Sahroi Kabirni ko‘kalamzorlashtirish Yer iqlimiga qanday ta’sir qiladi?

Jahon 14:09 / 05.11.2024 13393

Afrikadagi Sahroi Kabir cho‘li haqida gap ketganda ko‘pchilikning tasavvurida bepoyon qumlik gavdalanadi. Bu yer o‘simliklar dunyosi uchun o‘ta og‘ir muhit bo‘lsa-da, unda yashillik yo‘q emas. Phys.org nashrining yozishicha, hududda o‘simliklar o‘sishi darajasi ming yillar davomida goh oshib, goh pasayib kelgan.

Cho‘ldagi “yashil” davrlardan biri 5000−11000 yil avval, golotsen davrining birinchi yarmida sodir bo‘lgan. Yozda quyoshning joylashuvi Yer perigeliysi bilan to‘g‘ri kelgani sababli (sayyora Quyoshga eng yaqin nuqtada bo‘lganda), shimoliy yoz davomida (iyundan avgustgacha) quyosh radiatsiyasining kuchayishi tropik mintaqalarda, o‘rta va yuqori kengliklarda mavsumiylikni o‘zgartirib yuborgan. Taxminlarga ko‘ra, Shimoliy yarimshardagi mussonlarning kuchayishi butun Afrika bo‘ylab namlik darajasi oshishida muhim rol o‘ynagan hamda Sahroi Kabirda doimiy yashil butalarning o‘sishi uchun qulay sharoit yaratgan.

Sahroi Kabirni ko‘kalamzorlashtirish iqlimni qanday o‘zgartiradi?

Yangi tadqiqot doirasida italiyalik olimlar Sahroi Kabirning faol yashillashish davrini qayta yaratuvchi iqlim modellarini o‘rganib chiqdi, shuningdek, bu hodisaning Yer iqlimiga ko‘rsatgan ta’sirini tahlil qildi. Ularning xulosasiga ko‘ra, sahro hududlarining yashillashuvi Shimoliy yarimsharda atmosfera aylanishiga yillik ta’sir ko‘rsatishi mumkin, ayniqsa, Afrika mussonlari rivojlanadigan shimoliy yoz paytida bu ta’sir yaqqol seziladi.

Afrikadagi o‘zgarishlar Shimoliy yarimshar mintaqalarida anomal iqlimga olib kelgan: Skandinaviya va Shimoliy Amerikada havo iliqroq va quruqroq bo‘lgan, G‘arbiy Yevropada qish sovuqroq, yoz esa issiqroq bo‘lgan, Markaziy Yevropada umumiy isish kuzatilgan, O‘rta yer dengizi hududi sovuq va yomg‘irli bo’lgan, Markaziy Osiyoda esa qish iliq, yoz sovuq bo‘lib, yil davomida yog‘ingarchilik miqdori ortgan.

Tadqiqot guruhi iqlim o‘zgarishlarini Uoker atmosfera aylanishi va Shimoliy Atlantika tebranishlari bilan izohladi. Sharqiy O‘rta dengiz, Shimoliy Afrika va Shimoliy Amerikaning qutbiy hududlarida yoz fasli doimiy iliqroq va quruqroq bo‘lib qoldi, Shimoliy, Markaziy va Sharqiy Yevropa, shuningdek, Shimoliy Amerikaning sharqiy qismida esa aksincha, salqinroq va namroq.

Olimlar tomonidan ko‘rib chiqilgan iqlim o‘zgarishlari ming yillar davomida saqlanib qolgan, bunga chang chiqindilarining 80 foizga qisqarishi sabab bo‘lgan. Albedo (jismning nur qaytarish qobiliyati) ko‘rsatkichining cho‘llar uchun 0,30 foizga, butazorlar uchun 0,15 ga pasaygani tropik mintaqalarda isish jarayoni kuchayganidan dalolat beradi.

So‘nggi hisobotlarda iqlim o‘zgarishi uzoq vaqtdan beri shakllangan ob-havo sharoitlariga ta’sir ko‘rsatayotgani alohida ta’kidlanmoqda: butun Afrika bo‘ylab ob-havo tizimlarining shimolga siljishi Sahroi Kabir bo‘ylab yog‘ingarchilikni ko‘paytirmoqda va o‘simlik maydonlari paydo bo‘lishiga olib kelmoqda. Ilgari nisbatan hosildor bo‘lmagan bu hududda hayot darajasi oshmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: