Adiblarning Isroilga boykoti, Pizishkiyonning bayonoti va G‘azoda urushni yakunlashni va’da qilayotgan Harris - kun dayjesti

Jahon 16:22 / 05.11.2024 4384

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Falastindagi vaziyat

Isroil G‘arbiy sohilning Tulkaram shahridagi Nur Shams qochqinlar lageridagi BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi — UNRWA ofisini vayron qildi.

Bunga sabab yaqinda Isroil parlamenti Knesset UNRWA’ning Isroil va okkupatsiya ostidagi Falastin yerlarida ishlashini taqiqlovchi qonun qabul qilgani bo‘ldi.

BMT yordamida vujudga kelgan davlat BMTning tashkilotlari ishlashini taqiqlamoqda. Bu surbetlikning oliy ko‘rinishi bo‘lsa kerak.

Falastinliklarga qarshi olib borilayotgan qirg‘inbarot urushning 395-kuniga kelib, qamal qilingan eksklavda qurbon bo‘lganlar soni 43 ming 341 kishiga yetdi. 102 ming 105 kishi yarador bo‘lgan.

O‘ldirilganlarning 17 mingdan oshig‘i yosh bolalar. 21 mingdan ortiq bolalar bedarak yo‘qolgan hisoblanadi. So‘nggi sutkaning o‘zida G‘azoda 3 ta ommaviy qirg‘in uyushtirildi. 33 kishi halok bo‘lgan, 156 kishi yaralangan.

Livanga qilingan hujumlar natijasida ham halok bo‘lganlar soni oshib bormoqda. Livan sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, birgina so‘nggi sutka ichida 16 kishi o‘ldirilgan, 90 kishi yaralangan. Umumiy qurbonlar soni 3002 kishini, yaradorlar esa 13 ming 492 kishini tashkil etgan.

Adiblarning Isroilga boykoti

Butun dunyo bo‘ylab mingdan ortiq adib va shoirlar, jumladan, adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Arundhati Roy Isroilning G‘azo va boshqa Falastin yerlaridagi jinoyatlarga sherik bo‘lgan yahudiy nashriyotlarini boykot qilishga chaqirib xat imzolashdi.

«Biz falastinliklarni ezishga aloqador yoki sukut saqlashni afzal biladigan Isroilning madaniy muassasalari bilan hamkorlik qilmaymiz», — deyiladi bayonotda.

Harakat «Kitoblar genotsidga qarshi» va «Falastin adabiyot festivali» kabi oltita huquqbonlik guruhlari tomonidan vujudga keltirilgan.

Ular Isroildagi 98 ta nashriyotni o‘rganib chiqib, ulardan bor-yo‘g‘i bittasi — November Books tengsizlik va aparteidga ochiqchasiga qarshi chiqayotganini aniqlashdi.

Yevropa Ittifoqining o‘z NATOsi

Yevropa parlamenti rahbari Roberta Metsola Yevropa Ittifoqi o‘zining NATO kabi mudofaa tashkilotiga ega bo‘lishi lozimligini ta’kidlamoqda.

«Yevropa Ittifoqchi kuchli, yanada izchil va samarali bo‘lmog‘i lozim. Men buni haqiqiy xavfsizlik va mudofaa ittifoqi tuzish haqida gap ketganda ham takrorlamoqdaman. Bunday ittifoqqa anchadan buyon ehtiyojimiz bor va u NATOni to‘ldiradi, unga raqobat qilmaydi», — degan u Ispaniyaning El Mundo nashriga.

Metsolaning qayd etishicha, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bilan vujudga kelgan ko‘hna qit’adagi beqaror vaziyat AQShdagi saylov natijalaridan mustaqil ravishda Yevropadan har qanday xavf-xatarlarga tayyor turishni taqozo etadi.

«Yanvarda yangi prezident bo‘ladi, demakki, yangi ma’muriyat ham. Yangi Senat va yangi Kongress ham ish boshlaydi. Shu vaqtgacha Ukrainaga yordam masalasida mushtarak qarashlarga ega edik. Biz umid qilamizki, birgalikda ishlashda davom etamiz», — degan u.

Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen ham Yevropani tashqi tahdidlardan himoyalash haqida gapirgan edi. Lyayyen xonimga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi so‘nggi yillarda mudofaa xarajatlarining yetishmasligi va samarasizligiga duchor bo‘lgan. U keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-2021 yillarda Yevroittifoqning mudofaa xarajatlari atigi 20 foizga o‘sgan, Xitoy va Rossiya bunday xarajatlarni 600 va 300 foizga oshirgan. Shu munosabat bilan u Mudofaa bo‘yicha yevrokomissar lavozimini joriy etish va Yevropa mudofaa fondini tuzishni taklif qilgan.

Eron prezidenti bayonoti

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon Tehronda vazirlar mahkamasi oldida chiqish qilar ekan, Eron har qanday hujumga javob qaytarishi, biroq bu javobning darajasi agar Isroil mintaqadagi agressiyani bas qilsa va sulh tuzishga rozi bo‘lsa o‘zgarishi mumkinligini ta’kidladi.

Pizishkiyon AQSh va Yevropa yetakchilari HAMAS yetakchisi Ismoil Haniyaning Tehronda o‘ldirilishiga javoban Eron javob zarbasi bermasa G‘azoda tinchlik o‘rnatilishini va’da qilishganini eslatib o‘tgan.

«Aynan sionistik rejim yangi hukumatimizning ilk ish kunida Haniyaga suiqasd uyushtirib, urush keltirib chiqarishga urindi. Biz ayrim davlatlarning tavsiyasiga ko‘ra, tinchlik o‘rnatilishi hamda begunoh bolalar va ayollarning o‘ldirilishi bas qilinadi degan umidda o‘zimizni tiyib turdik, biroq Isroil o‘z jinoyatlarini yanada avj oldirdi», — degan Pizishkiyon.

AQSh musulmonlari tanlovi

Ertaga AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Xo‘sh, amerikalik musulmonlarning elektoral tanlovi qanday?

So‘nggi so‘rovnomalarning ko‘rsatishicha, Amerikadagi 2,5 mln musulmon saylovchilarning katta qismi Bayden va Harris ma’muriyatining Isroilni qo‘llab-quvvatlayotganidan achchiqlanib, saylovda uchinchi partiyaga ovoz berishi mumkin.

CAIR (Amerika-islomiy munosabatlar kengashi) tomonidan 30-31 oktyabr kunlari 1,5 mingdan ziyod qaydga olingan saylovchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma yashillar partiyasi vakili Jill Stayn 42,3 foiz ovoz bilan yetakchilik qilayotganini ko‘rsatdi.

Musulmon saylovchilarning 41 foizi demokratlar nomzodi Kamala Harrisga ovoz berishga tayyor. Donald Trampni 10 foizga yaqin saylovchilar qo‘llamoqda.

So‘ralganlarning 5 foizi umuman saylovda ishtirok etmoqchi emas va ikkilanayotgan saylovchilar deyarli yo‘q. Shu sababli saylov kuni asosiy shtatlarda amerikalik musulmonlar sezilarli ta’sir o‘tkazishga bel bog‘lashgan.

Harrisning musulmonlarga va’dasi

Demokratlar nomzodi Kamala Harris musulmonlarga G‘azodagi urushni yakunlashni va’da qilmoqda.

«Prezident sifatida men G‘azodagi urush yakunlanishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solaman», — degan Harris Ist-Lansingda o‘tgan miting chog‘ida Michigan shtatidagi 200 minglik arab-musulmon hamjamiyatiga qarata xitob qilib.

«Bu yil G‘azodagi vayrongarchiliklar va o‘limlar miqyosi, shuningdek, Livandagi tinch aholi va ko‘chirilgan odamlar orasidan qurbonlar tufayli juda og‘ir keldi. Vaziyat o‘ta halokatli va men prezident etib saylansam, G‘azodagi urushni tugatishga, garovda ushlab turilganlarni uylariga qaytarishga, G‘azodagi azoblarni tugatishga, Isroilning xavfsizligi ta’minlanishi va Falastin xalqiga erkinlik, xavfsizlik va o‘z taqdirini o‘zi hal qilish huquqi berilishiga bor kuchimni sarflayman», — degan Harris gulduros qarsaklar ostida.

Saylovga bir kun qolganda jamoatchilik fikri 60 yoshli Harris va 78 yoshli Tramp borasida teng ikkiga bo‘lingan. Harris ko‘proq ayol elektorat qo‘lloviga ega bo‘layotgan bo‘lsa, Tramp ispan tilli saylovchilar, ayniqsa erkaklar o‘rtasida pozitsiyasini mustahkamlagan.

Tramp mag‘lubiyatga tayyor emas

Saylovga ikki kun qolganda Donald Tramp yana eski ginalarni esga oldi va 2020 yilda saylovda mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng Oq uyni tark etmasligim kerak edi, dedi. Ikkilanuvchi shtat Pensilvaniyada bu bayonotni berar ekan, u o‘zining o‘tgan saylov kampaniyasidan noroziligini ta’kidlab o‘tdi va bu saylovdan so‘ng AQShda fuqarolik kelishmovchiligi xavfini oshirishi mumkin.

Mitingda Tramp o‘zining asosiy saylovoldi masalalariga to‘xtalgan va ko‘p o‘tmay “eski plastinkasi”ni ishga solgan — 2020 yilgi saylovlarni eslab, demokratlarni “iblislar” deb atagan.

«Men lavozimni tark etayotganimda bizning chegaralarimiz dunyodagi eng xavfsiz chegaralar edi”, degan Tramp o‘zining ketishi xato bo‘lganini ta’kidlab. 2020 yilda u hattoki Oq uyni tark etmaslik imkoniyatini ko‘rib chiqqanini aytgan. Bu uning natijalarini tan olmasdan, konstitutsiyani buzishga tayyor bo‘lganiga ishora qiladi.

Sobiq prezident allaqachon rad etilgan saylovdagi soxtalashtirishlar nazariyasini yana tilga olgan va demokratlarni natijalar bilan manipulyatsiya qilishda ayblagan.

Tramp o‘zi Harrisga katta farq bilan yutqazayotganini ko‘rsatib bergan Ayovadagi so‘rovnomalarni ham tanqid ostiga olgan.

«Bu nomzodni sun’iy bosib qo‘yish deb ataladi va bu noqonuniy deb topilishi kerak», — degan siyosatchi. Uning qo‘shimcha qilishicha, o‘z jamoasi ichki so‘rovnomalarga qaramasdan, g‘alaba qozonishga ishonchi komil. Tramp ikkilanuvchi yettita shtatdan beshtasida yetakchilik qilayotganini aytgan.

Ko‘proq yangiliklar: