Nyu-Yorkda piyodalarga yo‘lning istalgan joyidan istalgan vaqtda kesib o‘tishga ruxsat berildi

Jahon 15:02 / 05.11.2024 5453

Nyu-York shahar hokimiyati aholiga yo‘lning istalgan joyidan yoki svetofor qizil chirog‘idan o‘tishga ruxsat beruvchi qonun loyihasini qabul qildi. Bu haqda AP nashri xabar bermoqda.

Ilgari bunday harakatlar 250 dollargacha jarima bilan jazolanardi. Ta’kidlanishicha, yangi qonun irqiy tengsizlik muammosini bartaraf etishga qaratilgan. Qonun muallifi shahar kengashi a’zosi va asli haitiylik bo‘lgan demokratik partiya deputati Mersedes Narsiss hisoblanadi. U o‘tgan yili yo‘lni qizil chiroqda kesib o‘tgani uchun jarimaga tortilganlarning 92 foizini qora tanlilar tashkil etganini eslatdi.

“Keling, ochiq gapiraylik. Nyu-York shahri aholisi doim qayergadir shoshib yuradi”, — dedi Narsiss. “Odatiy kundalik harakatlar uchun jazolaydigan qonunlarni, ayniqsa, ular rangli jamoalarga adolatsiz ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lsa, bartaraf etish lozim. Ushbu jarimalarni bekor qilish orqali politsiyachilarimizga boshqa muhimroq masalalarga e’tibor qaratish imkoniyatini yaratamiz”.

Tanqidchilar qonun yanada ko‘proq avariyalar va piyodalar o‘limiga olib kelishini aytmoqda.

Qonunchilik hujjati sentabr oyidayoq shahar kengashi tomonidan tasdiqlangan edi, biroq Nyu-York shahri meri Erik Adams qarorni qabul qilishdan bosh tortgan. 30 kun o‘tgach norma o‘z-o‘zidan kuchga kirdi. Shu bilan birga, shahar ma’muriyati qizil chiroqda va yo‘lning belgilanmagan qismidan kesib o‘tish nihoyatda xavfli ekanini alohida qayd etdi. Yangi qonun maxsus yo‘laklardan tashqarida yo‘lni kesib o‘tuvchi piyodalar hech qanday ustunlikka ega emasligini va boshqa harakat ishtirokchilariga yo‘l berishi shartligini ta’kidlaydi.

Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda AQShning Denver, Kanzas-Siti shaharlarida, shuningdek Missuri, Kaliforniya, Nevada va Virjiniya shtatlarida yo‘lni belgilangan joydan tashqari kesib o‘tgani uchun beriladigan jarimalar bekor qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: