O‘zbekistonning 2025 yil uchun davlat budjeti loyihasi e’lon qilindi. Asosiy ma’lumotlar

Iqtisodiyot 19:24 / 05.11.2024 12280

2025 yilda yalpi ichki mahsulot 1 kvadrillion 630 trillion so‘mdan oshishi kutilyapti. Kelgusi uch yil ichida davlat qarzi 40 foizga ko‘payadi. Xususan, bu ko‘rsatkich 2024 yilning yakunida 39,7 mlrd dollarga yetadigan bo‘lsa, 2027 yilning oxiriga borib 55,9 mlrd dollarni tashkil etadi. Inflatsiyani keyingi yilda 7 foizgacha, 2026 yilda 5-6 foizgacha, 2027 yilda 5 foizgacha tushirish rejalashtirilgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025 yilgi davlat budjeti va 2026−2027 yillarga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar to‘g‘risidagi qonun loyihasini e’lon qildi. Xo‘sh, keyingi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotida nimalar kutilyapti?

Asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar

2025 yilda budjetlararo transfertlarni hisobga olmagan holda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 431 trln 65,3 mlrd so‘mni, xarajatlari esa 480 trln 330,6 mlrd so‘mni tashkil etishi kutilyapti. Bunda budjet daromadlari 308,5 trln so‘m, xarajatlari esa 290,2 trln so‘m miqdorida bo‘lishi prognoz qilingan. Taqchillik chegarasi – 49,3 trln so‘m yoki YaIMga nisbatan 3 foiz. Defitsitni tashqi va ichki qarz, davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar va boshqa manbalar hisobidan qoplash rejalashtirilgan.

Konsolidatsiyalangan budjet taqchilligi 2026 va 2027 yillarda ham YaIMga nisbatan 3 foizni tashkil qilishi ko‘zda tutilyapti.

2025 yilda yalpi ichki mahsulot 1 kvadrillion 630 trillion so‘mdan oshishi kutilyapti. YaIM o‘sishi 2025 yilda 6 foiz, 2026 yilda 6,1 foiz, 2027 yilda 6,3 foiz bo‘lishi prognoz qilingan.

Inflatsiyani keyingi yilda 7 foizgacha, 2026 yilda 5-6 foizgacha, 2027 yilda 5 foizgacha tushirish rejalashtirilgan.    

Tashqi qarz

Kelgusi uch yil ichida davlat qarzi 40 foizdan ko‘proqqa oshadi. Xususan, bu ko‘rsatkich 2024 yilning yakunida 39,7 mlrd dollarga yetadigan bo‘lsa, 2027 yilning oxiriga borib 55,9 mlrd dollarni tashkil etadi.

Joriy yilda tashqi qarz olish chegarasi 5 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 5,5 mlrd dollargacha oshiriladi. Ushbu mablag‘ning 3 mlrd dollari davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga, 2,5 mlrd dollari esa investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Keyingi yilda O‘zbekiston nomidan 30 trln so‘mlik davlat qimmatli qog‘ozlari chiqarilishi ham ko‘zda tutilyapti. Davlat qarzini so‘ndirish uchun esa 46 trln so‘m sarflanadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024 yil yakunida davlat qarzi YaIMga nisbatan 35,5 foiz, 2025–2027 yillarda 36,7-37 foiz oralig‘ida shakllanishini prognoz qilyapti.

Energetika sektorini subsidiyalash davom etadi

2025 yilda davlat budjeti hisobidan ajratilishi belgilangan subsidiyalarning umumiy qiymati 28,3 trln so‘mni tashkil etadi. Bu – budjet daromadlarining 8,2 foizi degani. 

Ayrim sohalarga davlat budjetidan ajratiladigan subsidiya miqdori quyidagicha:

●     nodavlat bog‘chalarga 3,8 trln so‘m;

●     aholi uy-joy sotib olishi uchun 2,5 trln so‘m;

●     jamoat transporti zararlarini qoplash uchun 2,7 trln;

●     tadbirkorlik va aholi bandligini ta’minlash uchun 2,7 trln;

●     energetika sohasi uchun 12,3 trln so‘m, xususan, gaz sotib olish va sotishdagi tafovutni qoplash uchun 7 trln so‘m;

●     qishloq va suv xo‘jaligi uchun 2,5 trln so‘m;

●     geologiya-qidiruv ishlari uchun 0,9 trln so‘m.

Taqqoslash uchun, 2025 yilda ijtimoiy nafaqa to‘lovlariga 17,3 trln so‘m, ilm-fanga 2,3 trln so‘m, madaniyat sohasiga 3,8 trln so‘m, sport sohasiga 3,3 trln so‘m, shu to‘rtta yo‘nalishga jami 26,7 trln so‘m ajratish reja qilingan.

Boshqacha aytganda, subsidiyalarga ajratilayotgan mablag‘ (28,3 trln so‘m) ijtimoiy nafaqa to‘lovlari, ilm-fan, madaniyat va sportga ajratilayotgan jami mablag‘lardan (26,7 trln so‘m) ko‘proqni tashkil qiladi.

Ham gaz uchun, ham elektr energiyasi uchun narxlar keskin oshirilishiga qaramay, keyingi yildan ham energetika sektorini subsidiyalash davom etadi. Xususan, ushbu tarmoqqa xalq pulidan 12,3 trln ajratilishi rejalashtirilgan. Energetikani subsidiyalash 2026 yilda ham, 2027 yilda ham davom ettiriladi.

Soliq siyosati

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025 yil uchun soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari ham taqdim qildi. Unga ko‘ra asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoladi.

●     foyda solig‘i — 15 foiz;

●     qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS) — 12 foiz;

●      jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i — 12 foiz;

●     ijtimoiy soliq — 12 foiz (budjet tashkilotlari uchun — 25 foiz);

●      yuridik shaxslar mol-mulk solig‘i — 1,5 foiz;

O‘z navbatida, keyingi yil 1 yanvardan boshlab mol-mulk solig‘i va yer solig‘i stavkalari 10 foizga oshadi.  2025 yil 1 apreldan boshlab esa tarkibida shakar mavjud bo‘lgan gazlanmagan salqin choylar, meva sharbatlari, kompotlar va boshqa gazlanmagan shakarli ichimliklarning 1 litri uchun 500 so‘m miqdorida aksiz solig‘i joriy etilishi rejlashtirilyapti. Joriy yilda shunday soliq gazlangan shakarli ichimliklar uchun tatbiq etila boshlagandi. Shuningdek, avtomobil yuvish uchun suvning 1 kub metri uchun soliq stavkasi 2 700 so‘mdan 15 000 so‘mgacha ko‘tariladi.

Hukumat 2025 yilda ham budjet tashkilotlari xodimlari ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorlarini yillik inflatsiya darajasidan kam bo‘lmagan miqdorlarda oshirib borishni rejalashtirmoqda. Xususan, ushbu to‘lovlar hamda ayrim xizmat turlari bo‘yicha tariflarni oshirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 6 trln 634 mlrd so‘m ajratish ko‘zda tutilyapti.

Ko‘proq yangiliklar: