O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi texnikasi Pokiston fermerlariga yetkazib beriladi

O‘zbekiston 08:52 / 01.11.2024 1248

O‘zbekiston delegatsiyasining Ravalpindi shahriga safari davomida biznes doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum tashkil etildi. Forumda tomonlar farmatsevtika, tekstil, qishloq xo‘jaligi, kimyo va qurilish materiallari sohalarida sheriklikni kuchaytirish yuzasidan kelishib olishdi.

Iqtisodiy tadbir yakunida tadbirkorlar o‘rtasida savdo shartnomalari hamda O‘zbekiston Savdo sanoat palatasi va Ravalpindi Savdo sanoat palatasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Safar doirasida Islomobod Savdo sanoat palatasi ko‘magida O‘zbekiston-Pokiston biznes-forumi  o‘tkazildi. Unda turizm, energetika, kimyo, zargarlik, axborot texnologiyalar yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro savdoni kengaytirish bilan bog‘lik muhim kelishuvlarga erishildi.

Palata raisi Nasir Kureshi Pokiston fuqarolari uchun viza rejimi yengillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. U mamlakatlar o‘rtasida turistik oqimini oshirish, Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa qadimiy shaharlarining ziyorat turizmi imkoniyatlarini targ‘ib qilishda Islomobod Savdo sanoat palatasi o‘z hissasini qo‘shishini ta’kidladi.

O‘zbekiston tomoni, shuningdek, Pokistonning Wah Nobel, Nimir Group va Aziya Ariya kompaniyalari rahbarlari bilan muzokara o‘tkazdi. Ularda qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan kimyo mahsulotlarini Pokistonga eksport qilish va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Pokiston oziq-ovqat xavfsizligi vazirining birinchi o‘rinbosari Ali Taxir bilan kechgan uchrashuvda qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik qilish, jumladan paxta urug‘chiligi seleksiyasi yo‘nalishida ilmiy tadqiqot olib borish va tajriba almashish, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi texnikasi va mineral o‘g‘itlarni Pokiston fermerlariga yetkazib berish istiqbollari xususida fikr almashildi.

Oziq-ovqat xavfsizligi vazirligi va "O‘zkimyosanoat" AJ o‘rtasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mineral o‘g‘itlarning Pokistonga eksport hajmini kengaytirish va ushbu mahsulotlarga mavjud talab yuzasidan muntazam ravishda axborot almashish to‘g‘risida kelishib olindi.

O‘zbekiston vakillari Karachi shahrida o‘tkazilgan Texpo ko‘rgazmasida ishtirok etishdi. Ko‘rgazma maydonida O‘zbekiston tekstil va charm-poyabzal mahsulotlari namoyishi o‘tkazildi.

Mamlakat diplomatik missiyasi va O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan tashkil etilgan B2B uchrashuvlari natijasida Pokistonning Diners, Fateh, Nishat, Diamond group kompaniyalari bilan tekstil, charm, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti bo‘yicha 15 million dollarlik savdo shartnomalari tuzildi.

Ko‘proq yangiliklar: