Janubiy Koreya va YeI KXDR askarlari Rossiyaga yuborilganini qoraladi

Jahon 09:30 / 05.11.2024 1588

Janubiy Koreya va Yevropa Ittifoqi Shimoliy Koreya askarlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida qatnashish uchun jo‘natilganini keskin qoraladi hamda Moskva va Pxenyan o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni kengaytirishga birgalikda qarshi chiqishga kelishib oldi. Janubiy Koreya mudofaa vaziri Kim Yon Xyon va Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel 4 noyabr, dushanba kuni Seulda bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida Shimoliy Koreya qo‘shinlari jo‘natilishidan jiddiy xavotir bildirdilar va buni keskin qoraladilar, deya xabar beradi Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi. 

Janubiy Koreya mudofaa idorasi bayonotida tomonlar Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni cheklash uchun xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilishga kelishib olganini aytiladi.

Shimoliy Koreya askarlarining Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun jo‘natilgani haqidagi xabarlar Janubiy Koreyada xavotir uyg‘otmoqda, chunki mamlakat Rossiya Pxenyan yordami evaziga Shimoliy Koreyaga zamonaviy harbiy texnologiyalar va qurol-yarog‘larni o‘tkazishidan xavotirda. 

YeI va Janubiy Koreya mudofaa sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldi

Yevropa Ittifoqi va Janubiy Koreya xavfsizlik va mudofaa sohasida hamkorlik qilish niyatida. Bu haqda 4 noyabr kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel va Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Cho Tae Yol o‘rtasidagi uchrashuvda kelishuvga erishildi.

Bryussel va Seul, xususan, dengiz xavfsizligi, kosmik xavfsizlik va mudofaa, kiber muammolar, gibrid tahdidlarga qarshi kurashish, chet el aralashuvi va axborot manipulyatsiyasi, terrorizmga qarshi kurash va qurolsizlanish bo‘yicha muloqotni soddalashtirishi kutilmoqda.

Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi va Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi rahbarlari umumiy qadriyatlar va manfaatlarga asoslangan tinchlik, barqarorlik va farovonlikka sodiqliklarini yana bir bor tasdiqladilar. Ular Yevropa va Hind-Tinch okeani mintaqasidagi o‘zaro bog‘liq xavfsizlik muhitiga alohida e’tibor qaratgan holda mintaqaviy va global xavfsizlik bo‘yicha mustahkam hamkorlikning muhimligini ta’kidladilar.

Ko‘proq yangiliklar: