Zulfiya nomidagi davlat mukofoti talabgorlarini tanlash tartibi belgilandi

O‘zbekiston 16:04 / 05.11.2024 1484

Hukumat qarori bilan Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga talabgorlarni tanlash va ularning hujjatlarini taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, talabgorlarni tanlash, ularning hujjatlarini rasmiylashtirish va taqdim etish tartibi hamda yo‘nalishlar bo‘yicha talabgorlarning yutuqlari, ilmiy-ijodiy va amaliy ishlarini baholash mezonlari belgilandi.

Talabgorlar 8 ta yo‘nalish — fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari va jamoatchilik faoliyati bo‘yicha tanlovlar orqali saralanadi.

Mukofot ijtimoiy faolligi va iste’dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan iqtidorli xotin-qizlarga o‘qish va mehnat faoliyatidagi yutuqlari uchun beriladi.

Yo‘nalishlar bo‘yicha har bir o‘ringa munosib talabgorlarni tanlash quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

- tuman (shahar) bosqichi — 2 sentabrdan 20 oktyabrga qadar;

- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichi — 21 oktyabrdan 30 noyabrga qadar;

- respublika bosqichi — 1 dekabrdan 31 dekabrga qadar o‘tkaziladi.

Mukofot har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 2 nafardan vakiliga — jami 28 nafar talabgorga beriladi.

Sovrindorlarga diplom, ko‘krak nishoni hamda BHM 50 baravari miqdoridagi pul mukofoti har yili 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida topshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: