Putinning AQSh prezidentlik saylovi natijalariga munosabati ma’lum qilindi

Jahon 19:52 / 06.11.2024 36118

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putinning Donald Trampni AQSh prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabriklash rejasidan «xabardor emasligini» aytdi.

«Keling, gap bizga qarshi urushda bevosita va bilvosita ishtirok etayotgan do‘stona bo‘lmagan davlat haqida ekanini unutmaylik», dedi Peskov brifingda.

Jurnalistlarning Putin uni tabriklamasa, Tramp xafa bo‘ladimi va bu Rossiya va AQSh munosabatlarini yomonlashtiradimi, degan savoliga javoban Peskov quyidagilarni aytdi:

«Bundan ham yomonlashtirish deyarli ilojsiz, chunki munosabatlar tarixiy jihatdan eng past nuqtada. Va keyin bu AQSh yangi rahbariyatiga bog‘liq bo‘ladi. Prezident Putin adolat, tenglik va bir-birining manfaatlarini inobatga olishga asoslangan konstruktiv muloqotga ochiq ekanini bir necha bor takrorlagan. Prezident Putin bu fikrida sobit qolmoqda, buni bir necha bor tasdiqlagan. Ayni damda AQSh ma’muriyati mutlaqo qarama-qarshi fikrga ega. Keyin nima bo‘lishini ko‘ramiz», dedi u.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Trampning agar saylangan taqdirda Ukrainadagi urushni imkon qadar tezroq to‘xtatishi haqidagi qayta-qayta va’dalari haqida gapirar ekan, Qo‘shma Shtatlar «mojaroni tugatishga yordam berishga qodirligini», ammo buni «bir kechada amalga oshirish imkonsiz» ekanini ta’kidladi.

«Chunki aynan AQSh ushbu mojaroni qo‘zg‘atib, doimiy ravishda «kerosin sepib» kelmoqda, unda bevosita ishtirok etmoqda. Ammo AQSh o‘z tashqi siyosati yo‘nalishini o‘zgartirishga qodir», dedi Peskov.

Shu bilan birga, u AQSh yangi ma’muriyatining asl niyatlari saylangan prezident inauguratsiyasidan keyin baholanishi mumkinligini qo‘shimcha qildi. «Ba’zan g‘alabadan so‘ng, oval kabinetga kirishga tayyorgarlik ko‘rayotganda yoki oval kabinetga kirganda bayonotlar boshqacha tus oladi», dedi Kreml vakili.

5 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan AQSh prezidenti saylovining rasmiy natijalari hali e’lon qilinmadi. Biroq Respublikachilar partiyasi vakili Donald Tramp allaqachon o‘z g‘alabasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 315 nafar saylovchi o‘zini qo‘llab-quvvatlagan. G‘alaba qozonish uchun nomzod 270 nafar saylovchi ovozini olishi kerak.

Ko‘plab davlat rahbarlari, jumladan, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham Donald Trampni prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabrikladi.

Ko‘proq yangiliklar: