Sport kurashlari. Sadullayev – 6 karra jahon chempioni, O‘zbekiston JChni medalsiz yakunladi

Sport 23:10 / 01.11.2024 5930

O‘zbekiston turnirni medalsiz yakunladi

Sport kurashlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi Albaniyadagi noolimpiya vazn toifalaridagi jahon chempionatida ishtirokini erta yakunladi. Afsuski, mazkur turnir atletlarimiz uchun ko‘ngildagidek o‘tmadi.

2 nafar yunon-rum kurashchimiz Abdullo Aliyev (-72 kg) hamda Jalgasbay Berdimuratov (-82 kg) bronza medali uchun o‘tish bosqichida imkoniyatni boy berishgan bo‘lsa, erkin kurashchimiz Mirzo Hayitov (-79 kg) ikkinchi bosqichida mag‘lubiyatga uchradi. Shu tariqa, vakillarimiz turnirni medalsiz yakunlashdi.

Rekordchi Abdulrashiddan 6-chempionlik

Erkin kurash bahslari rossiyalik taniqli kurashchi Abdulrashid Sadullayevning 6-chempionligi bilan yodda qoldi. 92 kilogramgacha bo‘lgan vazn toifasida ishtirok etgan Sadullayev barcha raqiblarini mag‘lub etishga erishdi. E’tiborlisi, u bu vazn toifasida ishtirok etishi haqida sentabr oyida bilgach, bir yarim oy ichida 98 kgdan 92 kggacha vazn tashlashga erishdi. Shunga qaramay, Abdulrashid Tiranada ajoyib natijani qayd etdi. U finalda JCh-2022 bronza medali sohibi gruziyalik Mirian Maysuradzega qarshi gilamga chiqib, raqibiga imkoniyat (6:0) qoldirmay, oltin medalga ega chiqdi.

Shu tariqa, Sadullayev erkin kurash tarixida uchta turli vazn toifasida jahon va Yevropa chempioniga aylangan ilk sportchiga aylanib, rekord qayd etdi. Dog‘istonlik kurashchi bungacha -92 kgdan tashqari, -86 va -97 kg vazn toifasida ham chempionlikni qo‘lga kiritgandi.

«Har bir qiyinchilik ortidan bir yengillik keladi. Uch yillik tanaffusdan keyin shohsupaga qaytganimdan xursandman. Bu mening oltinchi oltinim. Yaratganga behisob shukur. Bu g‘alaba bilan faoliyatimdagi o‘ta og‘ir yilga yakun yasadik. Shaxsan men uchun Tiranadagi bu oltin – Olimpiadalardagi ikkita oltinim bilan teng», - deya yozadi Sadullayev.

Umumjamoa hisobi: Yaponiya – peshqadam, Ozarboyjon va Qozog‘iston uchlikda

Erkin kurash, yunon-rum kurash va ayollar o‘rtasidagi bahslar yakuniga ko‘ra, Yaponiya jami 6ta medal – 4ta oltin, kumush va bronza bilan umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi. Ozarboyjon esa 3ta oltin bilan 2-o‘rinni band etgan bo‘lsa, Qozog‘iston 1 oltin va 2ta kumush bilan uchlikdan joy olgan.

Shuningdek, Gruziya, Eron, Xitoy, Fransiya, Mo‘g‘o‘liston, Ruminiya va Turkiya o‘nlikdan joy oldi.

Ko‘proq yangiliklar: