AstraZeneca aksiyalari qiymati Xitoydagi tergovlar fonida tushib ketdi

Jahon 20:43 / 06.11.2024 1674

AstraZeneca farmatsevtika kompaniyasining aksiyalari qiymati 8 foizga tushib ketdi — bu 2020 yil martdan beri kuzatilgan eng yomon ko‘rsatkich, deb xabar beradi Reuters.

Qayd etilishicha, aksiyalar qiymatining tushib ketishiga Xitoyda kompaniyaning mahalliy biznesi rahbariyatiga nisbatan tergov olib borilayotgani sabab bo‘lgan. O‘tgan hafta ishlab chiqaruvchi Xitoydagi bo‘linmasi rahbari Leon Van tergov qilinayotgani va kompaniya XXR hukumati bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan edi. Ammo u vaqt AstraZeneca vaziyatga oid qo‘shimcha ma’lumotlarni oshkor etmagan.

Kuni kecha Yisai Global agentligi AstraZeneca China’ning o‘nlab top-menejerlari tergov qilinayotgani to‘g‘risida xabar berdi. Tergovning o‘zi bilan bir nechta nazorat organlari shug‘ullanmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Leon Vanga nisbatan tergov sug‘urta firibgarligi bilan bog‘liq. 2021 yilda hukumat AstraZeneca’ning Sichuan provinsiyasidagi tibbiy vakili o‘pka saratoniga qarshi Tagrisso dori vositasi retseptlarini soxtalashtirayotganini aniqlagan edi. Bu orqali u bemorlar mazkur dorilarni sug‘urta orqali xarid qilishlariga imkon yaratgan. Shuningdek, u genetik test to‘g‘risidagi ijobiy hisobotlarni soxtalashtirgan va hatto dori vositalarini sug‘urta orqali sotish hamda kompaniya foydasiga imtiyozlar olish uchun test o‘tkazadigan laboratoriyalar bilan til biriktirgan.

So‘nggi uch yil ichida AstraZeneca ishtirokidagi sug‘urta firibgarligiga oid holatlar Shenchjen, Futszyan, va Tszyansi provinsiyalarida aniqlangan. Retseptlarni soxtalashtirish sxemasiga kompaniyaning nafaqat hududiy menejerlari, balki yuqori lavozimdagi rahbariyati ham aloqador ekani aniqlangan.

Ko‘proq yangiliklar: