2024 yilgi AQSh saylovlariga deyarli 16 mlrd dollar sarflandi

Jahon 09:21 / 06.11.2024 2714

2024 yilda AQSh prezidenti, shuningdek, Kongressning har ikki palatasi deputatlari saylovi kampaniyalariga rekord miqdordagi mablag‘ sarflandi – jami 15,9 milliard dollar. Bunday ma’lumotlar 5 noyabr, seshanba kuni Amerikaning OpenSecrets notijorat tashkiloti tomonidan e’lon qilindi. Ko‘rsatilishicha, bu mablag‘ 2020 yilgi kampaniyaga sarflangan mablag‘dan oshib ketgan, u 15,1 milliard dollarni tashkil qilgandi.

Taqqoslash uchun: 2016 yilda, tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, saylov poygasi «atigi» 6,5 mlrd dollarga tushgan

Biroq, OpenSecrets ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Demokratik nomzod Kamala Harris qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘ to‘plashda muvaffaqiyat qozongan. Uning kampaniyasi to‘g‘ridan to‘g‘ri xayriya sifatida milliard dollar to‘pladi, buning 40 foizi kichik xayriyalardan iborat. Bundan tashqari, lobbi guruhlari, Siyosiy harakatlar qo‘mitasi (PAC) Harrisni ilgari surish uchun 586 million dollar ajratdi.

Tadbirkor Maykl Blumberg demokratlarni 93 million dollar xayriya bilan qo‘llab-quvvatladi va Kamala Harris kampaniyasining eng yirik donoriga aylandi. Jorj Soros unga PAC orqali yana 56 million dollar yubordi.

Trampni kim va qancha miqdorda qo‘llab-quvvatladi?

Shu bilan birga, uning raqobatchisi, Respublikachilar partiyasidan nomzod, AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning saylovoldi tashviqoti to‘g‘ridan to‘g‘ri xayriya hisobidan 382 million dollar yig‘di. Ushbu mablag‘ning 28 foizi kichik xayriyalardan tushdi. Lobbi guruhlari unga 694 million dollar yuborgan.

Trampga bir martalik eng katta xayriya 82 yoshli tadbirkor Timoti Mellon tomonidan amalga oshirilgan: 197 million dollar. Uline logistika kompaniyasi egalari, milliarder Richard Uileyn va uning rafiqasi Elizabet, shuningdek, shifokor Miriam Adelson hamda SpaceX va Tesla asoschisi Ilon Mask ham respublikachi nomzodni 100 million dollardan ortiq mablag‘ bilan qo‘llab-quvvatladi.

Saylov reklamasining qiymati

AdImpact reklama agentligining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yilgi kampaniyalarda saylovoldi reklamasiga 10,5 milliard dollar sarflangan. Shu bilan birga, ushbu maqsadlar uchun, ayniqsa, ikkilanuvchi deb ataladigan shtatlarga katta miqdorda sarmoya kiritildi: Pensilvaniyada — 264 million dollar, Michiganda — 151 million dollar va Jorjiyada — 137 million dollar.

AdImpact ma’lumotlariga ko‘ra, raqamli platformalarda nomzodlarni reklama qilish uchun 419 million dollar sarflangan. Shu bilan birga, Demokratik partiya Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlaridagi reklama uchun 132,4 million dollar, Respublikachilar partiyasi esa «atigi» 24,7 million dollar mablag‘ yo‘naltirgan. Respublikachilar Donald Trampning faol tarafdori Ilon Maskka tegishli X mikrobloglar xizmatiga reklama uchun 1,1 million dollar, demokratlar esa 150 ming dollar sarflagan.

Ko‘proq yangiliklar: