O‘zbekiston boks federatsiyasi Umar Kremlyov rahbarligidagi IBA’ni tark etib, World Boxing xalqaro boks tashkiloti a’zoligiga qabul qilindi. Bu haqda tashkilot rasmiy sayti xabar qilgan.
World Boxing O‘zbekistondan tashqari, Qozog‘iston, Gvatemala va Laosning a’zolik arizasini qabul qilgan va shu tariqa, tashkilotga a’zo milliy federatsiyalar soni 55 taga yetgan.
3 noyabr kuni AQShning Kolorado shtati Pueblo shahrida jahon boks federatsiyasining yil yakunlariga bag‘ishlangan kongressida O‘zbekiston va yana uch mamlakat tashkilot a’zosiga aylangani e’lon qilingan.
«O‘zbekiston va Qozog‘iston singari yetakchi boks mamlakatlari World Boxing a’zosiga aylangani ulkan voqelik bo‘lib, Osiyoda hali 13 ta a’zo mamlakatga ega yangi tashkil etilgan xalqaro federatsiyaning qit’adagi o‘rnini sezilarli darajada oshirdi», - deyiladi bayonotda.
Tashkilot xabarida O‘zbekiston so‘nggi Parij Olimpiadasi boks bahslarida 5 ta oldin medal bilan jamoaviy reytingda birinchi o‘rinni egallagani e’tirof etilgan.
O‘zbekiston boks federatsiyasi ushbu ma’lumotni hali rasman tasdiqlamadi.
Eslatib o‘tamiz, Parij-2024 Olimpiadasidan oldin Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Xalqaro boks assotsiatsiyasiga (IBA) a’zo bo‘lgan milliy federatsiyalar sportchilariga 2028 yilgi yozgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishni taqiqlagandi.
«Boks 2028 yilgi Olimpiada o‘yinlarining sport dasturiga kiritilmagan. XOQ boks bo‘yicha bunday olimpiya musobaqasini boshqa o‘tkaza olmasligini ma’lum qildi. Buni bartaraf qilish uchun Olimpiada boksi ishonchli va yaxshi boshqariladigan xalqaro federatsiya tomonidan tashkil qilinishi kerak. Milliy federatsiyasi IBA a’zosi bo‘lgan har qanday bokschi 2028 yilgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok eta olmaydi. MOQ ishonchli hamkor tashkilotisiz boksni Olimpiya o‘yinlarida tashkil etmaydi. Milliy federatsiyalar ularning bokschilari Olimpiya medaliga ega chiqishni istasa, unda ishonchli, barcha talabga javob bera oladigan, yaxshi boshqaruvga ega xalqaro federatsiya atrofida birlashishsin», - degandi MOQ prezidenti Tomas Bax.
Ma’lumot uchun, Parij-2024 boks bahslarida yetakchi bo‘lgan O‘zbekiston va yana bir qator mamlakatlar ushbu tashkilot a’zosi sanalardi. XOQ qarori esa O‘zbekiston boks federatsiyasini bu boradagi qiyin tanlov oldida qoldirdi va yakunda O‘BF World Boxing a’zosi bo‘lishni tanladi.