Toshkentdagi avtobusga noma’lum shaxslar salon ayol va erkaklar uchun ajratilgani haqidagi posterni yopishtirib ketdi

Jamiyat 13:09 / 06.11.2024 30232

5 noyabr kuni Toshkentda 34-yo‘nalishdagi avtobus ichida «Ayollar - oldinda, erkaklar - orqada» deb yozilgan poster paydo bo‘ldi. Bu haqda Telegram-kanallar xabar berdi.

E’lonning dizayni o‘tgan kuni Samarqanddagi avtobusga osib ketilgani bilan bir xil. O‘shanda haydovchiga nisbatan intizomiy jazo qo‘llangani ma’lum qilingandi.

Poytaxtdagi avtobus parklariga rahbarlik qiluvchi «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi e’lonni joylashtirishga avtobus haydovchisining aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi.

Ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida, jamiyat mas’ul xodimlari tomonidan avtobus salonida joylashtirilgan kuzatuv kamerasidagi tasvirlar tekshirib chiqildi. Ma’lum bo‘lishicha, ikki nafar noma’lum fuqaro avtobusga chiqib, salonning ichki qismida ayollar va erkaklar joyi ajratilganligini targ‘ib qiluvchi posterni yopishtirib, uni shaxsiy mobil telefoniga suratga olganligi va avtobusdan tushib ketganligi aniqlandi.

Kompaniya bu yigitlarning shaxsini aniqlash va ularning harakatlariga huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat yuborgan.

Avtobus haydovchilari va chiptachilariga ruxsat etilmagan shaxslar tomonidan reklama joylashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan rejadan tashqari ko‘rsatmalar berilgan.

Ko‘proq yangiliklar: