Kashmir Hindistonni maxsus avtonomiya maqomini tiklashga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi

Jahon 01:53 / 07.11.2024 5192

Hindiston tomonidan nazorat qilinadigan Kashmir mintaqaviy qonunchilik organi federal hukumatdan hududning maxsus avtonomiya maqomini qayta tiklashni talab qiluvchi rezolyutsiyani qabul qildi, deb xabar beradi Associated Press.

Qayd etilishicha, assambleya binodagi shovqinli chiqishlarga qaramay, ko‘pchilik ovoz bilan rezolyutsiyani qabul qilgan. «Assambleya Hindiston hukumatini Jammu va Kashmir xalqining saylangan vakillari bilan maxsus maqomni qayta tiklash bo‘yicha dialogni boshlashga chaqiradi», — deyiladi rezolyutsiyada.

Jammu va Kashmir Hindiston shimolida joylashgan, mamlakatdagi aholisining aksariyat qismini musulmonlar tashkil etuvchi yagona hududdir. Mintaqa 1947 yilda Pokiston va Hindiston tashkil etilganidan beri ikkala davlat o‘rtasidagi nizoli hududga aylangan. 

Jammu va Kashmir 2019 yilgacha maxsus avtonomiya maqomiga ega edi. Unga ko‘ra, Jammu va Kashmirdan tashqarida yashovchi Hindiston fuqarolariga ushbu hududdan yer sotib olish va u yerda doimiy joylashish taqiqlangan. Shuningdek, Hindiston parlamenti tomonidan mudofaa, tashqi ishlar, moliya va aloqa bilan bog‘liq bo‘lmagan barcha qarorlar hudud organlari tomonidan tasdiqlanishi kerak edi. O‘sha yilning avgust oyida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi administratsiyasi Jammu va Kashmir shtati avtonomiya maqomidan mahrum qildi. U yerda noroziliklar to‘lqinlari bo‘lib o‘tdi, ammo qon to‘kilishigacha bormadi.

Ko‘proq yangiliklar: