YeI Euroclear'ga Rossiya aktivlaridan foydalanishga ruxsat berishi mumkin

Jahon 08:43 / 01.11.2024 1165

Yevrokomissiya Euroclear depozitariysiga Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan G7'ning Ukrainaga kreditini Moskvaning ehtimoliy javobidan himoya qilish uchun foydalanishiga ruxsat berish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda 31 oktyabr, payshanba kuni Politico nashri ism-shariflari oshkor etilmagan uch amaldorga tayanib xabar berdi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbus Moskva Ukrainada boshlagan urush tufayli joriy etilgan sanksiyalar natijasida muzlatilgan Rossiya aktivlarini saqlaydigan Euroclear'dagi ehtimoliy yo‘qotishlarni qoplash uchun oxirgi chora sifatida ko‘rilmoqda. Ushbu chora tarafdorlarining ta’kidlashicha, u ilgari tasdiqlangan ko‘p tomonlama sxemani «mustahkamlaydi», ya’ni muzlatilgan Rossiya aktivlaridagi 200 milliard yevroga yaqin mablag‘ni Ukrainaga berilgan 45 milliard yevrolik kreditni qaytarish uchun ishlatishni nazarda tutadi.

Siluanov: RF muzlatilgan aktivlardan foydalanish bo‘yicha G‘arbga javob qaytarishga tayyor

Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov Yevropa davlatlarida muzlatilgan Rossiya aktivlaridan olingan daromadlardan foydalanish borasida G‘arbga bir xil javob qaytarilishiga va’da berdi.

«Agar G‘arb davlatlari Rossiya Federatsiyasining muzlatilgan oltin-valuta zaxiralaridan tushgan daromaddan foydalana boshlasa, biz ham xuddi shunday qilamiz. Biz do‘st bo‘lmagan kompaniyalar va tashkilotlarning pullarini muzlatib qo‘ydik. Shuningdek, biz bu pulni o‘z hisobimizda saqlaymiz va ushbu aktivlardan, ushbu resurslardan foydalanishdan olingan daromadlarni xuddi shunday tarzda ishlatamiz. Ularni iqtisodiyot ehtiyojlariga, Rossiya Federatsiyasi sub’yektlarining ehtiyojlariga yo‘naltiramiz», — dedi Siluanov «Rossiya-24» telekanaliga bergan izohida.

«Aytishim mumkinki, bunday qarorlar allaqachon amalga oshirilmoqda», — deya qo‘shimcha qildi u.

Avvalroq AQSh moliya vaziri Janet Yyellen Ukraina Moliya vazirligi rahbari Sergey Marchenko bilan kelishuv imzolash marosimida G7 Ukrainaga joriy yil oxirigacha 50 milliard dollar kredit ajratish majburiyatini olganini aytgan edi. AQSh esa bu davlatga 20 milliard dollar ajratmoqchi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qarzlarni muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlari hisobidan to‘lash rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: