Xovos tumani hokimi sobiq o‘rinbosari 7 yilga qamaldi

O‘zbekiston 10:40 / 05.11.2024 7016

Sirdaryo viloyati Xovos tumani hokimi o‘rinbosari Hakimjon Mallayev jinoiy jazoga tortildi. U joriy yil may oyida DXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangandi.

Kun.uz tanishgan sud hujjatida keltirilishicha, 41 yoshli Hakimjon Mallayev o‘ziga oldindan tanishgan bo‘lgan «O.A.» MChJ rahbaridan MChJga tegishli yerlarni hokimlik zaxirasiga olmaslik, aksincha, sug‘orish ishlariga sharoit yaratib berish hamda faoliyatiga hech kim aralashmasligini ta’minlash evaziga 20 ming AQSh dollari talab qilgan. «Zamhokim» 2024 yil 5 may kuni Xovos tumani Bunyodkor mahallasi hududidagi avtomobillarni yuvish shoxobchasida kelishilgan puldan 1000 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Sudda so‘ralgan Hakimjon Mallayev aybiga umuman iqrorlik bildirmagan. U MChJ rahbaridan ishini hal qilib berish uchun 20 ming AQSh dollari so‘ramagani, qarzini so‘raganini ma’lum qilgan. Ammo sud hujjatida uning qilmishi guvohlarning ko‘rsatmalari va boshqa dalillar bilan to‘liq isbotini topgani qayd etilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, Hakimjon Mallayev Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi «a» bandi hamda 28,211-moddasi (Pora berish) 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinotni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 1 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalari yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda BHMning 100 baravari miqdorida jarima hamda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Ma’lumot uchun, Hakimjon Mallayev 1983 yilda tug‘ilgan. 2007 yilda Guliston davlat universitetini, 2017 yilda Toshkent davlat Agrar universitetini tamomlagan. U 2019 yil 19 iyunda Xovos tumani hokimi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

Ko‘proq yangiliklar: