Turkiya Qirg‘izistonning tashqi qarzidan kechdi

Jahon 18:14 / 05.11.2024 10295

Turkiya Qirg‘izistonning mamlakat oldidagi tashqi qarzidan kechdi. Bu haqda prezident Sadir Japarov Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

«Tashqi qarzdan kechish to‘g‘risida qaror qabul qilgan prezident Erdo‘g‘anga minnatdorchilik bildirmoqchiman», — dedi Japarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya mamlakatning tashqi qarzidan «yashil» iqtisodiyot loyihalari evaziga kechgan. 2013 yilda ham Turkiya Qirg‘izistonning 50 million dollar miqdoridagi qarzidan kechgan edi.

Qirg‘iziston Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil avgust holati bo‘yicha mamlakatning Turkiya oldidagi davlat qarzi 62,2 million dollarni tashkil etgan. Qirg‘iziston ushbu qarzning qariyb 4 million dollarini to‘lashga ulgurgan. Natijada Turkiya tomoni kechgan qarz miqdori 58,9 million dollarni tashkil etmoqda.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 4 noyabr kuni davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonga tashrif buyurgan. U 6 noyabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ishtirok etadi.

Bundan oldin Germaniya ham «yashil» tashabbuslar amalga oshirilishi evaziga Qirg‘izistonning 14 million dollarlik qarzidan kechgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: