Navoiyda odamlar daromadini ko‘paytirish masalasi ko‘rib chiqildi

O‘zbekiston 12:22 / 01.11.2024 3229

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Davlat rahbari avvalo 27 oktyabrda mamlakatda bo‘lib o‘tgan parlament saylovi borasidagi fikrlarini aytdi.

Qayd etilganidek, ushbu saylov Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirayotgan tub islohotlar samarasini o‘zida yaqqol aks ettirdi, demokratik taraqqiyotimizni yorqin ifodasi sifatida hayotimizda o‘chmas iz qoldirdi.

Prezident ko‘p millatli xalqimizga saylovlarda yuksak siyosiy madaniyat va faollik ko‘rsatib, fuqarolik burchini mas’uliyat bilan ado etgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, xalq vakili degan yuksak maqomga ega bo‘lgan barcha yurtdoshlarni chin qalbdan tabrikladi.

Saylovlar natijasida mamlakatda huquq va vakolatlari sezilarli darajada kuchaygan yangi vakillik organlari tizimi ham shakllangani ta’kidlandi.

«Shu tariqa, mamlakatimiz demokratik taraqqiyotning yangi davriga, sifat jihatidan yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda.

Biz barcha bo‘g‘indagi deputatlarimiz timsolida zimmasidagi mas’uliyatni chuqur anglaydigan, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimizning erkin va farovon hayotini ta’minlash yo‘lida o‘zini ayamasdan tinimsiz harakat qiladigan, bor bilim va tajribasini Vatan ravnaqi uchun safarbar etadigan fidoyi insonlarni tasavvur qilamiz.

Partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlarida fuqarolarimizni orzu-intilishlari, dardu tashvishlari, mavjud muammolarni hal etish yo‘llari o‘z ifodasini topganini alohida ta’kidlash lozim.

Xalqimiz sizlarning yangi g‘oya va tashabbusingizga katta umid va ishonch bilan qaramoqda. El-yurtimiz yangi parlament va mahalliy kengashlar a’zolaridan ko‘p narsani kutmoqda», - dedi prezident.

Davlat rahbari ana shunday sharafli va ezgu vazifalarni ado etishda xalq vakillariga kuch-g‘ayrat, yutuq va omad yor bo‘lishini tiladi.

El-yurtimiz, xususan, Navoiy ahlining ulug‘ ajdodimiz Alisher Navoiy xotirasiga hurmat-ehtiromi cheksiz. 

Buyuk bobomiz nomi bilan ataladigan Navoiy viloyati ma’naviy tarbiya, ma’rifiy yuksalish yo‘lida barchaga o‘rnak va namuna bo‘lishi, ta’bir joiz bo‘lsa, yurtimizning ma’naviy brendiga aylanishi zarurligi ta’kidlandi.

Masalan, 2017 yil Andijon viloyatida «Bobur yili» deb e’lon qilinib, shu asosda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan edi. Prezident mana shunday ijobiy tajribani Navoiy viloyatida ham qo‘llab, yangi – 2025 yilni viloyatda «Alisher Navoiy yili» deb e’lon qilishni taklif qildi.

Bu yil doirasida «Hazrat Navoiyni anglash – o‘zligimizni anglash» mavzusida prezident sovg‘asi uchun respublika tanlovi tashkil etiladi. Har bir mahalla, maktab, oliygohlar va mehnat jamoalarida «Navoiyxonlik kechalari» o‘tkaziladi.

«Yashil makon» loyihasi doirasida viloyatning shahar va tumanlari, qishloqlarida Navoiyga atab yangi bog‘lar, so‘lim xiyobonlar, yashil hududlar tashkil etiladi. 

Quriladigan Yangi O‘zbekiston bog‘ida Alisher Navoiyga bag‘ishlab memorial muzey tashkil etiladi.

Yig‘ilishda asosiy masala – Navoiy viloyati iqtisodiyotini o‘stirish, investitsiya, eksport va pirovardida, odamlar daromadini ko‘paytirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

Viloyat respublikaning qoq markazida joylashgan, boy tabiiy resurslar, yetarli infratuzilma va inson salohiyatiga ega hudud. 

So‘nggi uch yilda navoiylik yoshlar oliygohga kirish bo‘yicha 1-o‘rinni egallab kelmoqda. Bog‘cha qamrovi 85 foizga yetib, respublikada 2-o‘ringa chiqdi. 

Xalqimiz qazilma boyliklarining 20 foizi Navoiy zaminida. Viloyatda har yili 100 trillion so‘mdan ortiq sanoat mahsuloti yaratilmoqda. Hozirda viloyatda 15 milliard kilovatt soat elektr energiyasi chiqarilayapti, yana 5,2 gigavattli shamol va quyosh stansiyalari ishga tushish arafasida.

Mamlakatimizning eng muhim transport arteriyalarining 16 foizi Navoiy hududidan o‘tgan. O‘tgan hafta Qoraqalpog‘istonda 240 kilometrli «Qo‘ng‘irot-Beynov» yangi yo‘li foydalanishga topshirildi.  Bu ham Navoiyning logistika markazi sifatidagi ahamiyatini yanada oshiradi.

Ushbu ulkan salohiyatdan viloyat hokimi, uning 8 nafar o‘rinbosari, 11 nafar shahar-tuman hokimi unumli foydalanishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishga ulangan boshqa viloyatlar mutasaddilari ham bugungi tahlillar va topshiriqlardan aniq xulosa qilib, Navoiy misolida o‘z rejalarini tuzishi zarurligi qayd etildi.

Viloyatga 3,7 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelib, 600 ta yangi korxonani ishga tushirish, 15-20 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish vazifasi qo‘yildi. 

Chuqur geologik tahlillar asosida yangi konlarni tayyor loyiha paketi bilan tadbirkor-investorlarga taklif qilish zarur. 

Uch yil davomida yiliga 350 ming gektar yaylovga yangi texnologiya asosida urug‘ va ko‘chat ekish tashkil qilinib, 50 ming aholiga meva-sabzavot, bog‘ va chorva uchun bo‘lib beriladi. 100 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurish rejalashtirilgan.

Kambag‘allikni qisqartirish, migratsiyani yangi tizimi va 4 ta tuman tajribasi hisobidan yana 140 ming aholi bandligini ta’minlash, 16 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan.

So‘nggi yetti yilda Navoiyda 8 milliard dollarlik 6,5 mingta loyiha ishga tushib, 27 trillion so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratildi. 

Viloyatdagi tadbirkorlar soni 3 karra ko‘paydi. Ularning sa’y-harakati bilan o‘tgan yetti yilda 1 milliard dollarlik eksport bo‘ldi. Bu yil ham viloyatda 2,2 milliard dollarlik 577 ta loyiha ishga tushib, 10 mingta yuqori daromadli ish o‘rni paydo bo‘ladi.

O‘tgan davrda Navoiy iqtisodiyoti to‘qqizinchi o‘rindan uchinchi o‘ringa chiqib, 82 trillion so‘mga yetdi. Bunaqasi Navoiy tarixida bo‘lmagan.

Shu bilan birga viloyat hokimligi hozirgi ko‘rsatkichlarni bir necha karra oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. 

Masalan, viloyatda kaolin, fosforit, granit, marmar, kvars qumlari kabi xomashyo zaxiralari bo‘lgan yana 100 ta kon va uchastkalarni tadbirkorlarga taklif qilish mumkin. 

Bu ishlar ko‘lamini kengaytirish uchun geologiyada yangi tizim bo‘ladi. Barcha strategik resursli konlar halqaro baholashdan o‘tadi. Buning uchun tajribali xalqaro kompaniyalar jalb qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: