Moldova KS YeIga integratsiya bo‘yicha referendum natijalarini ma’qulladi

Jahon 08:35 / 01.11.2024 1263

Moldova Konstitutsiyaviy sudi (KS) 31 oktyabr, payshanba kuni mamlakatning Yevropa integratsiyasi bo‘yicha o‘tkazilgan referendum natijalarini ma’qulladi. Referendum 20 oktyabr kuni prezidentlik saylovlari bilan bir vaqtda bo‘lib o‘tdi. Fuqarolar quyidagi savolga javob berishlari kerak edi: «Siz Moldova Respublikasining Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi uchun Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlarni qo‘llab-quvvatlaysizmi?».

MSK ma’lumotlariga ko‘ra, referendumda saylovchilarning 50,72 foizi qatnashgan. 1 million 532 ming 264 nafar saylovchi byulleten oldi, ovoz berishda 1 million 531 ming 392 nafar saylovchi ishtirok etdi. 1 million 488 ming 874 nafar saylov byulletenlari yaroqli deb topildi. Ulardan 749 ming 719 nafari (50,35 foizi) Yevropa integratsiyasi to‘g‘risidagi qoidani qo‘llashni yoqlab, 739 ming 155 nafari (49,65 foiz) qarshi ovoz berdi. Natijada Yevropa integratsiyasi tarafdorlari bir foizdan kamroq farq bilan g‘alaba qozondi.

Referendumdan so‘ng Moldova Respublikasi Kommunistlar partiyasi (MRKP) respublika Oliy sudida o‘z natijalariga e’tiroz bildirdi. MRKP a’zolari ovozlarni qayta sanashni talab qilishdi. Murojaat ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi, biroq Konstitutsiyaviy sud partiyani jarayon ishtirokchisi deb hisoblashni rad etdi. Natijalarni boshqa muxolif kuchlar, jumladan Moldova sotsialistlar partiyasi ham tan olmadi.

AQSh RFning Moldovadagi saylovlar 2-turiga aralashuvidan xavotirda

Qo‘shma Shtatlar Rossiya moldovaliklarning o‘z rahbarlarini tanlashdagi suveren huquqidan foydalanishiga yana to‘sqinlik qilishga urinib ko‘rishidan xavotirda. Bu haqda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Moldovada prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi arafasida ma’lum qildi. Uning 22 oktyabr kuni aytgan so‘zlarini Davlat departamenti matbuot xizmati keltirdi.

«Rossiya Moldovada saylovlar va referendumni buzish va demokratiyaga putur yetkazish uchun hamma narsani qildi, shu jumladan noqonuniy moliyalashtirish va ovozlarni sotib olish, dezinformatsiya va zararli kiberhujumlar orqali», dedi Amerika diplomatiyasi rahbari bu mamlakatda 20 oktyabrda bo‘lib o‘tgan ovoz berish haqida. O‘sha kuni prezidentlik saylovlari va Kishinyovning Yevropa integratsiyasi yo‘nalishini konstitutsiyaviy mustahkamlash bo‘yicha referendum o‘tkazildi.

Ko‘proq yangiliklar: