitetga ega, degan qaroridan so‘ng ayblovni qayta ko‘rib chiqmoqda.

Maxfiy hujjatlar bilan muomala qilish qoidalarini buzganlik to‘g‘risidagi yana bir federal ishni Tramp tomonidan tayinlangan sudya tugatib yuborgan.

Bayden prezidentlik lavozimida qoladigan ikki oy mobaynida federal prokurorlar bu ayblovlarda yanada qat’iy turib olishsa-da, Tramp Oq uyga qadam bosishi hamono u tayinlagan yangi adliya vaziri federal da’volar bo‘yicha ayblovlarni olib tashlashi mumkin.

Ulardan tashqari, Jorjiya shtatida Tramp va uning yuristlari o‘tmishda mafiya bosslariga qarshi ko‘proq ishlatilgan jinoiy tashkilotlar (RICO Act) bo‘yicha jinoiy ish figuranti hisoblanishadi. Bu holatda ham ayblovlar saylovlarni soxtalashtirish bilan bog‘liq, ayrim figurantlar aybini tan olgan, biroq Tramp emas. Bu ish iyul oyida to‘xtatilgan, o‘shanda prokuror Fani Uillis bu ishni olib borish uchun o‘zi tayinlagan maxsus prokuror bilan uchrashgan.

Tramp Oq uyda bo‘lib turar ekan, bu jinoiy ishlar haqida qayg‘urmasa ham bo‘laveradi — amaldagi prezidentlarni jinoiy ta’qib qilish AQSh yuridik amaliyotiga zid.

Vakolatlari tugashi arafasida esa nazariy jihatdan unga muammo tug‘dirayotgan shtatlarning gubernatorlari tomonidan afv etilishi mumkin.

Tramp yutug‘i ksenofobiya g‘alabasimi?

Trampning g‘alabasi amerikaliklar uning «ksenofobiya, ayollardan jirkanish, irqchilik, shafqatsizlik va nafrat» platformasini qo‘llaganini anglatadi, deyiladi Washington Post maqolasida.

Biroq, konservativ publitsistlar bunday ablovlarga javoban gap oddiy saylovchilarning toqatsizligida emas, Bayden ma’muriyati ishlarni barbod qilganida deydi va Kamala Harris ham ulardan uzoqlasha olmagan.

Obamaning qo‘llovi uning elektoral mo‘jizasini takrorlash uchun Kamala Harrisga yetarli bo‘lmadi. Foto: Getty Images

Bosh muammolar qatorida ular chegaradagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat inqirozga uchragani va nolegal migratsiya darajasi oshib ketgani, shuningdek, amerikaliklar iqtisodiyotdan noroziligini keltirishadi. Garchi AQSh iqtisodiyoti so‘nggi yillar ichida o‘sgan, inflatsiya pandemiya chog‘idagi sakrashlardan pasaygan, ishsizlik rekord darajasi past ko‘rsatkichlarga sho‘ng‘igan bo‘lsa ham, ijtimoiy so‘rovlarda qatnashganlarning aksariyati Tramp vaqtida yaxshiroq yashashganini aytishgan.

Ko‘plab saylovchilar Baydenning mamlakatni tashqi tahdidlardan himoya qila olish qobiliyatidan ko‘ngli sovigan: U AQSh tashqi dunyodagi birorta keng ko‘lamli urushlarda ishtirok etmayotgan, faqat Afg‘onistondagi kichik bir kontingentni ta’minlab turgan bir chog‘da hokimiyat tepasiga kelgan edi. Endi esa mamlakat Ukraina va Yaqin Sharqdagi ikkita murakkab mojaroga juda yaqindan o‘ralashib qoldi va jang olib borayotgan ittifoqchilari va hamkorlarini qo‘llash uchun milliardlab dollar sarflamoqda.

Harrisning mag‘lubiyati bu omillarning yig‘indisi bo‘lishi ham mumkin, biroq yanada chuqur reallikni yuzaga chiqarayotgandek.

Ko‘plab respublikachilar uchun Tramp mamlakatni qutqarib qoluvchi va to‘g‘ri yo‘lga qaytaruvchi topinish figurasiga aylanib qolgan.

Bu sobiq prezident Barak Obama liberal amerikaliklar ongida qoldirgan izga o‘xshaydi. Bayden ham, Harris ham bunday shuhratga yaqinlasha olmadi, ular shunchaki Trampga muqobil bo‘lish uchun xizmat qilishdi. Obama va uning rafiqasi Mishel Harris uchun faol targ‘ibot ishlari olib borishdi. Lekin byulletenlarda baribir ularning ismi yozilmagan edi.

Ko‘proq yangiliklar: